O'tkan kunlar/57

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O'tkan kunlar  (1926)  by Abdulla Qodiriy
57. Xotima

Bir yildan so‘ng Otabek usta Alim bilan birga Toshkand keldi. Hoji va O‘zbek oyim og‘iz ochib undan ranjiy olmadilar. Ul mehmonlar kabi edi. Na otasi va na onasi bilan ochilib so‘zlashmadi. Usta Alim bilan bir hafta chamasi Toshkandda turib eng so‘ngg‘i kech yolg‘iz ko‘yi Kumush qabri yonida bo‘ldi. Kecha oydin, qabriston tib-tinch, uzog‘roqdan qur’on tovshi eshitilar edi. Ikki tub chinor butoqlarida qo‘nib o‘lturgan uchto‘ rtta boyqushlar, qabr yonig‘a tizlangan Otabek va yuqori, quyi do‘mbaygan qabrlar bu tilovatka somi’ kabi edilar. Qur’on oyatlari qabriston ichiga og‘ir ohangda oqar edi. Qabr yonig‘a tiz cho‘kkan yigitning ko‘z yoshlari ham qur’on oyatlariga qo‘shilishib oqar edi.
Birar soatdan keyin tilovat to‘xtaldi. Otabek holsizlanib oyog‘ uzra turdi va orqasidag‘i yarim yalang‘och ko‘lagani ko‘rib bir necha qadam qabr tomong‘a tislandi... Ko‘laga yaling‘an sumol unga yaqin yurib keldi...
— Kim bu?
— Men Kumush!..
Otabek tovush egasini tanidi. Bu majnuna Zaynab edi.
— Ket mundan!
— Men Kumush! — dedi yana Zaynab, ammo ketmay iloji qolmadi. Zeroki dunyodag‘i eng yaqin kishisi unga «ket!» amrini bergan edi. Zaynab orqasig‘a qaray-qaray Otabekdan uzoqlashdi. Otabek qaytib unga qaramadi, qabr yonig‘a tiz cho‘kdi... Ertasi kun O‘zbek oyim yig‘lay-yig‘lay Yodgorbek uchun tikdirgan kiyimlarini o‘g‘lig‘a topshirdi. Otabek usta Alim bilan birga Marg‘ilong‘a jo‘nadi. Bundan so‘ng Otabek Toshkandga qaytib kelmadi, bir necha qayta O‘zbek oyimning o‘zi Marg‘ilon borib keldi. 1277-nchi yilning kuz kezlarida bo‘lsa kerak, Yusuf-bek hoji Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi.
«O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmaota ustidagi o‘rus bilan to‘qunish-mamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid bo‘ldi. Men o‘z qo‘lim bilan ikkisini dafn etdim...»
Yusufbek hoji xatmi qur’on qilib yurtka osh berdi, O‘zbek oyim qora kiyib ta’ziya ochdi.

B i t d i
YOZG‘UCHIDAN
Keyingi Marg‘ilon borishimda yaqin o‘rtoqlardan Yodgorbek to‘g‘risini surishtirib bildim: Yodgorbek ushbu asrning o‘n to‘qqiz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib, undan ikki o‘g‘ul qolibdir. O‘g‘ullaridan bittasi bu kunda Marg‘ilonning mas’ul ishchilaridan bo‘lib, ikkinchisi Farg‘ona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nomu nishonsiz, o‘luk-tirigi ma’lum emas, deydilar.