Jump to content

Oqposhshoning in’omi

From Wikisource
Oqposhshoning in’omi (1934)
by Abdulhamid Choʻlpon
334107Oqposhshoning in’omi1934Abdulhamid Choʻlpon

Kech qolgan bozorchilardan bir to‘dasi otlariga sho‘x-sho‘x qamchi berib ko‘chadan o‘tgach, kamqatnov ko‘chaning ko‘pda uvalib yetmagan yirik changlari har tomonni bulutdek bosdi. Shundan keyingina masjid jilovxonasida* o‘lturganlar ko‘zlarini yumdilar. «Turkiston viloyati gazeti»ni* ularga o‘qib berayotgan Mulla Shamsiddin ham ko‘zini yumub gazet bilan betini to‘sdi.
– Ha, ivirsimay o‘lsin, qishloqi, – dedi u. – Nomozshom bo‘lganda bozordan qaytayotir…
– Kech qolgandan otga shoshilib qamchi berishini ko‘ring, – dedi yana bitta chol.
– Bitta-bitta yursa ham bir navi edi, hammasi baloday to‘dalashib yuradi tag‘in.
So‘fining shu so‘zlaridan keyin chang bir oz tarqala tushib, yana mirzaning gazet o‘qug‘an ovozi chiqdi.
Gazetning eng qiziq xabari Maskavdagi vistavka to‘g‘risida edi: u vistavkaga Sankt-Peterburg shahridan oqposhshoning o‘zlari kelar emish, vistavkada o‘z hunarini ko‘rsatgan har bir fuqarosiga shohona in’omlar berar emish.
Duradgor usta To‘xtash garanish* (pristuf) mahkamasining mirzasi bo‘lgan Mulla Shamsiddinga yuzlanib vistavkaga aralashuv to‘g‘risida maslahat so‘radi. Piyanista Shamsiddin negadir otaxonlar muomalasini qilib usta To‘xtashning vistavkaga atab tayyorlayturg‘an muyumini o‘z qo‘li bilan po‘chtaga topshirishga va’da qildi. Shomga azon aytilgach, ermakli qarashlar ostida machitga kirayotgan usta To‘xtashniig yuzlarida qunt qilgan odam halitdanoq o‘yunda yutib chiqqan qimorvozning nash’asini ko‘rardi…
Bir hafta o‘tmasdan ichiga kattakon bir yog‘och kavush solingan posilka po‘chta orqali Maskavga jo‘nab ketdi. Yog‘och kavushni asliga qaraganda ikki-uch baravar zo‘r qilib tayyorlagan va bir poyining bir yog‘ini yelim bilan naridan-beri yopishtirib qo‘ygan ustaning o‘z didlari va cho‘tlari*, shunga yarasha umidlari bor edi.
«Oqposhsho ko‘radi, – deb o‘ylagan edi u. – Bu mamlakatdagi fuqarolarning munchalar yo‘g‘on oyoqli bo‘lishidan qotib-qotib kuladi. Ehtimol, kiyib ko‘rgisi keladi. Kiyib ko‘radi. Bir-ikki qadam bosar-bosmas «tap» etib yiqiladi. Bir kulgi beradi… Shundan keyin in’om kavushning o‘zidan ham katta bo‘ladi».
Usta To‘xtashning qora baxtiga, oqposhshoning o‘zi kelmadi. O‘z o‘rniga allaqanday bir a’yon (senator)ni yuboradi. A’yon yonida Maskav gubernato‘ri va boshqalar bo‘lgani holda vistavkani qararkan, Turkiston bo‘limida usta To‘xtashning yog‘och kavshiga ham diqqat qildi:
– Nima bu? Kalo‘shmi?
– Shunday, taqsir, – dedi bo‘lim boshlig‘i.
– A’lo hazratning Turkiston o‘lkasidagi qaysi fuqarolari muncha zo‘r kavush kiyar ekanlar?
– Sartlar bo‘lsa kerak, taqsir…
A’yon kuldi.
– Sartlarning oyoqlari muncha yo‘g‘on bo‘lsa, o‘zlari qanday kelar ekan? – dedi.
Kavushni olib ko‘rdi: ancha og‘ir edi. Yana so‘radi:
– Buning sanoatda ahamiyati qanday? Bizning «pravo‘dnik» kalo‘shlari bilan raqobat qiloladimi?
Bo‘lim boshlig‘i javob berdi:
– Turkistonda bizning kalo‘shlarni tub joy xalq sira kiymaydi. Qishda ham mana shuni kiyadi…
