O‘sha qichiq masala
Tuzalmagan va tuzalishiga umidimiz qolmag‘an bir kasalimiz bor. U to‘g‘rida juda ko‘p “dod” dedik, faryod qildiq – hemiriliq foydasi bo‘lmadi. Endi, u to‘g‘rida qo‘lni yuvub, qo‘ltiqqa urishimiz lozim edi; yana bir martaba dodlab qo‘ymoqchi bo‘ldiq. Shu oxirg‘i faryodimizni eshitgan quloqlar, ayniqsa, “Qizil O‘zbekiston”, “Zarafshon”, “Ozod Buxoro”, “Yangi yo‘l” va “Mushtum”larimiz faryodimizga qo‘shulub bir qattig‘roq bir shovqun solsalar, balki eshitilar edi! Shu umid bilan bu safar ham o‘sha masalaga qoqilib ketamiz.
Masala – haftalik va oylik matbuotimiz masalasi, kasal – o‘shaning matonatsizlik va beparvolik kasalidur.
Uzun so‘zning keragi yo‘q, qisqa qilayiq: Farg‘ona viloyatida 3–4 oydan beri bittagina o‘zbakcha jurnal ko‘rganimiz yo‘q! “Bilim o‘chog‘i” ko‘mildi. “Inqilob” uning ketidan ketdi. “O’zgarishchi yoshlar” bedarak yo‘q bo‘ldi, u bo‘lg‘anda ham faqat yoshlar uchungina edi.
Toshkand muallimlari tomonidan “Ta’lim-tarbiya” jurnali chiqarilibdur. Uning mundarijasi juda suyuq bo‘lg‘anidan gapirmasak ham, davomiga ko‘zimizga bitmaganini aytib o‘tamiz. Maorif komissarligi “Maorif va o‘qitg‘uvchi” (nomni qarang!) jurnali chiqaribdur; “chiqdi” deb e’lon qiling‘anig‘a bir oydan ortdi, hanuz hech bir joyda birgina nusxasi ham yo‘q! “Inqilob”ning 11 –12 nchi soni Farg‘ona bozorig‘a endigina chiqdi; uning 13–14 nchi soni hali bizga yangilik! Holbuki, 13–14 nchining chiqqanig‘a ham bir-ikki oy bo‘ldi! Joyi kelganda shuni ham aytib o‘taylik: O‘ktam, Munavvar Qori va Shohrasullar tomonidan yozilg‘an “Sarf” bilan yosh shoirimiz Botuning she’rlar to‘plami va A.Sa’diyning “Adabiyot darslari” mundan bir oycha burun “bozorg‘a chiqdi” deb e’lon qilindi. Holbuki, e’lon chiqqandan bir necha kun so‘ngra davlat nashriyotining magaziniga kirgan kishilar “hali muqovasi tayyor bo‘lg‘ani yo‘q!” degan javobni olg‘anlar…
Kim biladi, u qiymatli narsalar bizning Farg‘onamizga biror 6 oydan so‘ng nasib bo‘lurmikan?…
Farg‘onaning hamma katta shaharlarida degundek, davlat nashriyoti, bolalarg‘a yordam jamiyati matbuot kaperatifi va boshqa-boshqalarning kitob do‘konlari bor; ular yo‘q joyda allakimlarning ko‘shak (kio‘ska)lari bor. Yangi asarlarni o‘sha kitob do‘konlari va ko‘shaklar orqali vaqti-vaqtida nimaga tarqatilmas ekan? – buni hech kim bilmaydur. “Pravda Vostok”, “Qizil O‘zbekiston” va “Oq jo‘l” gazetalarining tarqatg‘uchi konto‘rlari va ular qoshida gazeta-kitob ko‘shaklari, O‘zbekistonning har bir katta shahrida bor desak mumkin.Demak, tarqatish (ham vaqti-vaqtida tarqatish) uchun vasoiyot (vaziyat) bor. Faqat o‘sha vasoiyotdan tegishincha foydalanish yo‘q. Mana bunga ahamiyat bermak kerak. Bu haligi asosiy masalamizning bir beti.
Yana bir beti O‘zbekistonda, o‘zbek tilida hech to‘qtamasdan, dam olmasdan doim o‘z vaqtida chiqib turaturg‘an bir jurnal bo‘luntirishdur. “Qizil O‘zbekiston”ning so‘ng sonida Toshkanddagi “Ta’lim-tarbiya” jurnali bilan Samarqanddagi “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnalining birlashganini o‘quvdiq. Bu – juda yaxshi. Endi, munga marhum “Inqilob”ning meroslarini ham (agar bo‘lsa!) qo‘shulsa va jiddiy, keng, matonatli, doimiy, to‘la bir jurnal chiqarilsa bizning va boshqalarning eng haqli talabi joyig‘a kelgan bo‘lur edi.
Shundoq, birodarlar.
- Matonatli, doimiy bir o‘zbekcha jurnal.
- Uni vaqtida tarqataturgan vasoiyot.
Cho‘lpon
“Farg‘ona” gazetasi, 1925-yil 18-aprel.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|