Ortiq hissiyot

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ortiq hissiyot  (1923) 
by Elbek

Farg‘onada chiqaturg‘an “Farg‘ona” gazetasining 81 nchi sonining xabar qismida o‘rtoq Cho‘lponning Farg‘onaga ketishi munosabati bilan yozilg‘an ushbu jumlalarni o‘qudiq:

(o‘zicha)

YURTIGʻA QAYTDI

Farg‘ona yigiti andijonli yosh shoirimiz Cho‘lpon (Abdulhamid Sulaymon) shahrimizga keldi.

Albatta, bundoq falokatlar orasida cho‘mub qolg‘an yurtimiz Farg‘ona Cho‘lpon singari o‘zining, yetishturgan yigitlariga muhtojdir.

Umidimiz, shoirimiz Cho‘lpon hamisha o‘z yurti Farg‘onada ishlar. Bundag‘i og‘a-inilari chekmakda bo‘lg‘an dardlarin birga dardlashar, to‘kulgan ko‘z yoshlarig‘a o‘rtoqlashar!”

Mana bul jumlalarni o‘qug‘an o‘rtoqlar, Cho‘lponning ilgari qaysi o‘runlarda ishlab yurganini bilmagan esalar, bu jumlalarning ma’nosidan o‘zlaricha: – Cho‘lpon Yovrupodami, Xitoydami yoxud boshqa bir mamlakatda bir ishda ekan, endi o‘z yurtig‘a qaytib ishga kirishmishdir-da, degan bir o‘yg‘a qolarlar.

Birof, o‘qug‘uchi o‘rtoqlar bunday anglayturg‘an esalar, yanglishg‘an bo‘ladirlar. Cho‘lpon o‘rtoq allaqayoqqa ketmagan edi, ul o‘zining yurtida ya’ni shul Turkistonda o‘z eli orasida ishlab kelmakda edi.

Endi biz, “Farg‘ona” gazetasida yozilg‘an yuqoridag‘i jumlalarga kelsak, bu qaysi bir o‘rtoqlarimizning hech narsadan hech narsani o‘ylamay, o‘zlarining yanglish tushunchalari, yana to‘g‘risi, ko‘z yumub ish ko‘rushlari natijasida yozilib qolg‘an so‘zlardir.

Biz, Turkiston o‘lkasida yashag‘an ekanmiz, biz uchun uning Farg‘ona, Sirdaryo, Samarqand va boshqa shunday o‘run ismlari bizcha hechdir. Yolg‘iz biz uchun Turkistonli bo‘lish yetadir.

Umid etamizkim, Turkistonda yashag‘uvchi o‘zbek eli ham bizning fikrimizda o‘rtoqlasharlar va yolg‘uz Farg‘onanigina o‘zlariga yurt hisoblaya olmaslar.

Ortiq hissiyotka berilib ishlash yaramaydir.

Elbek

“Turkiston” gazetasi 1923-yil 20-iyun.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse