Oppoq oy
Quchog‘ingda qaltirayman, titrayman,
Ortiq sendan bezdi ko‘nglim, «oppoq oy».
Yo‘lni ochsang, endi bundan ketaman,
Ko‘klam yaqin kelgan deylar, bir qaray!
Ko‘kdan tushgan yengil oppoq parlardan
Qudrat qo‘li senga ko‘ylak to‘qiydi.
Uchib kelib uzoq-yaqin yerlardan
Bir to‘p qarg‘a madhiyangni o‘qiydi.
«Ko‘klam yaqin!» degan so‘zni eshitib,
Ko‘zlaringga zamharirdek yosh keldi.
U yoshlaring jumak bo‘lib, uyushib,
Osildilar… bo‘yning yerga egildi.
Hovuz yuzi ikki qarich muz bo‘lgan,
Yosh bolalar tiyg‘anishib o‘ynaylar.
Uvshib, to‘ng‘ib masjiddagi chol o‘lgan,
Yetim qolgan bolalari yig‘laylar.
Jarqishloqning yo‘lida ham shaharga
Qaymoq va sut keltiruvchi bir bola
To‘ng‘ib o‘lgan, har kun erta saharda
Shunday qilib bir necha jon yo‘qola…
Quchog‘ing-da juda sovuq, «oppoq oy»,
Ko‘klam kelsin, bir suyunay, bir o‘ynay!..
1922-yil
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|