Orazin yopqoch ko‘zumdin...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Orazin yopqoch ko‘zumdin...
by Alisher Navoiy

Orazin yopqoch ko‘zumdin sochilur har lahza yosh,
O‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘och quyosh.

Qut bir bodom-u yerim go‘shayi mehrob edi,
G‘orati din etti nogah bir balolig‘ ko‘z-u qosh.

Bu damodam ohim ifsho aylar ul oy ishqini,
Subhning bot-bot dami andoqki aylar mehr fosh.

Bo‘saye qilmas muruvvat, asr-u qattiqdur labing,
Desam, og‘zi ichra aytur, la’l ham bor navi tosh.

Novaking ko‘nglumga kirgach jon talashmoq bu ekin,
Kim qilur paykonini ko‘nglum bila jonim talosh.

Umri jovid istasang fard o‘lki, bo‘ston xizridur—
Sarvkim, da’b ayladi ozadalig‘ birla maosh.

Qoshi ollinda Navoiy bersa jon ayb etmangiz,
Gar budur mehrob, bir-bir qo‘yg‘usidur barcha bosh.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.