Olti yillik bazm

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Olti yillik bazm  (1924) 
by Abdulla Qodiriy

Inqilobiy matbuot bazmimizning yoshi oltig‘a yetdi, deb bu kun o‘zbek qizil matbuotining chirmandakash va nog‘orachilari «To‘y ustiga to‘y» qilar ekanlarki, bu xabari jonso‘zni kecha eshitib, chuqur bir entikib qo‘ydim. Chunki faqiringiz bu bazmning a’zolaridan bir fard; barakallachilaridan bir mengrov; qiyquruqchilaridan bir tutal, ham charchamayturg‘an bir tentak chapakchisi edim. Shuning uchun bu to‘yda ishtirok etib, olti yillik bu bazmdan olg‘an taassurotimni yumaloq-yassi qilishim kerak bo‘lar edi.

Ishtirok yo‘sunini uzoq o‘ylag‘ach, xotiri sharifimga xunuk-xunuk gaplar, chuchma-chuchmal ishlar kelib hayron bo‘ldim va bu galgi vazifamning nechog‘liq «xumsa» ham «dag‘al» ekanini ongladim. O‘ylay-o‘ylay, nihoyat otning boshini tortibroq ish ko‘rilsin, akalarning ensasi qotarliq gaplar bo‘lmasin, degan qarorni berdim.

Faqiringiz bir xil akalardek qurbaqa ham laylaklardan misollar keltirib, falsafaga bo‘kib, o‘qug‘uchining miyasini qoqqach, qatig‘ini qo‘lig‘a berib o‘lturishni uncha do‘st tutmayman-da, to‘ppa-to‘g‘ri masalaning manbaiga qarab yo‘l solaman. Chunki hamma fisqu fasod manba’da bo‘ladir, manba’dan bir narsa topolmag‘anda qo‘lg‘a aso ushlab timiskilashning va kalga va na ko‘rga bir paqirlik foydasi yo‘qdir. Olti yillik matbuot bayramimizda ham shu xatti-harakatni ta’qib qilsam ish benihoyat yengil ko‘chib, kunduz kuni chiroq yoqib o‘g‘ri qidirishg‘a hojat qolmaydir. «Olti yillik qizil matbuotimizda kim nima ish qildi?» deb o‘zim-o‘zimga so‘roq bersam-da, buning javoblarini sanab ketsam, albatta, gapdan-gap, cho‘pdan-xas chiqib ish bemazaga aylanadir. Bas, endi nima ish qilish kerak?

Manimcha, ishni astar-avra qilib o‘lturg‘andan ko‘ra shu olti yillik bazmdagi chirmandakashlarning nomai a’mollarini bir karra ko‘zdan kechirishning savobi yetmish yillik ibodatdan ortiqdir. Binoan alayhi, surnaychilarning nomai a’mol yoxud qisqacha tarjimai hollarini bir-bir ko‘zdan kechiraylik.

Olti yillik qizil matbuotimizning birinchi mardi-maydonlaridan sanab, tepaning boshiga Fitrat bilan Nazir To‘raqullarni qo‘yamiz-da, ularga ojizona arz etamiz: «Mersi, sizlarga!» Shundan keyin bir oz rizosizliq vaziyatini olib aytmasak-da, aytkanday bo‘lamiz:

Suqdan bo‘ldimi, mechkaydan bo‘ldimi, har nechuk-da yuqori ko‘chani qo‘yib, quyi ko‘chadan ketdingiz? To‘g‘ri ko‘chadan aljib, lo‘li ko‘chasiga burildingiz va shuning ila dovdiragan matbuotimizni qovjiratdingiz…

Karnaychilarimizning uchunchisi Usmonxondir. To‘rt tomong‘a yugurib, tili bir yarim qarich osilg‘an; bir ko‘zi mag‘ribda, bir ko‘zi mashriqda; serharakatu bebarakat, bir kishini istab yurgan bo‘lsangiz, bevosita o‘rtoq Usmonxong‘a uchrashingiz… Ziyoda chimego‘yyam?

Shoirlarimizning birinchisi Cho‘lpon afandidir. Bu kun qizil gulu erta nafarmon gul; hali dengizdagi cho‘b bo‘lsa, bir ozdan keyin dunyoni sel olg‘anda to‘pug‘ig‘a chiqarmayturg‘an, maslakida sobit, ahdida qoyim, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ajib bir qahramon. Uning olti yillik xizmati ham shu yo‘lda bo‘ldi.

Ashurali domla «Sadoyi Farg‘ona»dan jonli bir tarix. Inqilob to‘lqini bir xil akalarni chetka qoqib turg‘an bo‘lsa, ammo Ashurali inqilob bilan birga oqdi, unga berilaturgan qiymatning markazi siqlati ham shundadir. Imlo to‘polonida domlalar safiga o‘tkan bo‘lsa ham, keyindan bir necha firibgar, ayniqsa, Abdulla Rahmatning avrog‘ig‘a osong‘ina aldandi.

Abdulla Avloniy bir mahal garimsar tegib, kutulmagan joyda qorakosov bo‘lib qoldi. Hozirda o‘choq kavlashdan boshqag‘a yaramaydir.

Mirmuhsin o‘rtoq to‘g‘risida nima deyishga ham hayronmiz. Matbuotimiz Mirmuhsindan foydalandimi yoki Mirmuhsin matbuotdanmi, har holda, shu ikkining biri bo‘lsa kerak.

Sadriddin Ayniy inqilobning boshlarida bir muncha ishlab yurdi, undan keyin «Buxoro jallodlari»ni yozdi, shundan so‘ng o‘zi ham Buxoro jallodlarining qo‘lig‘a tushdi. Inna lillahi va inna ilayhi roji’un.

Shahid Eson Istanbulning Turkistonga bo‘lg‘an yagona sovg‘asidir. Lekin shunisi ajabdirkim, Eson afandining so‘ziga matbuot tushunmag‘anidek, matbuotnikiga Eson afandi ham tushunmaydir. Bu uni bir pulga olmasa, u ham buni uch pulga olmaydir. Har holda, ayb do‘ldami, toshdami, buning hukmini kelgusiga havola qilamiz.

Hoji Mu’in ibn Shukrulloning olti yillik umri tarjimai hol yozish bilan o‘tdi. Ishsiz qolg‘anida sog‘ kishilarning tarjimai holini so‘rab, yuraklarini orziqdirdi. Bir vaqtlarda mutavakkilan alollohi bittasini «o‘ldi»ga chiqarib «Zarafshon»da marhumning tarjimai holini yozib boshlag‘an edi, biroq taassufka qarshi «rahmatlik» o‘lmagan ekan, ya’ni marhumning o‘zi bilfe’l gazetada uzr yozib, Hoji Mu’inning yuziga bir shapaloq qo‘yib, arang tarjimai holchining changalidan qutilib oldi. Har nechukda Hoji Mu’in ko‘z ostig‘a olg‘an kishilari (mavzulari) ko‘b bo‘lsa ham, baxtka qarshi hamon marhum bo‘lmay, bechoraga tuzukrak ishlashga imkon bermay keladirlar. Bu jihat bilan qarag‘anda Hoji Mu’in afandi ma’zurdir.

Olti yillik bazmimizda ishtirok qilg‘an tatar o‘rtoqlarning birinchisi Abdurahmon Sa’diydir. Tarelka tutish va boshqa anov-manov, oldi-qochdilarini istisno qilg‘anda xolis bir siymo bo‘lib qoladir.

Ne’mat Hakim Abdurahmon Sa’diy bilan yoqa ushlashkanda tanda, bozorni yaxshig‘ina qizitqan edi. Sa’diy bilan og‘iz-burun o‘pushg‘ach, tomoshabin anqovlarni juda zeriktirib qo‘ydi.

Izziddin Sayfulmuluk o‘zining yagona xizmatining samarasi bo‘lg‘an sifilisni birinchi galda Turkistonga taqdim etdi, minba’d undan so‘zak, sil, moxxov va boshqa yuqumliq kasallar kutamiz.

Zarif Bashiriy bilar-bilmas lo‘lining eshagini sug‘orib, pulini olib keldi, uncha-muncha ig‘vosi ham yo‘q emas.

Vali Allomo‘v (Nurmat) ajoyib bir iste’dodga molik tarjimondir. O‘zi haqiqatda elli og‘iz chamasi o‘zbekcha so‘z biladir. Lekin o‘zining favqulodda iste’dodi soyasida shu elli og‘iz dastmoyasi bilan o‘n ming kalimalik ma’nolarni ifoda qila oladir. O‘zbekcha so‘z qahatligiga uchralg‘an bir zamonda, Allomo‘v o‘rtoqning bu hunari shoyoni tahsin va taqdirdir.

Yosh yozg‘uchilarimizning birisi bo‘lgan Sanjar o‘rtoq yalqovliqda yagona bo‘lib chiqdi. Ko‘rinishda ish po gorlo, haqiqatdachi; ehe…

Vadud Mahmud o‘rtoq bir burodarimizning tasviricha «ko‘klam»dir, ko‘klamning yozi bilan kuzi qalay bo‘lishini hozirdan aytib qo‘ymoq noma’qul buzoqning go‘shtini yemakdir.

O‘ktam afandini ham Sanjar bilan nikohlab qo‘ysaq ajoyib bir yalqovlar oilasi vujudga keltirgan bo‘lamiz. Yomonning bir qilig‘i ortiq, deganlaridek, bu qurg‘urimiz o‘lguncha mamadanai Xudo urgan bo‘lib chiqdi.

Shokirjon Rahimiy pulni juda-juda yaxshi ko‘rganidek, «komandiro‘vkani» o‘shancha yomon ko‘radir. Pullik joyga o‘zini tomdan tashlaydir. Komandiro‘vka desang, bezgagi ushlaydi. Peshonasi keng, tomoqning zavoli.

Ziyo Said yoxud nog‘orachining bachchasi, usta ko‘rmagan shogird har maqomg‘a ham yo‘rg‘alaydi.

Zehniyga Elbekda nima g‘arazing bor?

Elbekka Sani Zehniy chaqirayapti…

Olti yillik qizil matbuotimizning o‘gutlari mana shulardan iborat, desak bo‘ladir.

Tosh-torozu o‘qug‘uchining qo‘lida. Shuning uchun baho qo‘yish komissiyasining keragi yo‘q.

Julqunboy,

«Mushtum», 1924 yil, 21 iyun, 4(29)-son, 2-3-betlar

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse