O‘zbek yosh shoirlari
1
Yosh o‘zbek shoirlari orasida o‘zining shoirlik kuchini tez vaqt ichida ochiq tanita olg‘an eng birinchi shoir Cho‘lpondir.
Bu shoir o‘zini so‘nggi 3-4 yil ichida, ya’ni 1919-1924 yillar orasida ochiq tanitdi. Shuning uchun kerak “O‘zbek yosh shoirlari” to‘planmasida, kerak gazeta va jurnallarda, kerak o‘zining “Uyg‘onish”i bilan “Buloqlar”ida bosilg‘an hamma she’rlari shu yil orasida yozilg‘andir. Shular orasida ko‘bi ham 20-22-yillardadir (Faqat nima uchun “Buloqlar”ida she’rlarining yozilg‘an yillari qoldirilib bosilg‘an. Bu zo‘r e’tiborsizlikdir).
O‘zbek yosh shoirlari ichidan bu yillarda eng ko‘b yozguvchi ham shu shoir bo‘ldi.
Shu qizg‘in ijodi davrida bu shoir endi o‘zi to‘g‘risida salbiy yo ijobiy, qat’iy ham ochiq fikrlar bayon etishga yetarlik sarmoyalar berdi, deb o‘ylaymiz.
2
Cho‘lponning bu davrdagi she’rlari o‘zini anglab o‘quguvchilariga uni “Uyg‘onish” bo‘ylaridan, Turkiston tog‘lari orasidan chiqqan bir yonartog‘ ravishda tanitadir. Yoki biz uni o‘zining og‘zidan kinoya yo‘lli:
Zo‘r tengizning to‘lqunidir, bag‘rida
Yuz yillarning qonli, qo‘rqinch izi bor.
Yumshoq suvdan biriktirgan og‘izida
Shafqat bilmas isyonlarning so‘zi bor!
deb sifatlagan “o‘tli suv”ning o‘zi deb taniy olamiz.
Uning miyasi haqiqatan kuchli bir o‘t bilan sug‘orilgan bo‘lsa, yuragi ham zaharlik bir “o‘tli suv” chashmasidir. Yoxud bu shoir butuni bilan bir yong‘indir.
Bosh bermas qizg‘in bir o‘tli yurak, zaharlik bir tan olish – mana, Cho‘lponning eng qisqa bir ta’rifi shu bo‘lur.
U yonadir ham yondiradir, biroq u:
Ohimning o‘tidan chiqqan shu alamlar,
Sharqning ko‘kragida bir joy topmasmi?
Ko‘ksimdan qisilib chiqqan na’ralar,
Uxlag‘an dillarga sanchib oqmasmi?
deb, o‘zi o‘tidan o‘zi quygandek, boshqalarni ham shu o‘tda kuydirmak bo‘ladir.
Shoirni kuydirgan narsa ham, kuldirgan narsa ham yashagan muhitlardagi turlik hollar, shundagi turlik voqealar ekanligida shubha yo‘q.
Ortiq sezgich yuraklik Cho‘lponning ham “o‘lka”sining va shu o‘lkadagi o‘z xalqining “o‘tmish”i bilan hoziri yondiradir. Uning yuragidagi butkul olov mana shu muhitning shu ikki davridan oling‘andir.
U o‘zi:
Mening o‘yimmi qora?! Yo yurt ko‘gida bulut?
degan so‘zi bilan o‘zining qanday bir muhit yemishi bo‘lg‘anligiga ochiq ishora qiladir.
Uning ko‘ngli tongi otmay turg‘an ko‘b uzun “tunlar” bo‘yincha “to‘shaqda uylar orasida o‘g‘roshib yotmoq”dan butkul buzilg‘an, qisilg‘an va tamom asabiylashgan bir ko‘ngildir.
Shoir o‘zi bu to‘g‘rida:
Bo‘g‘iq, qisiq bu ko‘ngil kuchli o‘t bilan yonadi –
degandan keyin, u o‘tning qanday bir o‘t bo‘lg‘ani, uning ichida nimalar borligini ham bizga:
U o‘tning orasida yurtning xayoli jonlanadir…
deb tamom ochib beradir.
Shuning ustiga yana Cho‘lpon o‘zi to‘g‘risida:
Men-kuchli; menda isyon;
Menda-to‘lqin; menda tug‘yon;
Ko‘pirarmen, tosharmen;
Chegaradan osharmen.
To‘fon elini bosar,
Turmish tog‘lardan oshar,
deydiki, umuman muning durustligini bizga uning boshqa hamma she’rlari tasdiq etadir.
– Yozilmag‘anmi bu tunlar so‘ngida tong otmoq?
deb ochiq xitob berguvchi bu shoirning “ikki ko‘zi yalt-yult” etib, ko‘kidan tilagining yulduzini qaraydir.
Bu tilak yana uning umuman o‘z xalqining tilagi, jalpi mazlum sharq xalqlarining istagidir.
Biroq uning o‘z tilak yuldizining “o‘ngidan qora bulut o‘tib ketib o‘ng yuzin qoplaydir”.
Cho‘lpondagi to‘lqin, qaynash, achchig‘lanish, tug‘yon va isyonning boshqa sababi ham, boshlang‘an nuqtasi ham mana shundadir. Shundan unda ichki bir kurash, o‘t sochish boshlanadir. Shuning ustiga ul hech narsadan yupana olmaydir.
Agar: “Chaqmasa gugurtni asl o‘g‘ullar” unga uyi ham, his va xayollari ham hech bir turlik yupanch bermas kabi ko‘rinadir.
Qisqasi, Cho‘lponning “tomchilari” chindan ham “olov kabi” qaynaydir. “Olov kabi qaynag‘an qonlarini kechmishlardan olmishdir”ki, kelgusiga o‘tmoq uchun yo‘lda uyilib yotqan “xas-xashaklarni, tusuqlarni”, bu jonli shoir shularni quvvati bilan yondirib, kuydirib, yo‘q etib tashlamoq bo‘ladir.
Ul:
Ulug‘, qattig‘, ag‘darguvchi bir kurash
Yo, bor bo‘lish, yo yo‘q bo‘lish;
– Yo‘q yarash,
deb “baqirguvchi, o‘kirguchi bir” qo‘rqinch “tovush” ham chiqarib qo‘yadir.
3
Cho‘lpon chin ma’nosi bilan ro‘mantik bir yurak shoiri (lirik)dir. Lekin uning yuragi shaxsiy hissiyot bilan emas, ijtimoiy hissiyot bilan to‘lg‘an va qaynag‘an bir yuraqdir.
Shuning bilan birga u o‘zbeklarda ramzchilik-simvolizm eshigin ochkuvchidir.
Garchi ruh va ohang e’tibori bilan usmonlilar ta’siri ostida bo‘lsa ham, shuning o‘ziga maxsus tili-uslubi bordir. Uslubi ham umuman iqtisodlik bir uslubdir. Fikr va uslubda ohang jihatidan ham yosh o‘zbek shoirlari ichida bu shoir eng ustki o‘rnini hozircha boshqalarga bermaydir.
Bu shoirning fikrlari quyuq, tig‘iz; o‘xshatish va istioralari, kinoyalari yangi ham o‘zichadir. So‘rog‘ va xitoblari va she’riy sifatlari ham o‘tkir, keskin bo‘lib chiqadir.
Unda xayol ham keng, o‘tkir bo‘lishi ustiga hissiyot tamom samimiy, tamom ixtiyorsizdir, chindir. Unda hissiyot bilan sug‘orilgan fikr va so‘zlar yo‘q kabidir.
Uning:
Ko‘nglim kabi yaqin uylar, qishloqlar,
Boyqushlarga buzuq ko‘ksin ochqonmi?
Ba:
Ko‘m-ko‘k ekan sarg‘aydilar yaproqlar,
Og‘riq, mag‘lub, tutqun sharqning yuzidek,
Bo‘ronlarning ko‘zlari kim, o‘ynoqlar,
Gʻolib g‘arbning qonga to‘lg‘an ko‘zidek.
Ba:
Balo yanglig‘ qator-qator tizilib,
Ko‘k yuzidan qarg‘alar ham o‘talar,
degan kabi moddiy narsalarni ma’naviy narsalarga o‘xshatishdagi ustalik hozirgi yosh shoirlari ichidan Cho‘lponga maxsus kabidir. Shu yuqoridagi misralari ustiga uning yana sharq qizi og‘zidan aytdirgan:
Men bir sharq qiziman, sharqning o‘zidek,
Butun tanam, jonim xayol uyasi…
Menim qora ko‘zim kiyik ko‘zidek,
Belgisiz ovchining o‘qin ko‘rgusi…
degan misralari uning o‘xshatishlarining qanday o‘zicha, qanday samimiy ham qanday ingichka, chuqur va quyuq bo‘lg‘anini bizga ochiq ko‘rgazadirlar.
Uning:
Ay, har turli qulliklarni sig‘dirmagan hur o‘lkam!
Nega sening bo‘g‘zingni bo‘g‘ib turar ko‘lanka?!
Ba:
Nega tag‘in tanlaring-da qamchilarning kulishi?
Va “Zarafshon”da:
Tarixining qanotlari so‘ng yillar,
Allaqanday qora rang-la bo‘yonmish…
Yonlarida yashaguchi ko‘b ellar,
Qora yozmish qozug‘iga suyalmish…,
degani kabi xitoblarni, achchig‘ va keskin istioralarni Cho‘lponda ko‘b uchratarsiz.
Cho‘lponning “Amalning o‘limi” degan she’ri yuraklarga yondirg‘ich o‘tlar sochaturg‘an qo‘rqinch bir to‘lqinlardir. Umuman, Cho‘lpon sharqning ozodligi qayg‘usida telmurib shovqinlayturg‘an bir shoirdir.
Uning “Yong‘in”i yonartog‘dan sachragan bir olovga o‘xshaydir.
Biroq bu she’rni o‘qug‘ach, yong‘ich chiqqan keng o‘lkada yong‘an bu yurakning bu o‘tinikim nima narsa so‘ndira oladi? Yoxud uning shu so‘rog‘lariga javob nidosi qayda, ham uni-da qaңdaydir degan so‘rog‘lar boshga keladir.
4
Bu o‘rinda bu shoirning ba’zi bir salbiy yoqlarini, ya’ni oqsagan nuqtalarin ham aytib o‘taylik:
1) Shoir, ba’zan, kuchlik hissiyot ostida olovlik so‘rog‘larni berib kelgan chog‘ida yo‘lidan ozib, birdan so‘nib, sovuqlanib ketganday bo‘ladi. “Buzulg‘an o‘lkaga” degan she’rida:
“Kel, men senga qisqagina doston o‘qiy”, deb boshlangan to‘rt misra shundog‘ joylaridandir. Bular she’rning boshdan yolqinli hissiyot bilan yuraklarga urib kelgan kuchin birdan kamitib yuboradir.
O‘rtaga bu misralarning qisilishi go‘yo juda qizg‘in borg‘an bir arobaning gubchagi birdan katta bir toshga urilg‘andek tuyuladir.
“Vijdon erki” degan keyingi o‘n ikki yo‘li ham shundog‘ nuqtalardandir. Munda shoir qaynar, keyin xitoblardan so‘ng oyog‘i toyib, birdan va’z-o‘git berishga kirishadir. 9, 10, 11 nchi bo‘limlari ham shundog‘ “oyog‘i toyg‘an” nuqtalardandir.
2) Totorlardan mashhur Olimjon Ibrohimdek Cho‘lpon ham she’riy sifatlar (epitet)ni va jumlaning egalarini ba’zan tegishidan ortiq ko‘b keltira va shul sabablik ma’noni siyqalandirib, uning ta’sir quvvatini kamitib qo‘yadir:
Xira, uchgan, kuchsiz dalalarga…
Va:
Ochiq, mag‘lub, tutqun sharqning yuzidek…
Va:
Soviq, g‘amli, qora qish…
kabilar shunga misoldir. Munda birinchi misrada ikki sifat, keyingilarida “og‘riq” bilan “qora” har holda ortiqdir.
– Yorug‘, yog‘du, turmush tepgan yangi kun…
deganda “yorug‘” bilan “yog‘du” har holda birisi ortiqdir.
3) Ergashguvchi jumlalar ko‘b kyeltirish va jumlalar o‘zaro chatoq qilinib tuzilish sabablik she’rning ma’nosi qiyinlik bilangina anglanadir. Hatto tamom ochiq anglanilmasdan qoladi:
Yoki ko‘z yoshidan yig‘ilg‘an bir ko‘l,
Bo‘yida egilgan tolda bir bulbul,
Sayrasa, yig‘lasa; mashuqasi gul,
Kulganda yupatkay ko‘ldagi hurlar,
misralar kabi.
4) Ba’zi kinoyalari-ramzlari ortiq tumanlikdir (“O‘tli suv”i shunga misol).
5) “Kulmak istading” degan she’rida 11-17 yo‘llar orasidagi misralar iqtisodsizlik sabablik she’rni siyqalandirg‘andirlar.
6) Hayajonlik she’rlarda jumlalarni bir-birisi bilan “ki” yoxud “kim” yordamligi bilan bog‘lash kasalligi bu shoirda ham bordir. Holbuki bu she’rning kuchini yumshatadir.
7) Ba’zan mavzuita muvofiq bo‘lmag‘an zaif xitoblar bilan qanoatlanib tugal, jonlik tasvirni bera olmasdan qola ham kuchlanganligini sezdirtadir. (Munga “Binafsha”si bilan “Yotoqda” kabilar misol).
8) O‘rinsiz takrorlar ham uchraydir:
Kuz chog‘i, tuproqlar gezarib qoldilar,
Gezarib qoldilar kuz chog‘i tuproqlar,
So‘ng damda yaproqlar qizarib oldilar,
Qizarib oldilar so‘ng damda yaproqlar,
kabi.
5
Cho‘lpon omma-xalq shoiri emas, o‘qimishlilar-ziyolilar shoiridir. Uni omma-jalpi xalq tez anglamaydir. Lekin shuning barobariga, u xalq qayg‘usi bilan (faqat hech bir sinfga ayirmasdan) yonguchi “xalqchi” (narodnik) bir shoirdir. Uning ishq-muhabbat to‘lkunlari ham kuchsiz emas. Uning “Go‘zal”i, “Yo‘l esdaligi”, “Qizarish”, “Aldanish” kabi she’rlari shuni ko‘rgazadirlar. U bu to‘g‘ridagi nozik sezgilarni ham ustalik bilan bera oladir.
Cho‘lponni faqat tizmadagina emas, sochmada ham zamonining kuchli bir shoiri etib taniy olamiz. Munga ham uni gazetalarda bosilg‘an “Qon! Qon!” bilan “Vannaychaxon”i ham “Yo‘l esdaligi” shohiddir.
6
Cho‘lponning mungacha chiqqan shye’rlari bizga uni chin sinfiy inqilob shoiri emas, balki milliy inqilob shoiri etib tanitadirlar. Shuning uchun inqilobiy shye’rlari ozdir. Shularning ichidan “Ko‘zg‘alish”i bilan “Kurash”i sinfiy ayirmadan boshqa faqat jalpi xalqchilik ruhidadir.
Tomirimda qo‘zg‘alishning vahshiy qoni ko‘pirdi, degan bu shoirning “Qo‘zg‘alish”ini har holda proletariat – yo‘qsillar qo‘zg‘alishi ham shuning “vahshiy qoni ko‘pirdi” deya olmaymiz.
Uning “Tortishuv tongi” degan she’ri sinfiy kurashni tasvir yo‘lidaroq bo‘lsa ham, tugal ko‘rinishlik va ortiq kuchlik bo‘lib chiqa olmag‘an. Muңda shoirning “vahshiy qoni ko‘pura” olmaydir.
7
Tag‘in bu bor: “Farg‘ona” gazetasidagi so‘nggi “Madaniyat” degan she’ri (120 nchi sonda) Cho‘lponning tamom umidsizlik – pessimistik yo‘lga kirganin anglatadur.
U endi:
Haq bo‘linmas! Haq o‘rnida kuch bor
Va uning istagi faqat oltun!
Har amal, har tilakda bir o‘ch bor,
U uchun vosita-qurol: qonun!
Ag‘darib yiqquchi ulug‘ chaqmoq,
Shu bino ustiga guvvillab oq!
deb endi madaniyat degan narsadan butkul qo‘l siltaydur. Shuning ag‘darilishin so‘raydur.
