Osmonda, yerda

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Osmonda, yerda  (1924) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Qishloqning machiti hayitdagidak tiqin. Eski, yirtuq-yamoq yaktaklik, yalangoyoq dehqonlar machitning sahnida qoq yerda o‘lturadirlar. Narigi yoqda allaqancha tikka turg‘an kishilar ham bor. Unda-munda yelkasiga “beshotar” miltiq osqan milisa yigitlar ko‘runadirlar. Jamoa ijroqo‘mining raisi shoshilib, pishilib uyoq-buyoqqa chopib yuradur, uning qo‘lida bir necha o‘zbakcha gazetalar, bir muncha xitobnoma – shularning hammasini bir ayb bilan bog‘lab olib, ko‘tarib yurubdur… Uni – hali ham “Amin” deb ataydirlar.

Machitning eshigidan 5-6 ta yorog‘liq milisalar bilan bo‘lus ijroqo‘mining raisi kelib kirdi. Uning yelkasida yopunlarning – o‘zlariga o‘xshag‘an kalta bo‘ylik – beshotarlari! Jamoa ijroqo‘m raisi yugurib, kelganlarning yonig‘a boradir. Bo‘lus ijroqo‘m raisi jamoa ijroqo‘m raisini ko‘rgandan keyin:

  • Xo‘sh, eshoni amin boshlamadingizmi? – deb so‘raydir. Unga qarshi qishloq ijroqo‘m raisi kulib turib:
  • Sizning kelishingizga qaratib turib edik, mingboshi dodxoh! – deydir.
  • Bo‘lmasa boshlay berdik.
  • Xo‘b.

Jamoa ijroqo‘m raisi shoshilg‘ancha xalq orasig‘a kirib ketadir…

***

Qiziq hol: O‘zbekistonning – eng chekka va qorong‘i qishloqlarining

birida bo‘layotqan shu yig‘in (mitinga)da osmonda uchub yurish to‘g‘risida ma’ruza o‘qudilar.

Yig‘in ochilmasdan ilgari qishloq yigitlari o‘zaro qiziq-qiziq gaplarni gapirishib o‘lturarlar edi. Shunday aylanib yursam o‘ntacha yosh yigit bir joyg‘a to‘planib olib, kulusha-kulusha gaplashadirlar:

  • Osmonda uchamiz ekan-da!
  • Qiyg‘irg‘a o‘xshab-a?
  • Ha, xuddi qiyg‘irg‘a o‘xshab. Yo‘q-ye… Biz qiyg‘irdan ham o‘tub lochin bo‘lib ketamiz!
  • Bedana tutub yeyishni ko‘rung bo‘lmasam.
  • U vaqtda qiyg‘irning ham keragi yo‘q.
  • Kaklikni ayting.
  • Ey-y-y… maz-za!..

Ularning yonig‘a shahardan chiqqan bir tashviqotchi yigit boradir. Bir oz haligilarning gaplarini eshitib turg‘andan keyin haligi tashviqotchi yigit ham gapga aralashib, havo kemalarining iqtisod jihatidan keltiraturg‘an foydalarini tushuntirib ketadir. Mana uning gaplari:

  • Akalar, kaklik bilan bedana yeyish-ku, hali qiyg‘ir bilan ham bo‘la beradi-ya. Lekin mana bu to‘palang yillarida buzulg‘an yurtni, vayron bo‘lg‘an shahar va qishloqlarni obod qilish kerak. Hammadan ko‘ra mana bu ish zarur…

Dehqon yigitlar uning gapini bo‘lib:

  • Rost aytasiz mullaka, hammadan ham bu zarur. Biz endi, boyag‘i gaplarni o‘ynashib, hazillashb aytkan edik-da! – deydirlar.

Shaharlik yigit so‘rida davom qiladir:

  • Mayli, hazil ham kerak. Besh-olti yildan beri hazil yuzini ko‘rganingiz yo‘q.

Gapimizga kelaylik: obodliq degan narsa bordi-keldi qatnov bilan bo‘ladir. Qatnovg‘a ot – arava, poyiz, kema kerak. Bularning borolmayturg‘an joyig‘a tezlik bilan, osonliq bilan havo kemasi boradir. Masalan: Qashqar tomong‘a, Avg‘on tomonlar uzoq yaylovlarg‘a Maskav bilan Toshkantning o‘rtasi tez yuraturg‘an poyizga besh kecha-kunduzlik yo‘l bo‘lsa, havo kemaga bir kecha-kunduzlik yo‘l…

Dehqon yigitlar hayron bo‘lib, yoqalarini ushlaydirlar:

  • Qarang-a… Xudoyo tavba…
  • Qani, hoy birodarlar, yaqinroq kelib o‘lturunglar, shahardan kelgan mehmonlar va’z aytar ekanlar!

