Jump to content

O‘zbekistonning oltini

From Wikisource
O‘zbekistonning oltini (1927)
by Abdulhamid Choʻlpon
335391O‘zbekistonning oltini1927Abdulhamid Choʻlpon

Jumhuriyatimizning eng boy rayoni, xo‘jalig‘ning manbai Farg‘onadir. Farg‘ona paxta, qoramoy, ko‘mirlar ustig‘a yana bir qancha boyliqlarg‘a egadir. Jumhuriyatimiz yashag‘an, xo‘jaliq va ro‘zg‘orimiz tiklangan sari boyliqlar, ishlab chiqarishlar yana ko‘paymakda, yana ko‘p hosillar bermakdadir.

Farg‘ona shahari hozirda bu boyliqlarning tugal markazi bo‘lmasa ham, kelgusida zovud-fabrik, ishlab chiqarish korxonalariga ega bo‘lg‘usidir.

Ipak fabrikasi

Xo‘jalig‘i pilla – ipakchilik ishi bilan mashg‘uldir. Bu xo‘jaliqlarning 3/1 ehtiyojini shu ishdan kelgan daromad qoplaydi.

Pillachilik ishi boshqa xo‘jaliq ishlariga qarag‘anda bir qancha yengil va unumli sanaladi ham ortiq xarajat va ishlash uchun yer talab qilmaydi. Dehqonlar, boshqa xo‘jaliq ishlariga zarar yetkizmasdan turib, pilla – ipakchilik bilan mashg‘ul bo‘la olg‘anlari orqasida bu ishdan bir qanchalab daromad ola biladirlar.

Pilla – ipakchilik ishining hosili inqilob vaqtida, bosmachiliq davrida ancha pasayib ketib, 19-20 nchi yillarda urushdan avvalgi miqdorning 5 foizinigina tashkil qilar edi. Bu ishga milli y chegaralanishdan keyin ahamiyat berilishi orqasida pilla – ipakchilik ishining hosili urushdan avvalgi miqdordan o‘tib ketdi.

Pilla qurti tutish, uni voyaga yetkazish va to‘ydirish uchun eng kerakli meva-ovqat tut daraxti – bargidir. Urushga qadar (hozirg‘i O‘zbekiston o‘lchovida olg‘anda) tut daraxtlari 15 milyon sanalib, bosmachiliq davrida dehqon xo‘jalig‘ig‘a qaralmag‘andan, tut daraxtlari ozayib, hozirda 10 milyonga keldi. Shunday bo‘lsa ham tut daraxtidan foydalanish tuzuk yo‘lg‘a qo‘yilg‘anlig‘idan pilla hosili urushdan avvalgi miqdordan ortdi.

Inqilobdan ilgari pilla – ipakchilik ishlari xususiy sarmoya qo‘lida bo‘lishi bilan barobar butun pilla chet ellarga yuborilib, u joylarda ishlatagandan keyin Rusiyaga kirgizilar edi. Ipakka doimiy ehtiyoji bo‘lg‘an mahalliy xalq, o‘z molini bir necha barobar qimmatga qaytib sotib olishqa majbur bo‘lar edi. Chet el fabrikantlari pillalarni xom holida olib ketishdan katta foyda qilar edilar. Shuning uchun pillani pilla yetishadurg‘an yerning o‘zida ishlash, ipak tayyorlash ishlari yo‘lida hech qanday korxona yo‘q edi. Ikkinchidan, o‘z yerida korxona bo‘lmag‘anlig‘idan pilla bahosi juda arzon sanalishi orqasida bu ish bilan mashg‘ul dehqonlar sarf xarajatlarini qaytarib ham ololmas edilar.

Sho‘rolar davrida har bir ish, ayniqsa qishloq xo‘jalig‘ini tiklash ishi dehqonlarning foydasig‘a to‘g‘rilab qo‘yilg‘anlig‘idan jumhuriyatimizda ipakchilikni ham dehqonlarg‘a foydaliq qilib yo‘lg‘a qo‘yish ishiga kirishilgandir.

Biz hozir bir necha yildan buyon yo‘lg‘a qo‘yilib ishlab kelmakda bo‘lg‘an Farg‘ona shaharidagi (Samarqandda yangi ochilg‘an fabrikaga hali to‘xtaymiz) ipak fabrikasi bilan faxrlana olamiz. Bu fabrika o‘z orasig‘a mahalliy xalqdan ishchilar to‘plab, kelgusida tayanadirg‘an istehkomimiz – proletariyat yetkazishda katta ro‘l o‘ynaydi. Bu fabrikaning muvaffaqiyati va tajribasi orqasida O‘zbekistonda pilla va ipakchilik ishini, bu yo‘ldag‘i sanoatni katta odamlar bilan olding‘a olib borishqa imkon ochiladi.

Bir vaqtda gubernatur va unga qarashliq poraxo‘r chinovnik – paliskalar ega bo‘lg‘an chiroyliq, yoqimli, ko‘rinishli Farg‘ona shahariga bu kun fabrik – zovud ishchilari egadirlar. Bu fabrika O‘zbekiston ipakchiligi fabrikasidir.

Fabrika va uning idorasida bo‘lg‘an ishlarning oddiyligi har bir kishining hursand qiladi. Ko‘zimiz o‘rgangan bahayvat mahkama, yumshoq mebellar, asbob-uskana taroqlashlar bu yerda yo‘q. Bu yerning ko‘rinishi oddiy, soddaligi proletar makoni ekanligiga shohiddir.

Fabrika ichiga kirish bilan, guldir-guldir mashinalar atrofida pillani qaynatish, ishlash, o‘rab chiqarish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lg‘an mehnat egalarini ko‘rasiz. Bu mehnat egalari o‘zlaringizning kunda ko‘rg‘an, kunda uchratgan opa-singil, aka-ukalaringizdirlar. Hali birovga ko‘z ko‘tarib qaramaydirg‘an nomusli o‘zbek qizlari, boshqalar bilan birobar huquqli opa-singillar; o‘zining oddiy kiyimida bo‘lg‘an xotin-xalaj; chiroyliq shohidan tikilgan kiyimli va ro‘molchasini ixcham o‘rab olg‘an ko‘zi qoralar ishlaydi. Mohir qo‘llar ishni tartib, intizom va to‘g‘ri yo‘l bilan olib boradi. O‘zbekistonning qimmatli oltini – ipakni yurzaga keltiradi.

Fabrikadagi yerlik ishchilar hozir 71 prasentni tashkil etadi. 1926 nchi yildagiga qarag‘anda 10 prasent ortqan.

Hozirda fabrika 3 ismen bilan ishlaydi. Ishlash va yangi ishchilar olish yana kengaydi. Olinadirg‘an ishchilarning bundan keyin ham eng ko‘bi yerli xalqlardan bo‘ladi.

Ish haqi 24 nchi yilda 100 prasent sanalsa, 25 nchi yilda 112 prasent, 26 nchi yilda 118 prasentga chiqdi.

Ishlab chiqarish ishi quyidag‘acha: har bir toza (pillani ishlab chiqaradurg‘an qozon) 24 nchi yilda 39 put 4 qadoq pillani ishlab chiqarg‘an bo‘lsa, 25 nchi yilda 51 put 32 qadoq, 26 nchi yilda – 153 put, 27 nchi yilda 195 put 20 qadoq ishlab chiqaradirg‘an bo‘ldi.

Kelgusi 4-5 yil ichida yangidan quriladirg‘an ipak fabrikalari o‘z atrofiga o‘n minglab proletariyat to‘plashni o‘ylaydirlar.

Q.

“Yer yuzi” jurnali,

1927-yil, № 33.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"