Ehtimol, “sovuq ellardan muz kiyib kelganlar” ham, “bog‘idan mevasini terganlar” uni nihoyat shundog‘ bir holga kelishiga sabab bo‘lg‘andurlar.
Lekin mundan anglashilishiga qaraganda, shoirda har holda umidsizlik kuchaya borg‘anday ko‘rinadur. Unda umuman ijtimoiy umidsizlik g‘olib, uning boshqa she’rlari ham uning tarjimai holining shu qismin tasvirida bir birisidan o‘zishadurlar. Yoki uning ruhi chiziqlarin shu yoqdan ochadurlar. Tag‘in engajib mana shudir: bu shoir endi hatto o‘zining shoirligidan shubhalanib umidsizlana boshlag‘an.
Uning hali bosilmag‘an va faqat yaqinda o‘zbek bilim yurtidan adabiyot darslari zamonida yuqori sinf shogirdlari bilan adabiyot muallimlarining tegshirishiga yuborg‘an “Men shoirmi?” degan she’ri shunga shohiddir.
Biroq uning bu she’ri o‘zi uning so‘rog‘iga ochiqdan-ochiq ijobiy javob bera ham shoir shoirligidan shubhalanib bu haqda umidsizlanishi haqsiz ekanin ko‘rgazib turadir. Bu shoir bu she’rida:
Chunki xayolimning ko‘zlari bilan,
Bir go‘zal holatni ko‘rub turaman.
Unga g‘arq bo‘lub, ovilub turaman:
U hali borliqning so‘zlari bilan
Anglatish qo‘limdan kelmay qoladur,
deb o‘zining uchkuch keng xayoli izlab topqan go‘zalliklarni o‘zi istagancha suratlab, ko‘rinishlandirib berishga odam tili va butun borliqning so‘zlari torlik qilg‘anlikdan, yerlilik va ojiz ko‘rgazganligidan zorlanadur. Albatta, bu haqlik bir zor, to‘g‘ri bir shikoyatdur. Biroq jahonning katta shoirlari ham shundog‘ shikoyatni qila kelgan ham qila keladur. Ular oldida ham til va tildagi so‘zlar ularning istaklarin, butun ruhiy to‘lqinlarin tugal anglashdan ojiz qoladur yoki shundog‘ his qiladur.
8
So‘zimizning oxirida Cho‘lpon to‘g‘risida shuni ham aytib o‘tmasdan bo‘lmaydur: Bu shoirning she’r chashmasiga ijtimoiy va siyosiy umid hamda umuman moddiy turmushga va kelajakka yorug‘ qarash sezgilaridan ham bir qancha tomchi moya solinsa edi – shoir o‘quguvchilarin kuydura olg‘an kabi, kuldura ham olar edi.
U vaqt chashmasidan sharob ichganimizda asablarimizda doimo azob emas, ba’zan yengillik ham sezar edik.
Shoirlarning ilhomlanishida omil – muhitdir. Omildan totlilik kelmagandan keyin chashma totlik bo‘lmasligi yana ma’lumdir. Shuning uchun shoirni bu haqda ayblab bo‘lmaydir.
Shunda-da Cho‘lponning chashmasiga bir muncha yangi tot solib, uni boshqa biror ikkinchi turli omil qo‘lida, boshqa biror turli muhit ichida yashatib ko‘rulsin edi…
Ayniqsa, turkistonliklarning mehnatkashlari va dehqonlari turmushidan olib, shularning turmushlarin tasvir qilib yozish bir shoir uchun eng birinchi adabiy burch bo‘lishi keraqdur.
Agar bu shoir mundan buyon shu yo‘lga kirsa, uning quvvatli qalami orqali dehqonlar turmushi-da o‘zbek adabiyotida she’riy bir tasvirni ko‘ra boshlag‘an va ba’zi bir zaif tizmachilar tomonidan she’riyatsiz bir suratda yozilish yo‘lidan chiqarilishning birinchi odimi otlangan bo‘lar edi.
Abdurahmon Sa’diy
“Zarafshon” gazetasi 1924-yil 27-fevral – mart 120-122-sonlari.
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]
This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home. | |