Jump to content

Oktyabr’ qizi

From Wikisource
Oktyabr’ qizi
by Abdulhamid Choʻlpon
334904Oktyabr’ qiziAbdulhamid Choʻlpon

(doston)

1

Shovqun, gʻalva, qiy-chiy bosildi. Parda koʻtarila boshlagʻan edi.

Yoshligidan qattigʻ gapirib, shovqun qilib oʻrgangan kishilar hozirgʻina davom etdirib turgʻan shovqunlarini toʻqtatib, dim boʻldilar.

Har kim turgʻan oʻrnida, soʻnggi vaziyatda qimirlamay tek turib qoldi.

Keng choʻzuq sahnada (zalinda) ingillab uchub borgʻuchi chibiniiig tovushi ham quloqqa bahuzur eshitilar edi.

Koʻzlari sahnaga tikilgan har bir kishining koʻkragi koʻrilmagan bir narsani koʻraturgʻan chogʻdagʻi kabi yuqori-quyi harakatini tezlatgan, har kim hayajon bilan tin ola boshlagʻan edi…

Koʻk qargʻa shohidan uzun va tekis koʻylak kiygan, uzun, qora, kokil sochli yosh bir qiz chab qoʻlida dutorini ushlagʻani holda sahnaga chiqdi va sahnaning oʻrtasida turub kelinchaklarning qayin onalarigʻa bergan salomlari kabi tavozuʼlik bir salom berdi…

Salomga “alayk” oʻrnida bir qarsak toʻfoni koʻtarildi.

Qiz qarsaklar ostida sahnaning yuqori tomonida ustiga sher terisi poʻstak yopilgʻan supachaga kelib oʻltirdi. Dutorning qillari ustida uning barmoqlari shamol yumshoqligʻi bilan yugura boshlab, uning hali buzulmagʻan qiz tovushi sahna va sahn mebillariga urulishib, suykalishib chopib yurgʻan choqda, minglarcha kishini oʻz qoʻyniga olgʻan keng va uzun sahn goʻr tinchligʻi, oʻlim jimjitligiga yotqan edi…

2

Ul oʻzi otasiz, onasiz, qavm-qarindoshsiz yetim bir oʻzbek qizi edi.

Uning qizligʻi yetilish nuqtasigʻa yaqinlashib kelganda, oʻzbek sahnasi ham yosh va chanqogʻ quchogʻini yosh kuchlarga erkin-erkin ochib kelar edi.

Oʻzidagi sanʼat havasi ham oila hayotida boʻlgʻan erkinlik uni toʻrt devor orasidan sekingina tortib olib, sahnaga otdi. Sahnaning sanʼatkor, masrur quchogʻida xalq dardlarini yashatmoq istagan oʻtli yoshlar uni oʻzbek sahnasining ilohiy bir guli kabi qarshi oldilar.

Unga biroz tarbiya berdilar, unga oq-qorani tanitdirdilar, uni sahna bilan yaxshi tanishtirgach, xalqning oʻz dardlarini oʻziga toʻkib bermak uchun sahnaga chiqardilar.

Oʻzbek qizining oʻz ogʻzidan, oʻz tpli bilan toʻkilgan oʻzbek dardlari, uning dutorining ijirgʻanuvchi tovushlari bilan birga, oʻzbek xalqining zang bosib kelayotqan dillariga shuncha yaxshi taʼsir qildi kim, zanglari sekin-sekin yuvulub, artilib borgʻandek boʻldilar.

Shuning uchun xalq ruhi uni sevdi.

U sahnaga chiqqan kuni uning oyoqlari ostida bir xalq mahshari, bir odam qiyomati uyushar edi. U xalqning oʻz qizi boʻlub ketdi. Unga xalq oʻzi Vannaychaxon deb ot qoʻydi.

Xalqning qoʻygʻan oti qari chollardan tortib kichkina bolalarga qadar har yerda, har joyda, har vaqt takror etilar edi: “Vannaychaxon!”

Xalqning ruh ozuqigʻa muhtoj boʻlgʻan koʻngli goh-goh oʻz qizi Vannaychaxonning ixcham barmoqlari bilan shirin tillaridan oʻziga oziq olar edi.

3

Bir sovuq shamol keldi.

Daraxtlar sargʻaygʻan barglarini chirs-chirs uzub, yerning qora quchogʻigʻa irgʻitdilar.

Qushlar koʻzlarida yiroqdagʻi issigʻ oʻlkalarning shaklini gavdalantirib va miyalarida xurmoli oʻrmonlarning zavqini jonlantirib, toʻp-toʻp, yakka-yakka boʻlishib gʻurbat xarobalari ustidan uchub oʻtub ketdilar.

Koʻm-koʻk koʻylakli tolalar dogʻ tushib sargʻayib qolgʻan koʻylaklarini yirtib-parchalab tuproqlar orasigʻa koʻmdilar-da, oʻzlari yap-yalangʻoch, quruq gavda bilan qoldilar.

Yiroqlardan qargʻalarnnng mudhish nagʻmalari, shodlik kuylari eshitildi.

***

Borib koʻrdilar:

Paxta kabi oppoq tan, koʻk qargʻa shohidan koʻylak – qonga boʻyalgʻan.

Bosh tandan ayrilgʻan holda, qon surkalgan qora sochlar ustiga yopilgʻan.

Goʻzal qora koʻzlar jahannam chuqurligʻigʻa botqanlar.

Yuzdagi nurlar yirogʻ oʻlkalarni eslab uchub ketgan qushlar bilan birga ketganlar.

***

Vannaychaxon oʻlgan…

Vannaychaxonni eri oʻldirgan…

Shafqatsiz er xalq qizining hayot boʻgʻizlarigʻa pichoq qadagʻan…

Vannaycha milioʻn sonliq oʻzbek xotun yaqdilar oʻrdusining yolgʻiz, birgina osiyasi, birgina bogʻiyasi edi.

Vannaycha turmushga, qullar, choʻrilar turmushiga isyon qilgʻan, kishanlarni yumshoq qoʻli bilan uzgan, parachalagʻan bir oʻzbek qizi edi.

Vannaycha Oʻktabr toʻfoni davrida qullikdan qutulgʻonligʻi uchun Oʻktabr qizi edi.

Uni beshinchi qatla kelaturgʻan Oʻktabr koʻra olmadi…

Beshinchi marta kelaturgʻan Oʻktabrda u xalq dardiga tilmoch boʻla olmadi…

U oʻzini erkinlikka chiqargʻan Oʻktabrni och yerning qora bagʻrida qarshi olgʻusidir…

4

Qushlar yiroqlargʻa uchdilar…

Ular bilan birga Vannaychaxonning ruhi ham uchdi…

Shuning bilan xalqning ruhndagi bir iarcha olov ham oʻchdi, soʻndi…

Xalq Vannaychaxonning ruhini yiroqlargʻa uchqan qushlar bilan birga uchub ketkanini bilgan, sezgan boʻlsa kerakdirkim:

Havodagi boʻz toʻrgʻay

Boʻzlamasang ne boʻlgʻay?

Vannaychaxon dardini

Soʻzlamasang ne boʻlgʻay? –

degan…

Bu Vannaychaning hayotidan-da, oʻlimidan-da sirli va maʼnoli soʻzlardir…

***

Vannaycha – erkinlikka intilguchi bir oʻzbek qizi.

Vannaycha – Turkistonda Oʻktabr tomonidan ozod qilingʻan anʼanalar quli.

Vannaycha – sodda bir osiya.

U – fransuz huquqi nisoni (feminizm)ning timsoli mujassamasi boʻlgʻan Juzanna Volantin emas…

Unda Juzanna Volantinning yuksak falsafiy, ilmiy qarashlari yoʻq.

U Juzanna Volantin kabi oila turmishiga, birga er-xotun boʻlub turushga qarshi qoʻzgʻolgʻan emas.

U fransuz muharrirasi Marsel Tinair oʻylagʻancha jahoniy alamlar bilan qaygʻirgʻan qiz emasdir.

U faqat Turkiston qullugʻigʻa, musulmon anʼanasining behuda taassubiga qurbon boʻlgʻan bir oʻzbek qizidir…

***

Gulidan ayrilgʻan sahna, kel, koʻnglingdagi alamlarga qoʻlimdan kelgan qadar tilmochlik qilay! Qizidan ayrilgan xalq, kel, qaygʻilaringni oʻrtoqlashay!

Necha milyonlik zaif qullar orasidan birginasini qutqargʻan Oʻktabr, kel, sening beshinchi yoshingni uning xotirasiga koʻmilgan holda qarshi olay!

Uning ruh uyasi boʻgʻozlarida oʻtkur pichoqni oʻynatqan qotil, kel, butun shu milyon qullar oʻrdusining barcha laʼnatini qora yuzingga irgʻitay!

Xalqning alami, sahnaning qaygʻisi, qullar oʻrdusining qargʻishlari, oʻzimning koʻz yoshlarim va Oʻktabrning gʻazabidan yigʻilgʻan gullar toʻplamini, kel, ey oʻzgarish qizi, qulliq sevguchilarning yuzlari kabi qora boʻlgʻan qabr tuproqlaringgʻa Oʻktabr tongida sochib, yoyib yuboray!..


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"