Jump to content

Pastu baland dunyoda

From Wikisource
Pastu baland dunyoda (1922)
by Abdulla Qodiriy
334241Pastu baland dunyoda1922Abdulla Qodiriy

Kichkina feleto‘n

Ish g‘aribxonadan chiqqunchaliq, chiqdingmi, pastu baland dunyoda sayr eta boshlaysan.

Yoshini yashab, oshini oshag‘an o‘zimizning cholimiz. Soch oq, soqol oppoq, ko‘z nursiz, tish tushkan, bel bukchaygan, qo‘ldagi aso ko‘maklashmasa oyoqlar ham yurishka qarshi; aha… deyish bilan jon chiqarg‘a hozir… Ammo u o‘zining bu holi bilan chin bir maslak kishisi, o‘zining «to‘g‘ri» deb bilgan bir narsasini bir daqiqa bo‘lsun esidan chiqarmaydir.

Qarshidag‘i masjid ichidagi yangigina ochilg‘an eski maktabdan yosh bolalarning chuvur-chuvur o‘qush tovushlari eshitilgach, cholimizning bukchaygan bellari to‘g‘rilanib ham ketadir-da, go‘yo o‘zini o‘n besh yoshli bola kabi seza boshlaydir.

— Xudoyo shukr, xudoyo shukr, tovushingdan ketay bolalarim! Bulturgi yillarda bu kunlar qayoqda edi?!—deb shodlanadir.

Ko‘chaning ikkinchi tomonida bangilardan ikkitasi o‘tub boradir:

— Bu yerga ham ochilipti deyman ot to‘rbadan?

— Ochilmay nima qilsun?!

— Voqi’an…

***

Ko‘chada favqul-odat bir hol. Hammaning ko‘zi biravda. Qizlarimizdan birtasi yuzini ochibdir, yovrupocha yasanib oyog‘ig‘a to‘fli kiyibdir! Xayr, ochibdir-ochibdir, kiyibdir-kiyibdir, bunga nega buncha ota go‘ri — qozixona?

Bir tomondan birtasi aytadir:

— Ey, essiz musulmonchiliq, satqi diyonat! Sani tug‘ub tashlag‘an ota-onangg‘a la’nat!

Ikkinchi tomondan ikkita dumi qopqonda qolg‘anlar ko‘zlarini to‘latib-to‘latib qaraydirlar-da:

— Ibi, bajo-ku?

— Pichoqqa ilingudakmi?

— Ilinarmikin, deyman!

Mana bu ikki musulmonning bir ishka ikki xil qarashi. Musulmonlarning haqrohi bo‘lg‘an shari’at qanday qarar, buni peshvoi haqiqiylarimizga tashlaymiz… Agar bunlar ham ko‘zlarining qovog‘i orqali qarasalar… voy bizning umumiy holimizga!

***

Rastaning ichida tapur-tupur janjal, tapur-tupur janjal.

— Hanima?…

— Karimjonning — binifisi, Mayramxonning — gul o‘yuni. Boravering tomosha, boravering tomosha! Borg‘anlar darmonda, bormag‘anlar armonda!

Aravaning oldida ikkita tasqara o‘rus, ketida ikkita masqara karnay. Tasqaralarning birtasi xudda Istanbulning «Dorul-vo’izin»ini ikmol etib chiqqan bir vo’iz: cho‘zub-cho‘zub Mayramxonni maxtaydir, buning orasida maymunlarcha harakatlar ham qiladir…

Bu bir arava tasqaralarga qarshi xalq fikrda, ishda, amalda birlikni saqlaydir. Hamma Dajjol chiqqandek aravaning tevaragida, lablarning tanobi qochg‘an, hamma shu tasqaralar bilan ko‘ngil ochqan, bunga qarshi lom yo‘q, mim yo‘q, xudtsi xalqning o‘zi shu bir arava tasqara bilan barobar deyarsiz. «Na o‘ro xataru va na o‘ro zafar!» Boravering tomosha, boravering Mayramxon!

***

Bundan bir necha yil ilgari Xadra mavzeida bir katta to‘polon chiqqan edi:

— Ha nima gap?

— Buz hovlilarni, hayda egalarini, ur, yiqit, tekisla, g‘ish keltur, ko‘tar tuproqni, ol pudratini, qur viveskani, chaqir artistkani, yoz pesangni, solamiz «Sharq sahnasi»ni!

Ol-ha… bu orada nechta odam o‘lgan-u, nechta cho‘loq, nechta mo‘log‘u bir necha o‘n milyardlab chiqimu yo rabbim o‘z panohingda asra bu balolardan!..

Tunov kun boshim og‘ib shu «Majma’ul-asxiyo»dan o‘tub qolurmanmi? Na ahli g‘ayratdan darak va na ahli mehnatdan xabar. Bo‘lg‘usi «Buyuk Sharq sahnasi» binosining o‘rnida ba’zi ahli hojatlar o‘z ishlari bilan ovoralar…

— Ha, nima jin urdi?

— Ey, aka ploni to‘g‘ri kelmadi. «Muassisoni sahnai Sharq» «muassisyor»likni ixtiyor aylab, «Azmi daryoyi Jangoh» oldilar, deyishlari bormi, jon-ponim chiqib ketib, «Endi toshkandliklarning toza uylari kuyubdur» dedim. Chunki u qahramonlar «muassisyor»likni ixtiyor qilg‘an bo‘lsalar «Buyuk Sharq sahnasi» uchun na Toshkandning buzulmag‘an bir tomi qolsun va na kavlanmagan yeri!..

Julqunboy

«Turkiston» — 1922 yil, 5 oktyabr, 10-son, 2-bet


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"