O‘shda istirohat uyi

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O‘shda istirohat uyi  (1924) 
by Abdulhamid Choʻlpon

O‘shdagi sobiq hokim to‘raning shaddodiy bog‘lari bu yil istirohat uyi bo‘lub, Farg‘ona ishchilari va hukumatning mas’ul xodimlari uchun rohat-saodat manzili tusiga kirgandek bo‘ldi.

Ijtimoiy muhofaza (sosstrax) bu yil bu to‘g‘rig‘a juda hamyonini ochib qo‘ydi.

– Kimlar uchun?

– Kimlar uchun bo‘lar edi? Yana bir qancha pappaloq akamlar, semiz lo‘nda bilqillagan barishnaxonlar uchun bunda bo‘lg‘an bazm va safohat es ketarlik vijdonlik kishilarning sochini tikka-tik turguzarlikdir.

Bunda musulmonlar ko‘rinmaydi. Ko‘rinmasligi ham tabiiydir. Chunki musulmonlar uchun foniy dunyo rohatining darkori yo‘qdir.

Musulmon mas’ul ishchilari hali bu istirohat uyining kimlar uchun va kimlar summasidan ochilg‘onini bilmaylar.

Boshda besh-oltita oyoqyalang ishchi va batraklar bo‘lishi barovarida musulmon komillardan kelgan ekanlar. Lekin ularga bu yer jahannam kabi torlik qilg‘on. Haligilar bularning holig‘a kulib, …masxara qilganlar, har vaqt hazil-mazax go‘yo ishtonsizlar pochasi yirtiqdan kulganlar, ko‘p vaqt ularga beriladigan ovqatni yeb, tovoq-qoshiqqacha yalab qo‘yg‘onlar. Nihoyat, haligi 4 – 5 mehmon ham arazlab tashlab ketganlar.

Devona arazlasa, sho‘rvasiga zarar.

Aka, zardangni kimga qilasan?

Lekin xo‘b yaxshi bir bo‘lg‘an-da, nozik barishnaxonlar oldida vahshiy ishchilarning ko‘krak ochiq shalvurab yurishi, bir stolda ovqat yeyishi juda makruh bir narsa edi.

Men borganimda bu istirohatgohga kunda yangi mehmon kelar edi.

Shuskunlarda doimiy ravishda istirohat qiluvchi 88 kishi. Bundan 8 tasi musulmon (o‘zbek, bir totor, bir qoshg‘arlik – bu keyingi hisob). Hammasidan istirohat qilishg‘a haqli bo‘lg‘ani 12 kishi. 10 ta kamissarlar va ularning xotinlari, 7 tasi uxojyorlik maqsadida kelgan, bizcha aytganda, modabozlar, 8 tasi qip-qizil xuligan bolalar (ya’ni juvonmarglar), 5 tasi menga o‘xshash ehtimollik kelgan sargardonlar, 12 tasi yosh bolalar, 6 tasi haqiqiy ishchilar. 6 o‘zbek, 1 tatar, 1 qashqarlik, 80 tasi ruslar. Mana istirohat uyining umumiy va rasmiy hisobi.

Haftada 8 kun bayram. Bir kechada 24 soat o‘yin ham ayshu ishrat, bir kunda besh mahal ovqat, butun kechasi modabozlik, har kechada 8 soat echki o‘yini.

Ikki oy ichida shu muborak bog‘chada 2 ta nikoh to‘yi, bitta o‘g‘il to‘yi, bir marta qo‘ydi-chiqdi hamda 8 ta xotin homilador, 12 ta qiz nishondor va bir qancha er-xotin zamona kasaliga giriftor. Bir qancha Layli va Majnun yuragida muhabbat olovi alanga urib, nax bemazani beshta qildi.

Mushtum og‘a! Millatchilik bilan mustamlakachilikni ajratolmag‘on qip-qizil oshqoboqlarni bu yerga kelib, past-baland nima ekanini o‘z ko‘zi bilan ko‘rub, o‘z qulog‘i bilan eshitib ketishini tavsiya qilamiz. Xo‘jalik ishida, iqtisod yo‘lida xom-xatala bo‘lg‘an hukumat arboblari (ham) bu yerga kelib ibrat olsun!

Bu dam olish uyining xodim, xodimalari ham, Xudo haqqi, yulduzni benarvon uradir! Iloji bo‘lsa, bulardan hamma idora va kamisariyatlarg‘a tarqatish kerak.

Marhum O‘sh hokimi hozirgi hurriyat zamonida o‘z bog‘ida bo‘lub turgan ayshu ishrat, zavqu safohatlarni ko‘rub tursa edi, “O‘ho‘, bular bizdan o‘tkazib yubordi-ku”, – deb rashk qilar edi.

Istirohat uyi turmushidan to‘liq ma’lumot berish uchun bir necha o‘zbek yoshlari tumshuq tagida turgan Ush ugorkomi va ispolkomiga ma’ruza qilsalar; ular qo‘yni bo‘riga topshirib o‘shalar kabilardan kontro‘l yubormoqchilar. E… shundoq qilish kerak, ishbilarmon kattalar, bo‘lmasa hol xarob-ku…

Har narsa yerlilashganda shifoxona va istirohat joylarida ham qoidalar o‘zgarilsun, bo‘lmasa, hozirgi ko‘rinish mustamlaka ko‘rinishidan bir ko‘rinishdir. Agar so‘zimiz yolg‘on bo‘lsa, yo sizni Xudo ursin, yo bizni!

Sir

“Mushtum” jurnali,

1924-yil, № 29.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse