Oqara boshladi bosh-u...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Oqara boshladi bosh-u...
by Alisher Navoiy

Oqara boshladi bosh-u to‘kula boshladi tish,
Safar yarog'ini qilg'ilki, tushti boshinga ish.

Yigitligim boribon, keldi boshima qarilig',
Fano yo‘lida bu yanglig' emish borish-u kelish.

Yuz ulki, qirqdin ellikka qo‘ydi yuz, qilsa,
Ming ishidin biriga yaxshiliq mahol ermish.

Erur hayotning o‘q yanglig' o‘lmakiga dalil,
Kishiki, yo kibi qadg'a asodin yetti kerish.

Adudur olti jihatdin manga chu yetti falak,
Ne sud yoshim agar oltmish va gar yetmish.

Yigitlik o‘ldi bahor-u kuhulat o‘ldi xazon,
Degan bu so‘zni - qarilig'ni qishqa o‘xshatmish.

Ne qish nishoti manga qoldi, ne xazon, ne bahor,
Bahorima chu xazon qo‘ydi yuz, xazonima — qish.

Ne turfa ishki, birav chun toriqti umridin,
Desa uzun yasha, qarg'ishdur anga bu alqish.

Navoiyo, tutar ahli fano najot yo‘lin,
Erishmak istar esang ishda ham alarni erish.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse