Oshiq bo‘lmisham

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Oshiq bo‘lmisham
by Mahzuna

Do‘stlar bir husni be hamtoya oshiq bo‘lmisham,
Hur paykar bir malak simoya oshiq bo‘lmisham,
Nutqi shirin, la’li ruh afzoya oshiq bo‘lmisham,
G‘amzasi qotil, ko‘zi shahloya oshiq bo‘lmisham,
Husn elining shohi bir mirzoya oshiq bo‘lmisham.

Ko‘rgan ermas uyda bir mahvashni chashmi ro‘zg‘or,
Xulqi shirin, gulbadan rashki chaman nasrin izor,
Noz oyinu tag‘oful pasha, istig‘no shior,
Iltifot etmas agar yuz jon topib qilsam nisor,
Bir sitamgar sho‘xi beparvoya oshiq bo‘lmisham.

Orazin ochqoch quyosh anvorini aylar adam,
Jon g‘izolig‘a berur vahshiy ko‘zi ta’limi ram,
Lablarini oldida qandu asaldur misli sam,
Zulfu qaddu orazidin munfail bog‘i eram,
Kishvari husn ichra bir yaktoya oshiq bo‘lmisham.

Qoshlari bir-birg‘a payvand ikki mushkini hilol,
Ko‘zlari yuz marg‘uzorig‘a ikki vahshiy g‘izol,
Qomati bog‘I murod ichra yangi bitkan nihol,
Ollo-ollo kim ko‘rubdur, bu latofatlu jamol.
Husn aro bir misli nopaydoya oshiq bo‘lmisham.

Ushbu hayrat birla ko‘rgan naxli qaddi jilvagar,
Bovar etmas gar ulus bersa shahodat, deb basher,
Orazi andoq musaffo kim qilib bo‘lmas nazar,
Badri ruxsorin ko‘rub, bo‘ldi xijolat bu qamar,
Rashki Yusuf bir buti zeboya oshiq bo‘lmisham.

Mahvashi hurliqo, gulgun qabo, gul pirahan,
Qoshi istig‘no hiloli, g‘amzasi lashkar shikan,
G‘unchai xandondur og‘zi, tishlari durri Adan,
Bo‘lmadi bir dam jamolidin yorug‘ baytulhazan,
Toki ul mohi jahon peroya oshiq bo‘lmisham.

Ey mani Mahzun musofirg‘a malomat be sabab,
Tutmasam farmonini mardud etib aylar g‘azab,
Juz riziyi do‘st, ishq ahlig‘a ne bo‘lg‘ay talab,
Chiqqali islomdin zunnor bog‘lab yo‘q ajab,
Menki bir din ofati tarsoya oshiq bo‘lmisham.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse