Ogohnoma

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ogohnoma
by Ogahiy

Shahanshahliq o‘lsun muborak sango,
Madadkor Tangri taborak sango.

Zamiringni sabr aylabon shod tut,
Bori kulfat-u g‘amdin ozod tut.

Ato so‘gidin bo‘lma anduhgin,
Ko‘ngulni bu g‘am birla qilma hazin.

Agarchi bu g‘am asri dushvordur,
Vale chekkali banda nochordur.

Eshit bu hazin bandadin ma’rifat
Ki, degum necha manfaatlik nukat.

Ki, to qildi mavjud olamni haq,
Yaratdi bari xayli odamni haq.

Alarg‘a qilib yer yuzini makon,
Necha nav’ ne’matlar etdi ayon.

Jahon ichra xalq ayladi shohlar,
Qavi qudrat-u sohibi johlar.

Qilib ba’zi lutf-u karam oshkor,
Vale ba’zi zulm-u sitam ixtiyor.

Yetib ba’zidin elga rohat base,
Vale ba’zidin ranj-u mehnat base.

Bo‘lub ba’zi tahsini rahmatg‘a to‘sh,
Vale ba’zi nafrin-u la’natg‘a to‘sh.

Qilib saltanat barcha o‘z komicha,
Surub hukmini ko‘ngli oromicha.

Agar yaxshi erdi va gar xud yamon,
Yer ostida bo‘ldi borisi nihon.

Na qoldi alarning baridin asar,
Na bo‘ldi birining ishidin xabar.

Barisi ko‘rub charxi dundin sitam,
Adam sori nochor qo‘ydi qadam.

Budur, doyimo charxi zolim ishi
Ki, zulmidin aslo qutulmas kishi.

Qani ul salotini oliymakon
Ki, yer yuziga erdilar hukmron?

...Qani ka’bayi qiblagohing saning
Ki, erdi shafiq-u panohing saning?

Olur chog‘i ilkiga tiyg‘-u tabar,
Edi ojiz o‘trusida sheri nar.

Ani ham qilib ojiz-u notavon,
Adam kishvari sori qildi ravon.

Kishi shoh bo‘lsun va yoxud gado,
Qutulmoq falak zulmidin yo‘q ango

Yuzida yo‘q aslo hayodin asar,
Ko‘zida yo‘q aslo vafodin xabar.

Hayosizdin aslo vafo istama,
Vafosizdin aslo hayo istama.

...Bugun, podshoho, sanga saltanat
Beribdur Xudo ko‘rguzub marhamat.

Agarchi bu ish bas og‘ir yukdurur,
G‘amu mehnati necha turlukdurur.

O‘zungni bu yuk chekkali chog‘lag‘il,
Kamar belga himmat bila bog‘lag‘il.

Bu ishda o‘zing solma, mardona bo‘l,
Jalodatshior-u dalerona bo‘l.

Bu ishning kamolig‘a tolib esang,
Aning boisi ne ekandur, desang.

Degay bir-bir oni oshuftahol,
Topar saltanat necha ishdin kamol.

Ki, himmat biridur, shijoat biri,
Adolat biridur, siyosat biri.

Jalodat biri, biri g‘ayratdudur,
Saxovat biri, biri iffatdudur.

Biri hilm keldi, birisi hayo,
Biri va’dag‘a aylamaklik vafo.

Futuvvat biri, sof niyat biri,
Muruvvat biriy-u hamiyat biri.

Biri shar’ hukmiga bermak rivoj,
Biri kufr dardiga qilmoq iloj.

Biridur vuquf o‘g‘rilar holidin,
Alar ilkiin kesmak el molidin.

Biri keldi bo‘lmoq raiyatnavoz,
Masokin-u mazlumg‘a chorasoz.

Biri tarbiyat birla qilmoq azim
Alarniki, dur nekxohi qadim.

Birisi sipah ko‘nglin olmoqdurur,
Karam domi bo‘ynig‘a solmoqdurur,

Bulardin yetar saltanatg‘a nizom,
Bularsiz ul ish topmas aslo tamom.

...Bu so‘zlarnikim, man bayon ayladim,
Necha bayt birla ayon ayladim.

Bularga qayu shahki qilsa amal,
Aning mulkiga yetmas aslo xalal.

...Shaho, olam ichra bugun shohsen,
Burundin bu so‘zlarga ogohsen.

Umidim budurkim, amal qilg‘asen,
Amal aylamakda jadal qilg‘asen.

Ko‘rub bazli lutfing havosi avom
Hama bo‘lsun osudayu shodkom.

Alar ichra ushbu faqir Ogahing,
Demay Ogahingkim, g‘ubori rahing.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse