Qaysi falak burjining mehri puranvorisen...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Qaysi falak burjining mehri puranvorisen...
by Komil Xorazmiy

Qaysi falak burjining mehri puranvorisen?
Qaysi sadaf durjining gavhari shahvorisen?
Qaysi Xo‘tan ohusi, nofayi totorisen,
Qaysi chamanzorning lolav-u gulnorisen?
So‘yla mango, ey sanam, kimni sevar yorisen?

Qomatinga bandadur bog‘ aro sarvi ravon,
La’li labing rashkidin g‘uncha erur bag‘ri qon.
Chunki chaman sahnida bo‘lsa yuzing gulfishon,
Nolasin aylar fuzun bulbuli bexonumon,
So‘yla mango, ey sanam, kimni sevar yorisen?

Yig‘latur oshiqlaring la’li labing xandasi,
To‘bi-yu shamshod erur sarv qading bandasi.
Husn-u jamol avjining mehri duraxshandasi
Ko‘rsa mahi orazing, bo‘lg‘usi sharmandasi,
So‘yla mango, ey sanam, kimni sevar yorisen?

Ey, yuzi husn-u jamol bog‘ining ahmar guli,
Jon ila ko‘nglum erur ushbu guling bulbuli.
Qumriyi nolon erur sarv qadingning quli,
Yo‘q esa nechun oning bo‘ynida bordur g‘uli.
So‘yla mango, ey sanam, kimni sevar yorisen?

Sen kibi bir dilbare gulruh-u siymin badan,
Vaqti takallum aro to‘tiyi shakkar suxan.
Majlis aro aylasang shu’badayi la’b fan,
Vola o‘lurlar sango ahli zamon-u zaman,
So‘yla mango, ey sanam, kimni sevar yorisen?

Aysh-u nashot istabon g‘amg‘a duchor o‘lmag‘on,
Mehringga dil bastayi zor-u nizor o‘lmag‘on.
La’li labing shahdig‘a bormu xumor o‘lmag‘on,
Dahr aro yo‘qtur sanga oshiqi zor o‘lmag‘on,
So‘yla mango, ey sanam, kimni sevar yorisen?

Bir kecha aylab mango mehr-u muhabbat ayon,
Hamrah-u yo‘ldoshsiz borcha ulusdin nihon.
Kulbayi ahzonima bo‘lsang agar mehmon,
Komili mahzuningga rostini etg‘il bayon,
So‘yla mango, ey sanam, kimni sevar yorisen?

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse