Jump to content

Ohkim, solib uqubatlarg‘a jonimni maraz...

From Wikisource
Ohkim, solib uqubatlarg‘a jonimni maraz...
by Roqim
333199Ohkim, solib uqubatlarg‘a jonimni maraz...Roqim

Ohkim, solib uqubatlarg‘a jonimni maraz,
Ayladi mamlu jarohatdin dahonimni maraz.

Turfakim aylab tilimni ham sarosar zaxmnok,
Qo‘ydi so‘z derdin zaboni durfishonimni maraz.

Turfaroq bukim olib mendin yemak — ichmakni ham,
Emdi bo‘g‘zimdin kechurmas oshu nonimni maraz.

Oshu nondin demakim, bir qatra suv ichmak manga,
Mumkin ermas, olg‘ali tobu tavonimni maraz.

Aylabon zulmu sitam yuz ming uqubatlar bila,
Oh, jonim olg‘udek bermay amonimni maraz.

Ko‘r, ne zolimdur yomon holimg‘a rahmi kelmadi,
Eshitib jonkoh faryodu fig‘onimni maraz.

Aylabon qahru g‘azab boshimg‘a savdolar solib,
Yig‘nadi bozor olamdin do‘konimni maraz.

Bo‘yla mehnatni chekarda do‘stlarni demayin,
Ko‘rmasun dushman degan nomehribonimni maraz.

O‘yla sovurdi vujudim xirmanin bodi fano,
Emdi istab topmag‘ay nomu nishonimni maraz.

Keldi jallodi ajaldek olgali jon naqdini,
Oxtarib istab topib yotgan makonimni maraz.

Anglamon o‘lsam qasosimni marazdin kim olur,
Zaxm urub jonimg‘a to‘kti yerga qonimni maraz,

Rahm etib holi xarobimg‘a xudoyim saqladi,
Olg‘udek erdi yo‘q ersa xasta jonimni maraz.

Kuydurub jonimni mag‘zi ustuxonim o‘rtadi,
Ayladi nobud paydovu nihonimni maraz.

Qilg‘asen, yo rab, o‘zing Roqim duosin mustajob,
Qilmag‘ay vayron banogah xonumonimni maraz.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.