Qaytish yo‘q

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Qaytish yo‘q  (1919) 
by Abdulhamid Choʻlpon

(Boshdan o‘tkanlarimdan)

Fevral inqilobi o‘tining tutantirug‘lari o‘choqqa keltirilub qo‘yilg‘an bo‘lsa-da, go‘girt hali chaqilgani yo‘q edi. Petrograd mehnatkashi ul vaqtda – shul o‘choqqa o‘t tutantirishni o‘z bo‘yniga olub, niyatni mahkamlagan bo‘lsa-da, hali go‘girtni toba olgani yo‘q edi.

Hali Fevral inqilobina, chamamda, bir oydan ortiqroq vaqt bor edi.

Turkiston va turkistonliklarning boshiga “balo” yog‘murlari, “qazo” sellari yog‘dirub ketkan qora bulutlar hali ko‘zdan yo‘qolmagan, ko‘kmak siyosat osmonining ul… nari chekkasida o‘zining devga o‘xshagan xunuk chehrasi bilan ko‘runub turar edi…

Ul bulutlarning “hokimi mutlaqi” bo‘lg‘on Nikolayning bugun “qariyai shohona” (podshoh qishloqchasi Sarskoye selo)ning xayoliy to‘qay (o‘rmon)lari ichina eski hikoyalarda aytiladurg‘an sari saroylarga o‘xshatub soling‘an go‘shakining, boqcha tarafdagi ayvonida “muboriy Rasputin”ning “muqaddas xayoli” bilan xayollanub o‘lturg‘an ertaga “uzun mo‘ylov boboy” bilan birga Pskof yo‘lida ketub borg‘an shohona vagonning oynagi oldida o‘lturub, qo‘rqa-qo‘rqa tashqariga qaragan vaqtlari edi…

Ul hali bir oydan keyin bo‘ladurgan “(h)angama”larni o‘ylamas, hamon, hamon… shu saltanat, shu kayf, shu safo bilan umr o‘tkazishligiga ishonar edi. “Trudovik” Kerenskiy ham hali grammofun lappagiday charchamas og‘zini ochmagan, shamol vaqtida bir to‘qtamay aylanadurgan pildiroqday tilini ham kaldiratishga boshlamagan edi… Onasining qornida ekan, “Chin rus ittifoqi” a’zoligina yozilub, ajal farishtasindan monarxistlikka qog‘oz olgan “hurmatli” Purishkevich-da o‘zi mansub bo‘lgan “Ittifoqi muqaddas va muborak”ning 1917 nchi yilda qiladurgon harakat va faoliyatinda yo‘llar izlamak, loyihalar tuzulmak ila mashg‘ul edi. Karaulof-da joyidan turub jur’at bilan baqirmagan, Chexaidze bilan Chexankali ham hali tribuna (kursii xitobat)da olinadigon vaziyat haqinda hech narsa o‘ylamaganlar edi.

Bukungi kunda mehnatkash inqilobining mutashakkil dushmani bo‘lgan Rodzanko-da ul vaqtda hali tez vaqtda “Muvaqqat qo‘mita” raisi bo‘lub butun Rusiyaga bir necha kun hokim bo‘lishlikni emas, dumada qo‘ng‘iroq chalavurub qo‘li tolishligini ham o‘ylagani yo‘q edi… Hurmatli o‘rtoq Lenin hali Ovrupoda Marks nazariyasining asoslarini ontar-to‘ntar qilish bilan mashg‘ul; bir kun kelub uning inqilobi yo‘linda rahbar bo‘lturgoni Rusiya mehnatkashining quvvatlik bo‘lgon inqilobi hiddatining yaqinday-la mavj urub, pishqirub ketishligini balki xotiriga ham keltirgani yo‘q edi… Bilmadim, birodar Trotskiy o‘zining otashli qalbini, o‘rtoq Zinovyef bilan Isverdloflar o‘zlarining mahkam matonatlarini qayda, qaysi burchakda saqlab turgon edilar ekan?.. Inqilobning juda chaplashib ketishindan qo‘rqub Sibir hukumatining quchog‘ina sig‘ingan qora “admiral” Kolchak tarafindan – bir dahor Rusiyaning ichki ishlarini aralashmaydurgan qilinub – Ovrupoga “uzatilgan” Ovksentyef, bilmadim, qayerda edi?..

