O’ttum

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O’ttum
by Boborahim Mashrab

Ishq vodisidin bir kecha men "hay-ha”lab o’ttum,
Monandi nayiston gulig’a o’t qalab o’ttum.

Ofoqni bir lahzada kezdim, na ajabdur,
Mino tog’idin akkasifat hakkalab o’ttum.

Ottim fashi-dostorini devonalig’ aylab,
Parvonasifat jonimi o’tqa qalab o’ttum.

Bildimki, vafosi yo’q ekan ushbu jahonni,
Mardona bo’lub, balki, etak siltalab o’ttum.

Dunyo yasanib, jilva qilib oldima keldi,
"Borg’il nari!” deb (ketig’a) bir shattalab o’ttum.

Bildimki oni, dushmani makkorayi ayyor,
"Lo” tirnog’I birla yuzini tirmalab o’ttum.

Mardoni xudo dediki: "Dunyo mayi achchig’”,
Achchig’ligini bilmak uchun bir yalab o’ttum.

Nafs kofiri birla tunu kun qildim urushni,
Tanho qilichi birla urub, qiymalab o’ttum.

Xomush pichog’in har dam oning bo’g’ziga qo’ydum,
Cho’g’ nayzasi birla ko’zini nayzalabb o’ttum.

Devonayi Mashrab, bu so’zung dardga davodur,
Oshiq elining ko’nglig’a bir o’t qalab o’ttum.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse