O‘gaylar

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O‘gaylar  (1936) 
by Abdulhamid Choʻlpon

O‘gay onadan o‘gay qizga maktub

“O‘zbekiston markazida ipak maktabida o‘qib turuvchi asakalik Hojaroy o‘rtoqqa mushtipar onasi Parqubibidan ko‘p-ko‘p sog‘inib-sog‘inib salomdan so‘ng ma’lum bo‘lsinkim, men sho‘rlik kampirni yo‘qlab bir ilik xat yozmaysiz. Oqibat shudirmi, maktabingizni qachon tamom qilursiz? Qachon bir tomonlarga kelursiz deb ukalaringiz Gʻofiyatxon, To‘tixon, Ahmadjon, Umarjon, Qayumjonlarning ko‘zi to‘rt bo‘ldi. Otangiz meni yosh-yosh bolalarim bilan tashlab ketganiga mana ikki yil bo‘lib kelayotibdir. Ikki yilgacha besh bolani boqquncha ona sutim og‘zimg‘a, tana sutim bo‘g‘zimg‘a keldi. Sizga xat yozay desm ko‘nglim betlamadi. Bir zamon sizni yosh vaqtingizda o‘gay ko‘rib, xafa qilg‘anlarimni oyladim. Sizga yuz o‘gurgali tortindim, aylanay, endi ahvolim nihoyat darajada tang bo‘lganidan keyin qandoq qilay, aylanay. Yalinib, yolvorib shu xatni xotinlar qlubig‘a borib, o‘sha yerda yozdirdim. Mirzabola xatni yozib turib ko‘zlarimdan milt-milt yosh qo‘yuladi, aylanay. Bir yonimda Oxunboboyev, yana bir yonimda Lenin qarab turibdi. Uyalib-uyalib shu xatni yozdim. Bir keling, aylanay, maktabimizning kattalaridan ijozat so‘rang. Mushtipar onam bor deng. Besh bolasi bor deng. Qiynalib qolibdir deng. O‘gay bo‘lsa ham holi og‘ir bo‘lganidan meni panoh tortib xat qilibdir deng. Eslik odamlar bilib bir chorasini qilar. Keling, aylanay bolam. Bir kelib keting. Asakalar ham endi boshqacha bo‘lib ketdi. Paranji tashlaganlar ko‘p. Kolxozlarda ko‘p ishlarni xotinlar qilayotibdir. Bitta kolxoz raisi chiqqan Soliya opa degan ko‘p abjir xotin emish. Hamma xotin-xalaj gap qiladi. Kelib o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmasangiz bo‘lmaydi. Sizning ilmingiz zo‘r. Soliya opa ko‘rsa hamma kolxozning ustidan katta qilib qo‘yadi. Shukurni qilib yotamiz, aylanay”.

O‘gay qizdan o‘gay onaga maktub.

“Asakaga o‘ga ona Barqubibiga. O‘gay qizingiz Hojar Islomovadan sog‘inib o‘rtoqlarcha salom. Maktabni tugatganimga shu bugun bir hafta bo‘ldi. Yaqinda bizni ishga yuboradi, qayerga yuborishini bilmayman, o‘zimdan maslahat so‘rasa Asakani tanlayman. Juda sog‘indim. Xafa bo‘lsangiz ham aytay: kecha kechasi bir o‘rtog‘imnikida boshqa o‘rtoqlarim bilan birga yotib qolib edim. Tuni bo‘yi uxlamasdan gaplashib chiqdiq. Men ularga o‘zimning yoshligimdan o‘gay ona qo‘lida xor-zor bo‘lganimdan, oxirda chidayolmasdan qochib ketib, Namanganda maktabga kirganimdan, ish qilib sizning qo‘lingizda tortgan kulfatlarimdan gapirib berib, o‘zim ham yig‘ladim, ularni ham yig‘latdim”.

Hu… yarim kechadan keyin ko‘zim uyqug‘a ketgan ekan, tushumda sizni ko‘ribman. Bir qo‘lingizda ko‘sov, meni urmoqchi bo‘lasiz. Bir qo‘lingizda o‘g‘lingiz Umarjon, “ha, mana: ukang. Jindak ko‘tarib yursang-chi. Seni sog‘inib bola bechora ichika yotibdi” deysiz. Tushumda ham yig‘ladim, ko‘rsangiz. Kap-katta qiz yig‘lab o‘ltursa g‘alati bo‘lar ekan… Erta bilan yotoqxonamg‘a kelsam, stol ustida xatingiz turibdi, darrov ochib o‘qidim. Yana yig‘ladim…

Mayli xafa bo‘lmang. Men boraman, albatta boraman. Bormasam ham sizni bu holda tashlab qo‘ymayman, sizga qo‘limdan kelgan yordamimni beraman. Bolalaringzni sag‘irxonalarg‘a joylayman, maktabga o‘rnashtiraman. Ish qilib ularni odamlik yo‘liga yo‘llayman. Siz menga bir zamon o‘gaylik qilgan bo‘lsangiz, endi u zamonlarni unutish kerak. Hozirgi turmush shunday yaxshi, quvnoq, sevinchlikki, kechagi alamlar esda qoladi deysizmi? Ayb sizda ham emas. Ayb ko‘prak otamda. U o‘zi ham menga allaqanday sovuq qaradi. Bo‘lmasa, otam yaxshi qarab tursa, sizning haddingizmidiki, menga yomon gapirsangiz. Siz ham otamdan qo‘rqib yaproqday dir-dir qaltirardingiz-ku? Otamdan yegan kaltaklaringizni o‘yladim, sizga ham rahmim keldi… Siz ham tortdingiz xo‘b! Xo‘b tortdingiz! Ukalarimda nima ayb? Ular – go‘dak bolalar. Hammasining bitta-bitta ko‘zlaridan o‘pik qo‘ying. Yaqinda yo o‘zim boraman, yo qo‘limdan kelgan yordamimni yuboraman. Bizning mamlakatimizda o‘gay yo‘q, hamma bir tug‘ushgan, qarindosh. Yig‘lamang, o‘rtoq, men sizni tashlamayman. O‘rtoqliq salomi bilan qizingiz Hojar Islomova. Ko‘p-ko‘p salom. Yig‘lamang”.

Cho‘lpon

“Yorqin turmush” jurnali, 1936-yil, №1.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse