Qaro ko‘zum...
Appearance
Qaro ko‘zum, kel-u, mardumliq emdi fan qilg‘il,
Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.
Yuzung guliga ko‘ngul ravzasin yasa gulshan,
Qading niholig‘a jon gulshanin chaman qilg‘il.
Takovaringg‘a bag‘ir qonidin hino bog‘la,
Itingg‘a g‘amzada jon rishtasin rasan qilg‘il.
Firoq tog‘ida topilsa, tufroqim, ey charx,
Xamir etib yana ul tog‘da ko‘hkan qilg‘il.
Yuzung visolig‘a yetsun desang ko‘ngullarni,
Sochingni boshtin-ayoq chin ila shikan qilg‘il.
Xazon sipohig‘a, ey bog‘bon, emas mone’,
Bu bog‘ tomida gar ignadin tikan qilg‘il.
Yuzida terni ko‘rub, o‘lsam, ey rafiq, meni
Gulob ila yuv-u, gul bargidin kafan qilg‘il.
Navoiy, anjumane shavqi jon aro tuzsang,
Aning boshoqliq o‘qin sham’i anjuman qilg‘il.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |