Ota-bola san’atkorlar

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ota-bola san’atkorlar  (1936) 
by Abdulhamid Choʻlpon
«Guliston» jurnalining 1936 yil 1-sonida «Cho‘lpon» imzosi bilan e’lon qilingan.

Matyoqub va Matyusuf Xarratovlar

Xorazm…
Eski kitoblarimizda «Xovarazm» deb yuritilar­di. Ko‘pchilik o‘sha vaqtdag‘i xonlikning poytaxti bo‘lgan Xeva shahrining nomi bilan «Xeva» deb atardi. Bu ikkala nomni bilmasdan «Urganch» deb aytadiganlar ham bo‘lardi. Xullas, bukun jumhuriyatimizning olisrak bir okrugi hisoblangan Xorazm inqilobg‘acha Turkiston aholisining ko‘pchiligi uchun «Jobilg‘a, Sobilsa» o‘lkalari singari xayolsumon bir mamlakat edi. Bunga, albatta, Xorazmning jug‘rofiy vaziyati, ya’ni Turkiston o‘lkasining markazi va markazga tutashgan joylaridan olisligi, asl obod viloyatlardan chekkaligi, qatnov va qulay yo‘llardan mahrumligi, birdan-bir daryo yo‘li hisob­langan Amu yo‘lida o‘ng‘ay qatnov vositalarining bo‘lmaganligi edi. Axir Xorazm qo‘shiqchisi mashhur Safo Mug‘anniy O‘zbekiston oqsoqoli o‘rtoq Oxunboboyevni Xorazm mehnatkashlari nomidan ashula bilan qarshilarkan:
Xorazm bir uzoq okrug,
Yo‘llari yo‘q, buzuq ko‘pruk, –
deb shikoyat qildi-ku! Shu uchun emasmiki, jumhuriyatimizning rahbarlaridan birontasi borib qolsa, Xorazm mehnatkashlari uchun katta bir to‘y bo‘ladi va u shodlik darhol she’r­da (ashula) va cholg‘u (kuy)da aks etadi.
Buyuk inqilob olislarni yaqin qildi, masofalarni kamaytirdi, eskilarcha aytsak, «erning tanobini tortdi», ajralganlarni birlashtirdi, yashiringanlarni ochdi, ko‘lagada qolg‘anlarni yoruqliqqa olib chiqdi. Bugun mamlakatimizning yoshi-qarisi uning muhim bir bo‘lagi bo‘lgan Xorazm­ni biladi, taniydi, uning san’atkorlari bilan yuzma-yuz kelib tanishdi, uning tarixin o‘qub bildi, kechmishdagi qora sahifalarini varaqladi, xonlarning qonli davrini va u xonlarga qarshi ko‘tarilgan ko‘pchilik harakatlarini o‘rgandi. Bugun Xorazm mehnatkashlari ham butun O‘zbekis­ton, butun O‘rta Osiyo va butun Ittifoq mehnatkashlari bilan birga o‘z viloyatlarida sotsializm qurib, yangi, to‘q va quvnoq turmush yo‘lida jon kuydirib, paxta dalalarida yuksak mehnat namunalarini ko‘rsatib turadilar.
Bir zamon Xorazmning saroy adabiyotini o‘quy olganlar uning she’rdagi katta ustozlarini – «Munis», «Ogah» va «Komil»larini – bir qadar bilardilar. Biz «Komil» (o‘zicha aytsak, Komil Xorazmiy) keyingirak davrning odami bo‘lganidan uni durustgina bilardik.
Shunda ham biz ko‘p narsalarni bilmas ekanmizki, bundan 70 yillar burun Xorazmning poytaxti bo‘lgan Xeva shahrida Qurbon aka degan bir xarrot (dukchi) yashar ekan. O‘zining kichkinagina dukchilik do‘konida yog‘ochdan eshik, duk (yig), chig‘iriq, sumak, tesha, bolta soplari va o‘qlog‘ qilib tiriklik qilar ekan. Uning shogirdi va xalfasi bo‘lmagan. Unga dukchilik ishlarida o‘g‘li Matyoqub ko‘maklashar ekan. Eslik ota o‘g‘lining bilimga va cholg‘ug‘a havasini ko‘rgach ko‘p o‘ylab turmasdan uni to‘ppa-to‘g‘ri o‘sha zamonning katta shoir va usta cholg‘uchisi bo‘lgan Komilning yoniga olib borgan, «Shuni menga yaxshi odam qilib bering», – degan.
Partiya markaziy organi bo‘lgan «Pravda» gazetasining shu yil 12 sentyabrda chiqqan sonida mo‘ysafid va nuroniy bir cholning tanbur mashq qilib o‘turgan surati bosilib chiqdi. Surat ostida shunday deyiladi: «Toshkentga Xorazmning eng qari xalq ashulachisi va cholg‘uchisi Matyoqub Xarratov keldi (yoshi 70 da). U Xorazmning butun klassiq maqomlarini va xalq cholg‘usini biladi. Uning ashulalari Toshkentda gramo‘­fo‘n lappaklariga olinajak».
«Pravda» orqali butun Ittifoqqa, balki butun dunyoga ta­nilgan bu odam – o‘sha dukchi Qurbon akaning o‘sha biz aytgan o‘g‘li Matyoqubning xuddi o‘zi. U Komil (Pahlavon Niyoz)ning, ko‘prak uning o‘g‘li shoir va cholg‘uchi Matrasul Mirza (taxallusi «Mirza»)ning tarbiyasini ko‘rib yetishadi. Hozir 70 yoshda bo‘lgan bu odam, yuqorida aytilgandek, Xorazm klassiq maqomlarini (shashmaqomning Xorazm variantini) «Xorazm chizig‘i» deb mashhur bo‘lgan Xorazm notalari bilan birga mukammal biladi. Xorazm xalq kuylari (ko‘prak dos­ton yo‘llari)dan ham yaxshi xabardor. O‘zining «Xarratiy» degan bir kuyi ham borki, shashmaqomg‘a qo‘shuladi. Asosan tanbur cholsa-da (tanburni mukammal biladi), chang mashq qi­lishda ham mahorati katta. O‘zi juda xushxat, o‘z umrida ikki yuzga yaqin kitobni chiroyliq xat bilan ko‘chirib chiq­qan. Ko‘p hikoya, cho‘pchak, latifalarni biladi. Suhbati shirin. Fasohat bilan, so‘zga oro berib gapiradi. Sog‘liqni saq­lash xususida bu odamning o‘ziga xos bir usuli bor: u butun umrida ko‘prak qatiq va non yeb o‘tgan. Iloji bo‘lganda qatiqni bir kun ham tark qilmaydi. Yoshi 70 ga borsa ham, o‘zi­ni yigitdek sezadi. Quvvatli va quvnoq… ko‘p yuradi, ko‘p ishlaydi, charchamaydi. Toshkentga kelganida piyoda yurishda o‘z o‘g‘lini shoshirib qo‘ygan. O‘zi sog‘lom va tetik ko‘rinadi: shu uchun bo‘lsa kerak, Toshkentdagi o‘g‘liga tegishkan: «O‘g‘lim, sen qarib qolibsan», – degan…
Ilgari Xorazm muzika texnikumida ishlagan, ko‘p shogird yetishdirgan. Hozir Yangi Urganchda davlat tiyotrida cholg‘uchi bo‘lub ishlaydi. Hozirgi tiyotr, cholg‘u, raqs masalalariga qiziqadi, «Bir oz yosh bo‘lsam, ovrupocha nota o‘rganardim, – deydi chol, – ammo yoshim 70 ga yetganda ep kelmas. Yoshlar o‘rgansin, albatta o‘rgansin».
Cholning bu nasihatini boshlab o‘z o‘g‘li Matyusuf Xarratov qulog‘ig‘a oladi. Matyoqubning o‘z o‘g‘li bilan Ovrupo notasiga yozgan kuylari 15 ga yetadi. Matyusuf ovrupocha muzika ilmining boshlang‘ich asoslarini biladi. Yoshi qirqdan o‘tganda Samarqanddagi Muzika institutida (1930 – 1931 yillar) nota bilan skripka o‘rgandi. Uning «Xorazm chizig‘i notasini Ovrupo notasiga uydurish», «Erli cholg‘u asboblarini nota usuliga uydurish» degan asarlari bor.
Matyusuf 1889 yilda tug‘uldi. Umuman, cholg‘uni o‘rganishda Matrasul Mirza bilan o‘z otasidan ta’lim oldi. Changni unga Qalandar Do‘nmas o‘rgatdi: ashulani Xorazmning birinchi hofizi va tamburchisi bo‘lgan Matyoqub Pazochidan o‘rgandi. Tambur bilan changni yaxshi biladi; bundan tashqari, g‘ijjak, skripka, garmon, dutor va doira (childirma) chaladi. Doira usullariga oshno ashula qiladi.
Xarratovning boshqa bir qancha eski hofiz va cholg‘uchilarimizdan ayrim yaxshi sifati shuki, o‘zi kuy chiqarish va xalq kuylarini ishlash hamda ularni o‘zi notaga olish bilangina qolmasdan, muzika sohasida qo‘lidan kelgancha ilmiy asos­larda ishlashga urunadi. Yuqorida aytgan ikki kitobi bunga dalil. Bundan tashqari, u o‘zining Sharq (o‘zbek) changini qaytadan ishlab Ovrupo tovush qatorlari usuliga soldi, ya’ni changda har qanday Ovrupo kuyini to‘g‘ri chala biladigan bir ish qildi. U hozir tamburni ham mukammallashtirish ustida ishlamoqda.
Uning «Xorazm musiqiy tarixchasi» degan kitobi 1925 yilda Maskovda bosildi. Uning ijod qilg‘an va notaga solg‘an kuylari sotsialistik qurulishning eng aktual mavzulariga bag‘ishlangan. Bu narsa ularning nomlaridanoq ko‘rinib turadi: «Kolxoz kuyi», «G‘ayrat – paxtaga!», «Paxtani tering», «Qizil askar», «Mudofaa marshi», «Yashasin Sovet!» – bular hammasi o‘zbekcha; bundan boshqa tojikcha uch kuyi bor (ashulalari bilan): «Shavem qijloq ravona», «Zindabo‘d dehqoniy!», «Chindani paxta».
Xorazmda xonlik ag‘darilg‘an kunlardan boshlab inqilob ishlariga yaqindan va faol aralashadi. Xorazmda birinchi mao­rif nazoratini tashkil qilishadi. Xorazmda muzika texnikumi tashkil qilib, unda mudir bo‘ladi. O‘zbekiston markazi Samarqandda ekanda Maorif komissarligi chaqirtirib oladi. Bunda u Muzika institutini tashkil etish(da qatnnash)adi va ins­titutda to‘rt yil muallimlik qiladi. Samarqand radiosida muttasil 7 yil ishlaydi.
Hozir Toshkent radiosida ishlamoqda.
Tarjumai hol qabilidan bo‘lgan bu ma’lumotlar bilan ki­foya­lanmakchi emasmiz, albatta. Ayniqsa, hali otasiga nisbatan yosh, iste’dodli va g‘ayratli bo‘lgan o‘rtoq Matyusuf to‘g‘risida, uning bundan keyingi yo‘li va qilajak ishlari xususida fikrimizni aytmasdan o‘tolmaymiz. O‘rtoq Matyusuf, boya aytganimizdek, bizga Ovrupo muzika bilimining kerakligiga hech bir shubha qilmaydi. Otasi haligidek deb turganidan ke­yin jindak shubha qilsa ham ayb bo‘lar edi. Faqat o‘rtoq Matyusuf, u bilan birga boshqa ko‘p cholg‘uchilarimiz ham bilishlari kerakki, Ovrupo muzika bilimi faqat boshlang‘ich nazariyadan (nota o‘rganishdan) iborat emas; uning garmoniya (ohang ilmi), ko‘ntrapunkt singari juda muhim, lekin og‘ir pog‘onalari bor. Ovrupo muzika bilimi zinasining birinchi pog‘onasig‘a qadam qo‘yganlar narigi pog‘onalarg‘a ham tirmashib chiqmasalar chala bilim bilan muzika sohasida ko‘p narsa qilolmaydilar. Holbuki, o‘rtoq Matyusuf ko‘p narsa qilmoqchi; bu xususda unga ko‘mak bermaganlardan ko­yib gapiradi. Lekin, hammaga ma’lumki, bizda bilim ortdirish uchun imkonlar katta. Bu yo‘lda har kimga har qanday yordam ko‘rgaziladi. Faqat kishining o‘zidan g‘ayrat talab qilinadi. O‘rtoq Matyusuf shu g‘ayrat bilan qurollanishi lozim.
U Ovrupo muzika bilimini yetarlik darajada o‘rganib, undan keyin Sharq klassiq maqomlari va xalq kuylarini ham yaxshilab tekshirib, Sharqning eski muzika bilimlari bilan ham tanishib maydonga chiqsa qimmatbaho asarlar bergan bo‘­lar edi.
Rost, uning hozirgi ishlariga sovuq qaragan, ayniqsa, changdagi o‘zgarishlarga allaqanday quruq bilimdonlik bilan yaqinlashib, konkret va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmagan kishilar bor. Uning ba’zi ilmiy asarlarini yillab «saqlab» yotgan, nusxasini yo‘qotg‘an, qadrlay olmagan idoralar bor. (O‘znashr va San’at instituti.) Biz ular to‘g‘risida qichqirishdan to‘xtamaymiz. Lekin do‘stlik kengashi yana Matyusuf akaning o‘ziga oid bo‘ladi. U kengashni esa biz berdik.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse