Jump to content

Oh, bonkalar bizni barbod etdi

From Wikisource
Oh, bonkalar bizni barbod etdi (1914)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334145Oh, bonkalar bizni barbod etdi1914Mahmudxoʻja Behbudiy

— Shundaymi?

— Albatta yo‘q.

— Bas, nima bizni barbod etdi?

— Nozoalla, hisobsizlik. To‘g‘ri, aql va tarbiyasizlik bizni barbod etdi. Ayb bonkada yo‘q, bizda. Chunki boshqa millatlar bonkalar sababi ila obod bo‘lur. Davlati va mulki ortur. Ammo biz, zohiran bonkalar sababi ila barbod va faqir bo‘larmiz. Avvalgi bor mulkimiz qo‘ldan ketarki, muning asl sababi bonka emas, o‘zimizni tarbiyasizligimiz va donishsizligimiz va behisobligimiz hamda naf’ va zararimizni bilmaganimiz, tijorat ishi va ahli zamonadan bexabarligimizdan, xulosa, jaholat va nodonligimizdandur.

Bonka sababi ila yahudiy, armani va boshqalar davlatlik bo‘lur. Biz bo‘lsa, bolaks davlatimizdan, mulk va obro‘yimizdan ayrilarmiz. Chunonchi, qo‘ldagi bor nimarsamizni to‘y va azog‘a, behuda odatlarg‘a sarf etarmiz. Ko‘rpamizga qarab oyoq uzatmaymiz. Qarz ila imorat, to‘y, fisq va boylik qilarmiz. Isrof qilarmiz. Oxiri «Xasr ad-dunyo va-l oxira» bo‘lurmiz. Bu sabab ila faqirlik darajasinda tushub, so‘ngra bonkadan Dodxohlik qilarmiz. Bir karra diqqat qilinsun, bir yahudiy, bir o‘rus, bir armani hech vaqt to‘y degan balog‘a besh ming so‘m, hatto, bir-ikki ming so‘m sarf qilgani eshitilmaydur. Biz bo‘lsa, yigirma ming so‘mlab sarf etarmiz. Qoshki bu pul o‘zimizniki bo‘lsa ediki, yalg‘uz isrof gunohi ila qutularduk. Yo‘q, balki biz haq-ul-abddan qo‘rqaturgon musulmonlar boshqalar oqchasini barbod etib, oxiratg‘a qarzi dunyog‘a kulfat ortdurarmiz. Mundan noma’qul harakot, albatta, shar’an va aqlan gunohi azimdur, devonalikdur.

Ho‘qanddan janob M. D. R. M. afandi yozadurlarki, bonkadan foydalik oqcha olmoq durustmi? Va biz, musulmonlar nima uchun bonkadan pul olib sinarmiz? Avvalgi savol uchun javob berarmizki, shar’an bonkadan pul qarz olmoq to‘g‘risinda mo‘tabar «Sho‘ro» majallasinda tafsili ilan ko‘b yozildi. Xohlasangiz «Sho‘ro»dan o‘qub ogoh bo‘larsiz va ul siz uchun hozirjavobdur. 2-savolg‘a qisqalik ila shuni yozarmiz: masalan, Abdullaboy bazzozni o‘zidan besh ming so‘m sarmoyasi bor. Do‘konidan 500 so‘mlik molni olti oy va’da ila nasya sotdi. Albatta, bu sotilgan molg‘a aqlan 50 so‘m foyda qo‘yub ediki, yuz-da o‘n yuzasidan bo‘lur. Endi do‘kondagi mol oz edi, yana mol olmoq uchun oqcha yo‘q. Qanturdan nasya olsa, avvalda naqdag‘a nisbatan 7—8 hissa qimmat qilib berur, Masalan, 400 so‘mlik molni olti oyg‘a 470 so‘m, balki ziyoda qilib berar hamda yaxshi molg‘a yamonni qo‘shar, agarda Abdullaboy bazzoz bonkag‘a sotgan moli uchun olgan vekselini qo‘ysa, olti oyg‘a bonka 500 so‘m naqd berib, faqat 15 yo 20 so‘mgina foyda saxlaydurki, bizni bazzozimiz ushbu pulg‘a 4—5 kanturdan chekkasig‘a chertib, siylab molni arzon narxga olur. Ana bonka hikmati va kerakligi shundan iboratdur va ham shunday o‘lchav ila muomala qilinsa, har kim bonkadan foyda ko‘rar. Yo‘q, bonka uni uchun emaski, bir pulsiz do‘kon o‘lturub va bonka pulini nasya qilib, to‘y va ziyofat va imorat va sharoratg‘a, ko‘bkari va azog‘a sarf qilib yo bonkadan qarz olib, haj borib, dunyog‘a baobro‘ va oxiratg‘a qarz yuklab ketmoq uchun emasdur.

Muhtaram M. D. R. M. afandi! Mundan boshqa yana sinmoqimizg‘a sabab tariyqi tijoratni, molni olish va sotish joyini bilmaganimiz, paxta va boshqa g‘alla to‘g‘risinda Amriqo, Afriqo va Ovrupo bozor va ziroatlarini holidan, bo‘lgan va bo‘lmaganidan bexabarligimizdur. Bizni tojirlar aksariyat ila hech joydan bexabar «tavakkal» deb ish qiladurlarki, tashabbussiz tavakkal ila ish qilmoqni shar’an manhiyligidan bexabarligimiz boisdur. Eng oxirgi sabab sinmoqimizg‘a shulki, tijorat maydoninda nodonligimizdan boshqalar tarafidan aldanarmiz. Xulosa, bizlar kommersant, ya’ni tojiri zamoniy emas, balki bizlarg‘a dehqonlik lozim. Ammo maataassuf unga ham ilmi basirat va hisob lozimki, bizg‘a shu ilmi zamoniy yo‘q, binobarin kelarimiz nihoyat qorong‘udur. Mulklarimiz aksari qo‘ldan ketar va qora mehnatkash bo‘lub qolurmiz. Alloh basirat bersun. Shayx Sa’diy deyur: «… madohili o‘n sakkiz va maxoriji yigirmalik kishi holig‘a yig‘lamoq kerak. Kunduz chirog‘ yoqqan ablahning oqshom qorong‘uda o‘lturganini yaqinda ko‘rarsan».

«Oyna» jurnali, 1914 yil, 19-son, 342—344-betlar.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.