Ohista-ohista

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ohista-ohista
by Furqat

Vafo aylab yiroqdin oshkor ohista-ohista,
Bir ishqim aylading, jono, hazor ohista-ohista.

Na yaxshi marhamatlar aylamishsan nomada izhor;
«Muhabbat rasmi qilg‘il» deb shior ohista-ohista.

Jadal birla kishi maqsudig‘a yetgan emas, ore,
Bo‘lur vaqti bilan har nav’ kor ohista-ohista.

Nechuk toqat qilaykim, bora-bora zo‘r etib ishqing,
Ko‘nguldin oldi sabr ila qaror ohista-ohista.

Berib taskin ko‘ngulg‘a: vasliga bir kun yetarman deb
O‘zimni o‘rgatay hajringga, yor, ohista-ohista.

Parishon o‘lmayin to xotiringni jam’i qil, jono,
So‘rab holimni xat birlan biror ohista-ohista.

Nechuk osoyish aylay, ey ko‘ngul oromikim, sensiz
Bo‘lub borur jahon ko‘zimg‘a tor ohista-ohista.

O‘shal kun bir ko‘rib qolganda qilgan novaki g‘amzang
Hanuz aylab kelur ko‘ksim figor ohista-ohista.

Visoling bodasidin qilmasang shodob Furqatni,
Xabar aylar ani hajru xumor ohista-ohista.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.