Qalamning toyilishi

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Qalamning toyilishi  (1924) 
by Abdulhamid Choʻlpon
«Farg‘ona» gazetasining 1924 yil 24 noyabr sonida «Mirzo Qalandar» imzosi bilan bosilgan.

(«Mushtum»ga sovg‘a)

Bizda bir gap bor: birov bir qaltis gapni bilmasdan aytib qo‘yub juda izza bo‘lub ketsa, orqasidan qizarub-bo‘zarub turub: «Suyaksiz til ekan, toyib ketdi», – deb qo‘yadur. Rost, til suyaksiz, toyib ketsa mumkin.
Lekin qalam degan narsa tildek emas. U yo qamishdan, yo temirdan, yoki yog‘ochdan yasaladur. Zamonaning madaniy qalami bo‘lsa, mutlaq po‘lat uchlik bo‘ladur. Po‘lat-a, po‘lat! Uning toyib ketishi xiyla qiyin.
Maskovdagi «Bosh paxtaqo‘mitasi»da bitta-yarimta toyaturg‘an qalam bor, lokin harchand undek katta bir idoraning qalamlari yot mamlakatlarda ishlangan (zagranichnыy) va birinchi navdan (pervыy sort) uchlarga ega bo‘lsalar ham, shoshilishda qoqilib ham ketarlar ekan!
O‘sha Bosh paxtaqo‘m tomonidan paxta xususida o‘rus tilida bir kitob nashr etilgan edi. Kitobning ismidayoq shu «qalam toyilishi» hodisasi juda aniq ko‘rinadur. Ya’ni ijtimoiy asosga qurulg‘an Sho‘ro Jumhuriyatlari Ittifoqining Sharq tomonidag‘i a’zolari (O‘rta Osiyo va Qafqasiya jumhuriyatlari) tuprog‘ida unaturg‘an paxtag‘a «o‘rus paxtasi» (russkiy xlopok) deb ism qo‘yilg‘an. Bosh paxtaqo‘mdag‘i «toyilg‘ich qalam» Turkiston bilan Qafqasiya o‘rnig‘a Ryazan va Tobol viloyatlarini keltirib qo‘yub, osiyoliklarning «yaqin» va «g‘amxo‘r» do‘stlari bo‘lg‘an Milyukov va Cho‘qayevlarg‘a Parij maydonlarida jirtak chalishqa ortiqcha va kerakmas bir zamin tayyorlab bergan…
Maskovdagi Bosh paxtaqo‘mdan va uning «toyilg‘ich qalami»dan xafa bo‘lishqa ham to‘g‘ri kelmaydur. Chunki u qalam birorta «sobiq»lardan chiqqan «spets» (ishbilarmon)ning qalami bo‘lsa kerak.
Lekin o‘zimizning qizil Toshkentdagi O‘rta Osiyo sho‘ro jumhuriyatlarining bosh gazeti bo‘lg‘an «Turkpravda»g‘a nima deylik? Muhtasham kabinalarda o‘lturg‘anlari bilan, «Turk­pravda» sotrudniklari orasida ishbilarmonlar yo‘q edi, shekilli.
Tojikiston jumhuriyati to‘g‘risida o‘rtoq Imomov bilan musohaba qilg‘an «Turkpravda» sotrudnigi «Pomir» (Murg‘ob)ni nimaga «O‘rus Pomiri» (Russkiy Pamir) deb atadi ekan? Axir «Xitoy Pomiri», «Ingliz Pomiri» degan atamalar bor, bu ham jug‘rofiy bir «atama»-da demakchilarmi? Unda Turkistonni ham «O‘rus Turkistoni» (Russkiy Turkestan) desunlar; «Xitoy Turkistoni» degan atama ham bor…
Biz hayron bo‘ldik, o‘yladik, oxirda shu qarorg‘a keldikkim: «Turkpravda» idorasida ham birorta «toyilg‘ich qalam» paydo bo‘lub qolg‘andur-da!..
Gap cho‘zulub ketdi. Bosh og‘rig‘i bo‘lmasun deb qo‘rqamen: Turkiston iqtisod sho‘rosi tomonidan shu yil nashr etilgan «Statistika solnomasi» (Statisticheskiy yejegodnik)ni o‘qub edim. Undagi toyilg‘an qalamning qo‘pollig‘ini ko‘ring! Ya’ni o‘sha kitobda: «Turkistonni olg‘an o‘rus podshohlari uni mus­tamlaka qilmoq uchun muayyan reja bilan iqtisodiy zarurat orqasida olg‘anlari yo‘q. Balki Rusiyaga chegaradosh bo‘lg‘an qabilalar o‘rus savdo karvonlarini talab, hadeb besaranjom qila bergandan keyin shularni bosamiz deb aylanishib kelib qolg‘an!» – deyiladur. Bu kuchli da’voga kuchli dalil lozim bo‘lg‘anidan: «Mana dalil kerak bo‘lsa!» – deb ushbu so‘zlar yoziladur: «Shuning uchundurkim Turkistonni olg‘andan ke­yin chor hukumati uni nima qilishini bilmay hayron bo‘lg‘an edi»…
Qalamning bu daraja esiriklarcha toyilishi odamni qo‘rqutib yuboradur. Bu toyilg‘an qalam o‘zining shu toyilishi bilan o‘ktyabr inqilobining birinchi kunidan beri qilinib kelayotkan da’volarning ustiga katta bir qora chiziq chizmoqchi, shekillik! Ya’ni o‘ktyabr inqilobi «Chor hukumati Turkistonni mustamlaka qilish uchun olg‘an edi» degan shiorni tashlag‘an bo‘lsa ham, bizdan (statistikachilardan) so‘ramasdan, haqiqat qilmasdan shoshilib tashlab qo‘yg‘an… demakchi, shekillik!
Barakalla!..

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse