Qalandar bo’l, qalandar bo’l

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Qalandar bo’l, qalandar bo’l
by Boborahim Mashrab

Murodingga yetay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l,
Sitam ahlin yutay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

Og’izdin dur sochay desang, sharobi ishq ichay desang,
Yomonlardin qochay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

Fasod ahlin quvay desang, (ketiga) bir uray desang,
Bu dargohdin suray desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

Riyozatsiz bo’lay desang, tanim ozod yuray desang,
Jahonni sayr etay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

Razolat kuyduray desang, zalolat o’lduray desang,
Hamasin supuray desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

Bu taqvodin kechay desang, xonaqohdin qochay desang,
Haqiqatni ochay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

Guharrezlik qilay desang, hamani kulduray desang,
Chu Mashrabdek bo’lay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse