O‘liklarga qarshi
(Inqilobiy hukumat tomonidan shahar ichidagi qabrlar yo‘qotila boshlashi munosabati bilan)
Ruhlarini boshqalarg‘a topshirib, yer ostiga yashiringan kishilar uchun yetar ortiq bu hurmat!
Tiriklik qaynag‘an, turmush vulqonlang‘an, ish to‘lib-toshg‘an, kurash quturg‘an joylarda eng qimmat tuproqlarni o‘liklar egallab yotmasinlar!
O‘liklarning qoni, yot islari tor, havosiz ko‘chalarimizda bug‘lanib yurib, daydi shamollarning kuchlari bilan qanotlanmasunlar!
Qanotlanmasunlar-da, hayotdan qatralar emgan toza dimog‘larimizga kirib qolmasunlar!
Kirib to‘lmasunlar-da, ruhimizni oz choqqa bo‘lsa-da, charchatmasunlar!
Charchatmasunlarkim:
Hozir charchag‘anlar uchun – yengilish, yengilganlar uchun – o‘lim!
Shahar o‘rtasida go‘r nima qiladur?
Yashayturg‘anlarni-da yashamasliq uchun, tiriklarni-da o‘ldirmak uchun, yer yuzidagilarni-da yer ostig‘a tortmoq uchun, kurash polvonlarini ham cholib yiqitmoq uchunmi?
Qo‘ying!
Dunyo ikkiga bo‘lindi,
Shiddatli, uzil-kesil, jon achchig‘i kurash boradi.
Shu choqda – qabrlarga hurmat,
Shu choqda – o‘liklarga rioya emish…
Yo‘q!
Yashamoq uchun to‘suq bo‘laturg‘an har narsani, kurash yo‘lina ko‘ndalang kelaturg‘an har kuchni olib tashlamoq, og‘darib yiqitmoq chog‘i!
O‘liklar ustiga tiriklar mamlakati qurungiz!
Qabristonlarg‘a hayot saltanati bino qilingiz!
O‘liklar tiriklarni tortmasunlar!
Tiriklar – o‘liklarni tiriltish o‘yida bo‘lsunlar!
Borlig‘i, yashayish uchun, bo‘g‘ushub yotg‘an el, endi o‘liklarnnng ham nozini chekmasin!
Hayot,
Turmush,
Kurash – elning istagani!
Qutulmoq uchun uyg‘oningg‘iz!
Cho‘lpon
“Buxoro axbori” gazetasi,
1923-yil, 7-may
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|