– Unday bo‘lsa, ichki Rusiyadagi sanoat shaharlaridan birida shu kalo‘shga atab katta bir zavo‘d ochish masalasini ko‘taringiz. Vatandosh sanoat rivojlansin.
– Juda yaxshi bo‘ladi, – dedi Maskav gubernato‘ri, – o‘rmonga boyroq shaharlarimizning birida ochaylik…
A’yon kavushni hali ham qo‘lida aylantirgani holda:
– Buni kiyib ko‘rsataturg‘an bironta odam yo‘qmi? – deb so‘rab qoldi. Bu savol chaqmoq tezligi bilan bir necha og‘izda takror qilingach, burun Turkistonda ishlagan askariy to‘ralardan biri oldinga chiqdi:
– Men bilaman, taqsir…
Katta a’yonlarning maroqli nazari oldida bu kichkina to‘ra haddan tashqari zo‘r va qo‘pol kavushni kiyib bir-ikki qadam bosar-bosmas shop-shaloplari bilan guldirab yerga yiqildi va hammaning tortinchoq kulishi ostida zaldan chiqib ketdi.
Shunda qari a’yon Maskav gubernato‘rining qulog‘iga usta To‘xtashga tegishli in’omni eshitdirgan edi.
Shohona in’omni Maskav gubernato‘ri Turkiston gubernato‘riga, u viloyat harbiy gubernato‘riga, u, o‘z navbatida, uyezd hokimiga, u esa yarim kechaga yaqin telefo‘n bilan ikkinchi daha pristaviga eshitdirdi. Bemahal uyqudan uyg‘otilib usta To‘xtashning uyi­ga yuborilgan Jalol mirshab ustaning eshigini sindirguday bo‘lib taqillatdi. Ustadan burun qo‘ni-qo‘shnilar uyg‘onib chiqdilar.
Usta To‘xtash kecha yarmida mirshabni ko‘rgach qo‘rqib ketdi.
– Sevinchini katta bering, usta, – dedi Jalol mirshab. – Oqposhshoning in’omini keltirdim!
Shundan keyin usta To‘xtash vahimasi bosilib, yuzida hayrat aralash bir sevinch hosil bo‘ldi. Lekin boshi hali ham garang edi. Ustaning yonidan bor pulini (olti tangani!) qoqib olgandan ke­yin Jalol mirshab uning qulog‘iga egilib dedi:
– Xizmatingiz oqposhshoga juda ma’qul bo‘lib, sizga «ispasiba» aytib yuboribdilar!
Usta To‘xtash mirshabni jo‘natib tashqarining eshigini zanjirlab ichkariga kirayotgan vaqtda ko‘ziga butun dunyo qorong‘i edi. Buning ustiga, ichkarida to‘polon boshlandi. Oqposhshoning in’omi kelganini eshitgan xotinlar (ustaning onasi va xotini) talashib nari-beri gapga borib qoldilar. Usta soqov singari tilini so‘zsiz qaldiratgani holda ikki ayolni musht do‘layib zo‘rg‘a tinchitdi.
Erta bilan guzardan yo‘lkiraga loyiq pul topib viloyat markaziga kelgan usta To‘xtash viloyat gubernato‘rining muovini tomonidan qabul qilindi. Ustaning tilini undan yaxshiroq bilaturg‘an bu odamga To‘xtash arzini qisqa qildi:
– Taqsir, Oqposhshoning bu katta in’omlari mendak faqir odamga og‘irlik qilib qoldi… Shu uchun sizga olib keldim…
Usta amaldor bu nozik pichingni angladi va ta’sirlanib kulgani holda «ikki yuz so‘m berilsin» degan mazmunda bir farmoyish qog‘ozchasini usta To‘xtashning qo‘liga uzatdi.
Katta in’omni katta amaldorga qoldirib ikki yuz so‘m pul bilan yumshoq vago‘nda o‘z shahriga qaytayotgan usta To‘xtash shu topda tovuq katagi bo‘lib turgan yopiqni daranglagan bir uyga aylantirishga qat’iy qarorini bergan, faqat kimning qiziga sovchi qo‘yishini bilmay hayron edi…

1934


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"