Jamoa ijroqo‘m raisining baland ovoz bilan aytkan shu gapidan keyin hamma duv-duv joyidan jilib davrani torroq oladir.

Yig‘inning o‘rtasidan bo‘lis ijroqo‘m raisining xirillagan, kuchsiz, bo‘g‘uq tovushi eshitiladir:

  • Yaxshilab quloq beringlar, to‘palang, shovqun, g‘ovur-g‘uvur qilmanglar, o‘zinglarga foydalik gaplar bo‘ladi!

Hamma jim.

Yig‘inning o‘rtasiga bir sandal qo‘yulg‘an. Sandalning tevaragida uchta yog‘och eshak. Unda bo‘lus va qishloq ijroqo‘mlarining raislari, shahardan kelgan ikki musulmon tashviqotchi, bir ovro‘pali qizil kamandir o‘lturadirlar. Jamoa va bo‘lis ijroqo‘mlarining mirzalari bilan, 2-3 ta melisa yigitlar ham bor o‘sha joyda…

Maskavdami, Toshkantdami o‘qub yotqan yosh bir yigit “fo‘rum” kiyim ustidan yozliq shohi to‘n kiygani holda, sekingina sandal (tancha)ning ustiga chiqadir. Tutula berib oyoqlari band-bandidan ajralg‘an, so‘lqillab qolg‘an sandal, yigit chiqishi bilan uyoq-buyoqqa qingg‘ayib qo‘yadir… Yigit, bir-ikki pilanglab olib, sandalga qaraydir-da uyatqanidan yengilgina qizarib kular…

Tog‘alar, akalar, otalar!…

Yigitning jaranglab toza, kuchlik ovozi shu so‘zlarga qanot qoqib, yiroq-yiroqlarg‘a olib ketadir…

So‘z tugagandan keyin ijroqo‘m raislariga ergashib bir muncha kishi sekingina, erinchaklik bilangina chappak chalib qo‘yadir.

Sandalga yana bir yigit chiqadir. Tajangligi yuzlaridan belgili bo‘lg‘an bu arvoq va qotma yigit, muallim bo‘lsa kerak, birdan baland ovoz bilan so‘z boshlab, maorif mas’alasidan tushadir.

Yigit qizidi. Sandal lang-lang qiladir, yigitning qo‘llari uyoq-buyoqlarg‘a uchub, birushta qimirlab turadir. Yuzlari qip-qizardi, terlar dona-dona bo‘lub, yuzlarida ko‘piklashdi…

Yig‘ilg‘anlar jim, hech kim qimirlamaydir.

Yigit – yig‘ilg‘anlarning og‘ir joylaridan, yaralariga nishtar bo‘lub tegaturg‘an narsalardan gapirdi shekilli… Dehqonlar orasida yenglari bilan ko‘zlarini artganlar bo‘ldi…

Yigit so‘zini tamom qilib tushkandan keyin ijroqo‘m raislari chappak chalmadilar; nimaga desangiz, ularning yenglari ham, dast-ro‘mollari ham ko‘zlarida edi…

Ovrupali kamandir ilgari va’z aytkan yigitdan so‘radi:

  • Nimaga bular yig‘laydirlar?
  • Va’z ta’sirlik bo‘ldi.
  • Nima to‘g‘risida gapirdi o‘rtog‘imiz?
  • Bilmaslik, tushunmaslik to‘g‘risida!…

Bunga rosa 6 oy bo‘ldi. Bir zamon qish vaqtida yo‘l usti to‘g‘ri kelib qoldi-yu, o‘sha qishloqdan o‘tdim.

Menga tanish selijroqo‘m raisi bir kecha meni olib qoldi, kechasi, gulxan qilib o‘lturub ko‘p kishilar bilan gaplashdim. Orada menga eng ma’qul bo‘lg‘an bir yigit bor edikim, u ham bo‘lsa – o‘sha qishloqda shu yil ochilg‘an yangi maktabning mudir va muallimi!

Muallim, qishloq bolalaridan xursand. Ularni maqtab:

  • Favqulodda iste’dod bor. Miyalari hech narsa bilan buzulmag‘an; toza, keng, xuddi o‘zlarining tolalarig‘a o‘xshaydir! – deydi.

O‘tkan kuz haligi yig‘indan 1-2 oy keyin havo kemaning uchub o‘tkanini ko‘rubdirlar. Shuni, mehmonxonaga to‘plang‘an dehqonlar juda g‘alati qilib. Aytib berdilar.

Ular – xiyla vaqtqacha “azkiya” qilishdilar, “payrav” bog‘lashdilar, bir-birlarini chandishdilar. Kulishdik.

Men ham dunyo – olamning ahvolidan xiyla gapirib berdim. Osh qilib – cheka va qorong‘i qishloqlarda yurub ham osmon bilan yerni chaynashdik…

1924-yil, dekabr.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse