Qat’i nazar qilding, jono, na bo‘ldi...
Qat’i nazar qilding, jono, na bo‘ldi,
Kelur erding so‘rab goho, na bo‘ldi.
Mahzuningga boqmay aslo, na bo‘ldi,
Bir demading holing mango, na bo‘ldi.
Gul yuzingsiz ishim doim fig‘onlar,
La’ling xayolida dil bo‘ldi qonlar,
Dilda qoldi ko‘rmay yuzing armonlar,
Hosil qilsang bir muddao, na bo‘ldi.
Ey latofat gulzorining gulnori,
V-ey, mahliqolarning ko‘zi xummori,
Hech so‘rmading ahvolimni bir bori,
Ey sultoni mulki vafo, na bo‘ldi.
Bir kulib boqishda devona qilding,
Yuzingga nargisdek hayrona qilding,
Oxirda meni sen begona qilding,
Shundog‘mudi ahdu vafo, na bo‘ldi.
Oshuftahol o‘ldum ko‘rmay jamoling,
Xayolimdin nari ketmas xayoling,
Aslo eshitmadim shirin maqoling,
Yondoshmading qilib parvo, na bo‘ldi.
Cheksam nogah ko‘kka yetar fig‘onim,
Hajring tortib qoldi ramaqda jonim,
Aytay desam sengo sirri nigohim,
Duch kelmading menga tanho, na bo‘ldi.
Ey Shavkatning ko‘zin oqu qarosi,
Bedavo dardining sensan davosi,
Ayo nozik adolarning sarosi,
Bemoringga boqsang qiyo, na bo‘ldi.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|