Rusiyaning bugungi “Mahdi”si bo‘lgon Kolchak to‘ram Qora dengiz bo‘ylarinda botirilgan turk urush kemasi “Majidiya”ning mazori ustinda ko‘krak kerub tengiz zobitlarina zafar xitoblari so‘zlamakda edi… Denikin to‘ram ulug‘ Ovrupo urushining quloch yetmas maydonlarinda, Yudenich ham shul maydonlarning bir chekkasinda Turkistondan kelgan “sort” rabochilarini bir marotaba ko‘zdan o‘tkazub, xandaq kavlatmak uchun urushning oldingi saflariga yuborgan edi… Bizning “Kaklik to‘ra”miz esa, bukungi “Oq uy” (Белый дом)ning o‘rtasindagi qishliq boqchasinda o‘lturub Jizzax “qahramoni” polkovnik Ivanofning Farg‘onada qilgan faoliyat harakatlarini 5-6 varaqlik “axborot” (донесоние)lardan o‘qub bilub, uning chinini (martabasini) yana bir pog‘ona oshirishni so‘rab “zoti shohona” (Nikolay)ga murojaat etmoqchi edi… Xayr, ul shu kunlarda “mardikor isyoni”ga aralashkanliklari uchun harbiy mahkama tarafidan o‘lim jazosina hukm etilgan bir necha “osiy sortlar”ning ham gunohini “marhamat qilub” ozroq kechub, “o‘lim jazosi” degan hukmning 20 yillik Sibir bilan almashdirgan edi… Uning quloqlaridan o‘zining Toshkand shahar dumasida, Andijonda maorif noziri (inspektur) Kuznetsufga qarshi sortlarni maqtab so‘zlagan nutqi va ul nutqdan keyin urulgan qarsaklarning ovozi ham yo‘q bo‘lmagan, xayol ko‘zi esa, ul nutq munosabati ila “o‘lka boshlig‘i” (начальник края)ni juda maqtab yozgan “Elonura Deksun”ning maqolasini hali ham ajoyib shodlik bilan ko‘rib turmoqda edi… Polkovnik Ivanof ham Farg‘onada o‘z faoliyatini ijro qilmoqda davom eta edi…

Xulosa, hamma narsa o‘sha “eski, go‘zal, rohat” vaqtlarning qonunlari ila sekin-sekin aylanmakda edi…

O‘sha vaqtda, o‘sha istibdod idorasining eng shiddatlik vaqtlarida chapligi bilan shuhrat chiqargan bir gazeta idorasida hay’ati tahririya a’zosi sinfi ila men ham xizmat etar edim. Shu gazetani chiqarub, boshqarub turgon kishilar va shular orasinda men ham ul vaqtdagi hukumatning teskari nazarini qilgan edik. Gazeta idorasindan chiqub Nikolay ko‘chasi (hozirgi Kerenskiy) bo‘ylab uyga qaytganimizda yoki matba’aga borganimizda magazinlar oldidagi iskameykalarga gulday bo‘lushub chizilishub o‘lturgon er va xotunlar bizga qarashub allanima deb bijirlashar, so‘ylasharlar, bir-birlariga imo va ishorat qilishurlar edi. Ul vaqtning muhofizlari bo‘lgan o‘g‘ri polisalar bizga shubhalik nazar bilan xo‘mrayib-xo‘mrayib qararlar, qo‘llarindan kelsa, allanima qilgunday bir chehra ko‘rsaturlar edi…

Shul vaqtda biz, bizning sheriklar ul vaqtda “chaplik” atalgan fikrimizni tarqatish yo‘linda davom etmakda edik.

Bir kun idorada zarur ish bo‘lganligi uchun (musulmoncha gazeta chiqarish xususinda) kechka qoldim. Men idoradan chiqg‘an vaqtda kechasi soat bir yarimdan o‘tkan edi. Chiqdim: ko‘chadan jon asari yo‘q… Jim-jit… Shu damda shirin uyquda yotkan odamlar bilan birga go‘yo butun koinot, butun borliq uxlar edi… Atrofimga yaxshilab qaradim, mendan boshqa jon asari yo‘q edi. Yolg‘iz yiroqda, yiroqda musofirxona (numera) oldinda o‘zining nurlarini chachub turgan elektrik fonarinda bir xil qaltirash, titrash sezilar edi. Tun qorong‘u… Ko‘chalar loy… Ko‘ngilsiz…

Siyosiy havo undan ham qorong‘u, undan ham ko‘ngilsiz; ko‘ngilsizlik bilan ilgari (h)atladim. Qiyin bo‘ldi. Loyning eng yopishqoq yerlaridan yurushka to‘g‘ri keldi. Shu holda uyga qanday qilub loyga botmay bora olaman? Miyamda bu savol bo‘lgani holda o‘zim hamon oyoqlarimni chaplanib bosub ilgari (h)atlar edim. Bir ko‘cha o‘tkandan keyin burchakda bir foytun ko‘rdim; foytun egasi (извушник) arba ichinda uxlar, otlar ham boshlarini pastga egub uxlarlar edi… Yaqin bordim. Bir oz qarab turdim, qattig‘ uxlagan ekan, uyg‘onmadi. Yana yaqinroq borub: “Birodar!.. Turung!..”, dedim. Yana uyg‘onmadi. Yana qattiqroq aytdim: “Ho‘y, birodar!”. Sekingina boshini ko‘tarub: “Nima?” dedi.

  • Meni olub borub qo‘ying.
  • Qayerga?
  • zovudiga.
  • Bir yarim so‘m berasiz-da.
  • Xo‘b…

Bir (h)atlab foytun egari (козла)ga chiqdi.

  • Chu!.. ketdik!

Indamay otni haydab ul boradi, ba’zan-ba’zan loy chachratib otlar boradilar,

qorong‘i o‘ylar o‘ylab men boraman… Bir oz borgan edik, ro‘baro‘mizdan bir polisa ma’muri (полицейский) chiqdi:

  • To‘qta, izvushnik!..
  • Odam bor! (занят).

Foytunchi yura berdi…

  • To‘qta, deyman!..
  • Zanyat, afandim!..
  • To‘qta, yaramas (негодяй), to‘qta, dedim.

To‘qtadik. Ma’mur afandi keldi-da, menga qarab:

  • Siz kim?
  • Bir odam.
  • Qanday odam?
  • To‘g‘ri bir odam!
  • Qanday odam? – deb achchig‘landi ma’mur.
  • Achchig‘ingiz kelmasin, afandim. Bir fuqaro…
  • Hukumat odam emas?
  • Yo‘q.
  • Tushingiz foytundan!
  • Na uchun?
  • Chinovnik osobix porucheniy…ga kerak.
  • Menga ham kerak!
  • Tushing, boshqa gap!..

Yetalab tushirub qo‘ydi, o‘zi foytunga o‘lturub ketdi, men qotub qodim…

Kerenskiy vaqti…

***

Hurriyat, adolat, musovot, uhuvvat shiorlari…

Bir kitobchamni bosdurmoq uchun Xo‘qandga borishga deb poyezdga

chiqdim. Poyezd ketishiga juda yaqin qoldi. Zo‘rg‘a bilet olub ulgurdim, vagonga chiqdim. 3 inchi klassda xalq yaxshi bosh olgan jo‘gariday liq to‘lgon, tikka turub ketishga ham mumkin bo‘lmadi… Poyezd qo‘zg‘alganda yugurub 2-ga o‘tdim. Unda ham odam ko‘b. Lokin unchamas. Yiqilub, qisilub bir xonaga kirdim. 9 kishi musulmonlar bor edi, meni qabul etdilar; 10 bo‘ldik… Boshqa xonalarin ovrupoli “burjuylar” 6-7, ba’zilarida 5 kishi ichdan bekitub olganlar, hech kim kirgizilmaydi. Bir xonada(n) bir tarafka semiz chinovnik cho‘zilub yotub, yonidagi kichkina bir “oyim”ga hadeb Kornilufni yomonlab, musovot va hurriyatni maqtab ketayapti…

Bir vaqtda – 2 kishi keldi, birisi ofisar, birisi temiryo‘l chinovnigi. Xonalarni qarab yurub bizning xonaga kelgan ofisar: – Muna munda yerlilar o‘tiradilar, – dedi.

  • Davay!
  • Davay!

Bizning xonaga kelub chinovnik:

  • Xonani bo‘shatingiz grajdanlar!
  • Xo‘sh, nimaga?
  • Zobitlar xay’ati (офицерский состав) uchun band.
  • Yo‘q, biz ham bilet olgan.
  • Ozmisiz bilet olgansiz (мало что ли!).

Ofitsar g‘azablandi:

  • Chiqingiz, grajdanlar! Gʻalvani keragi yo‘q…
  • Boshqa xonalar-chi?
  • Siz boshqa xonalarga bo‘ling, bu xona numerlik va faqat (o‘zini ko‘rsatub) bizning uchun band!..
  • Yo‘q, siz bizga joy topub beringiz!
  • Xo‘p, topub beramiz! – dedilar. Chiqdik. 4 ofisar kelub yerlashdi. Eshikni ichdan bekitib oldilar.

Ma’mur borub bizni hamma xonaga joylashdiraman deb ko‘rdi, ovrupoli qardoshlar unamadilar.

Bo‘ldi janjal, bo‘ldi janjal…

2-3 istansa o‘tdi. Undan keyin ma’mur ham tushub ketdi, joy ham bo‘lmadi… Biz karidоrda tikka turub ketdik…

Ko‘nglim shu narsalarni o‘ylaganda aytdi:

  • Eski zamonga qaytish yo‘q!

Abdulhamid Sulaymon

«Bir kunlik kambag‘allar gazetasi» 1919-yil 7-noyabr.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse