Jump to content

O'tkan kunlar/40

From Wikisource
O'tkan kunlar (1926)
by Abdulla Qodiriy
40. Xayrixon qotil
334869O'tkan kunlar — 40. Xayrixon qotil1926Abdulla Qodiriy

Mirshablar tomonidan qo‘rboshi mahkamasiga so‘-roqqa olib ketilgan qutidor qaytib yo‘lakdan kirishi bilan ming xil tashvishda o‘lturg‘uchi Oftob oyim bilan Kumushka qaytib jon kirgan kabi bo‘ldi. Kumush otasining oldig‘a qanot yozg‘an kabi yugirib, uning soqolini silar ekan, so‘radi:
— Sizga zarar bermadilarmi, otajon?
— Yo‘q, qizim.
Oftob oyim erining bu so‘zini eshitishi bilan Xo‘ja Bahovaddin yo‘lig‘a o‘gurib qo‘yg‘an yetti tanga pulini To‘ybekaga berib, darrov eshonnikiga jo‘natdi va shundan so‘ng eridan so‘radi:
— Sizga ayb qo‘ya olmadilarmi?
— Xudoyg‘a shukur, oqlandim, — dedi qutidor. — Chindan ham menda qanday ayb bo‘lsunki, o‘zimiz ham bu hangamani uyqudan turib payqag‘an bo‘lsaq. Uyimiz ostini yomonlar teshkan bo‘lsalar ham ammo kishi sig‘masliq bo‘lg‘anlig‘i meni oqliqqa chiqardi. Lekin kishi sig‘aturg‘an bo‘lib teshilganda ham meni ayblay olmas edilar, zeroki, uyimiz ostini teshkan muttahamlar albatta yaxshi niyat bilan teshmagan bo‘lib, molimiz va jonimiz qasdida ekanliklari ma’lum edi. Basharti qotil men bo‘lib ko‘ringanimda ham molim va jonim qurug‘ida o‘g‘rilarni o‘ldirganligim uchun yana gunohkor bo‘lmas edim. Har holda bu foji’a bizga zararsiz bo‘lib o‘tdikim, buning uchun haq taologa qancha shukur qilsak ham ozdir, — dedi va ayvong‘a chiqib tanchaga o‘lturg‘ach, Kumushdan so‘radi: — achang kelmadimi?
Oftob oyim javob berdi:
— Qattig‘ og‘rib qolibdir, — va so‘radi: — kimlar o‘ldirib ketkanini bila olmadingizmi? Qutidor ajabsinib xotinig‘a qaradi:
— Qiziq so‘z aytasan-a! — dedi. — Bu ishka butun shahar hayron. Qilni qirqqa yoradirg‘an donolar ham bir narsa to‘quy olmaydirlar... Ammo manim ko‘nglimga keladirgani shulki, bizning molimizg‘a ko‘z olayturg‘an o‘g‘rilar besh-olti kishi bo‘lib, uyni teshayozg‘an vaqtla-rida oralarig‘a nizo tushib, bir-birlari bilan pichoq-lashqan bo‘lsalar kerak.
Kumush otasining bu kashfiga qarshi tushdi.
— Bu gapingiz to‘g‘ri emas, ota, — dedi.
— Nega to‘g‘ri emas?
— Negaki, bir-biravlarini o‘ldirishib, bizga zarar ber-masdan quruqqina ketmas edilar.
— Tong otib qolg‘andir yoki ular ham holdan toyg‘andirlar, — deb javob berdi qutidor.
— Bu orada Homid nima qilib yuribdir, o‘ziga tuzikkina boy kishi emasmi edi? — dedi Oftob oyim, bu vaqt Kumush sekingina onasig‘a qarab olg‘an edi.
— Homid tiynati buzuq bir yigit edi, — deb javob berdi qutidor. —Ehtimolki, uning topqan davlati o‘g‘riliq orqasidadir, kishining davlatiga qarab hukm yurutish qiyin.
— Xudoyimdan o‘rgulayki, — dedi Kumush entikib va dahshatlanib, — yomonlarning jazasini o‘zi bergan. O‘g‘rilar teshib oldimg‘a chiqg‘anlarida men nima qilar edim? Oh, otajon! Men ajalimdan besh kun burun o‘lar edim. Qizingizdan ajralur edingiz!.. Meni g‘aflat uyqusi bosmag‘an bo‘lsa, nega bir gazlik paxsani kesar emishlar va boshimdan tuynuk ochar emishlar-da, men hech narsa sezmas emishman.
Oftob oyim boshini chayqab:
— Shuni ayt, qizim! — dedi.
Qutidor:
— Xudoning qanday hikmatlari bordirkim, shu kecha-kunduzlarda bizning tevaragimizda qonli voqi’alar ko‘rila boshladi: bu kun nikoh deganimizda Komilbekni hammomda o‘ldirib ketdilar (Kumushbibi yuzida bir yengillik ko‘rildi), kecha uyimiz orqasida bir emas, uch kishi o‘ldirildilar. Xudo oxirini baxayr qilsin endi...
— Inshoolloh, ishning oxiri xayrlikdir, otajon,— dedi Kumush, — chunki bizning molimizga ko‘z olaytirib yomon niyat bilan uyimiz orqasini teshkuchilarni yer bilan yakson etdirishi istiqbolimizning xayrlik follaridandir, otajon!
— To‘g‘ri aytasan, qizim, — dedi qutidor.
Kumush o‘zining qo‘ng‘uroqdek tovshi bilan davom etdi:
— Bu maqtullar kimlar bo‘lsa bo‘lsin, bizning uyi-miz orqasig‘a yaxshi niyat bilan kelguchi kishilar emas va bularni tuproqqa qorishdirg‘uchi ham bizga xayrixoh bo‘lg‘an qotil va yo qotillardir... Bizga muncha yaxshiliq qilg‘an kishi kim bo‘lsa ham xudo ajrini bersin! — dedi.
Qutidor qizining so‘zini kuchlab tushdi.
— Bizga yomon niyati bilan qarag‘an bo‘lsalar, xudo jazalarini berdi. Bizga xayrixoh bo‘lg‘anlarning ham xayri jazalarini berar, — dedi.
Kumushbibi bu qo‘rqunch uyda yota olmaslig‘ini bildirgani uchun Oftob oyim To‘ybekadan Kumushning buyumlarini ikkinchi uyga tashita boshladi. Qutidor esa butun kun mehmonxonasig‘a kelib-ketib turg‘an ko‘ngil so‘rag‘uchi oshna, yor-do‘stlari bilan ovora bo‘ldi.

* * *

Shomdan so‘ng qutidor endigina mehmonlardan bo‘-shab ichkariga kirgan edi, mehmonxona yig‘ishtirib qolg‘an To‘ybeka qutidor yonig‘a kelib dedi:
— Sizni bir kishi chaqiradir.
— Qanaqa kishi, tanidingmi?
— Tanimadim.
Qutidor erinibgina tashqariga chiqdi-da, mehmon-xonada o‘lturg‘uchi tanish bo‘lmag‘an kishi bilan sovuqqina ko‘rishib so‘radi:
— Xizmat?
Usta Alim qutidorg‘a kulimsirab olg‘ach:
— Ruxsatsiz mehmonxonangizga kirganim uchun kechirasiz, — dedi.
— Aybi yo‘q, mulla, — dedi qutidor va qarshima-qarshi ulturishdilar.
— Yomonlar suiqasdidan salomat qutilishingiz mubo-rak bo‘lsin!
— Tangriga qulluq bo‘lsin! — dedi qutidor. Mehmonxona qorong‘ilanib ketkani uchun havli supirib turg‘uchi To‘ybekaga darichadan turib buyurdi: — Sham’ yoqib chiq, To‘ybeka!
Sham’ chiqishini kutkandek usta Alim boshini quyi solib o‘lturar edi. Qutidor «nima yumishing bor menda» degandek qilib unga savol nazari bilan ko‘z tashlar va qur’on tinglovchi kishidek bo‘lib o‘lturg‘uchi majhul kishidan taajjublanar edi. Nihoyat, sham’ kelib tokchaga qo‘ndirilg‘ach, usta Alim muroqabadan boshini ko‘tarib qutidorg‘a qaradi: — Mendan taajjublandingiz, — dedi va qo‘ynidan maktublarni chiqarib bittasini qutidorg‘a uzatdi, — mendan ham bu maktub ajibroqdir, — deb kuldi. Qutidor xatning unvoniga ko‘z yugirtirib chiqg‘ach, usta Alim aytkandek taajjub ichida xatni ochdi... O‘qub bitirgach, ul dahshat va taajjub ichida toshdek qotib qolg‘an edi... Agarda uning yonida usta Alim bo‘lmag‘anda edi, ehtimol ul qay va qatlarg‘acha serrayib qolar edi. — Jon va oilangiz dushmani bo‘lg‘an bir badbaxt endi o‘z qilmishining jazasini ko‘rdi, burodarim Otabek ularning totiqlarini xo‘b boblab berdi, — dedi usta Alim va davom etdi: — shuning bilan sizning najib oilangiz dahshatlik foji’a davrlarini kechirib, endi ma’sud kunlar arafasiga yetdi. Xatni o‘qub sizning dahshatlanishingiz emas, quvonishingiz, dushmaningizni yuz tuban qilg‘ani uchun haq taolog‘a shukur aytishingiz kerakdir!
Qutidor hushini boshig‘a yig‘ayozdi va uflab tin olg‘ach, hayajon ichida so‘radi:
— Men bilan Otabekni qamatdirg‘an va dor ostlarig‘a yuborg‘an Homidmi?
— Homid.
— Taloq xati yozg‘uchi Otabek emasmi?
— Hosho va kallo, Otabek munday gapdan xabarsiz. Uning otidan taloq xati yozg‘uchi ham shu badbaxt Homid.
Mundan so‘ng qutidor turib ichkariga yugirdi, yarim yo‘ldanoq tanchada o‘lturg‘uchi Oftob oyim bilan Kumushka qichqirdi:
— Sir ochildi!
Ikkisi ham sachrab qutidorg‘a qaradilar-da, birdan so‘radilar:
— Nima, qanday sir?
Qutidor tanchaga borib o‘lturmadi-da, ayvon peshonasidan turib, qo‘lidag‘i xatni yuqori tovush bilan o‘qub chiqdi:
«Muhtaram qayin otamizg‘a! Siz bilan meni qorong‘i zindonlarg‘a tushirib, dor ostlarig‘acha tortkan, buning ila o‘zining vahshiyona tilagiga yeta olmag‘andan keyin manim tilimdan soxta taloq xati yozib darvoza yonidan haydattirishka muvaffaq bo‘lg‘an va bir gunohsizni shahid etkan Homid ismlik bir to‘ng‘uzni nihoyat, ikki yillik sargardonligim so‘nggida yordamchilari bilan tuproqqa qorishdirishg‘a muvaffaq bo‘ldim... Sizning shonli havlingiz yonida voqi’ bo‘lg‘an bu kurash albatta sizni va uy-ichingiz ham yor-do‘stlaringizni anchagina tinchsizlikka qo‘yg‘an bo‘lsa kerak. Na choraki, yomonlarni sizning havlingiz orqasida rafiqam qasdida bo‘lg‘anlari paytida uchratishg‘a to‘g‘ri keldi va men bu ishka majbur qoldim. Buning uchun albatta meni kechirarsiz umididaman. Faqat sizning tinchsizlanishingiz va mardumning yuqori-quyi so‘zi bo‘lmasa sizga boshqa zarar bo‘lur, deb o‘ylay olmayman. Sizdan bu ulug‘ gunohim uchun afu so‘rab, haydalg‘an o‘g‘lingiz Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li».
Ammo qutidor «haydalg‘an» so‘zini tashlab o‘qudi. Maktub o‘qulib bitkanda Oftob oyim, ayniqsa, Kumush qutidorning boyag‘i holig‘a tushgan edilar. Kumushning bu daqiqadag‘i holini qalam bilan chizib ko‘rsatish albatta mumkin emas edi. Ul titrar edi, ko‘karar edi, to‘lg‘anar edi... Hozirgi eng kuchlik hissiyotini hissiyotning a’lo ifodachisi bo‘lg‘an yosh bilan to‘kar edi.
Qutidor o‘z tomonidan ham izoh berib chiqdi:
— Men bilan Otabekni qamatib dor ostig‘a yubor-g‘uchi, Otabek tilidan soxta taloq xati yozib bir-birimizdan judo etkuchi, Komilbekni o‘ldirguchi, uyimiz orqasini teshib Kumush qasdida bo‘lg‘uchi — hammasi ham shu battol Homid ekan... Ammo badbaxtni ikki kishisi bilan tuproqqa qorishdirib ketkuchi Otabek ekan!
Oftob oyim titrag‘an tovush bilan:
— Uyatsiz Homid, — dedi.
Kumushbibi:
— Bechora begim, — deb qo‘ydi.
Uchchavi ham yurakni to‘xtatib olish uchun anchagacha jim qoldilar.
— O‘zi esonmikin? — deb so‘radi oxirda Kumush.
— Xatig‘a qarag‘anda sog‘, — dedi qutidor.
Oftob oyim so‘radi:
— O‘zi qayerda emish, xatni sizga kim kelturdi?
Bu savoldan qutidorning esiga mehmonxonada o‘l-turgan usta Alim tushkan edi. O‘rnidan irg‘ib turdi-da, xotinig‘a javob bermasdan tashqarisig‘a chiqdi. Ul usta Alimning qarshisig‘a o‘lturganda, mehmonxonaning yuqori darichasi ostig‘a Oftob oyim bilan Kumush xat keltirguchining so‘zini eshitish uchun kelib to‘xtag‘an edilar.
Qutidor uzr aytdi:
— Kelturgan xabaringiz ta’sirida sizni unutayozibman...
— Men buni payqadim, — dedi usta Alim kulib,— shu yo‘sinda makkor Homidning iblisona dasisasi bir oilani tamom ishdan chiqarayozg‘ankim, bu to‘g‘rida ayniqsa sizga so‘zlash ortiqchadir. Ammo arslon yuraklik Otabek ham badbaxtni shundog‘ yanchib tashladikim, bu juda oz kishilar qo‘lidan kelaturgan ishdir.
— O‘g‘rilarni o‘ldirganda Otabekning yonida necha kishisi bo‘lgan? — deb so‘radi qutidor.
Usta kuldi:
— Otabekning tanho o‘zi! — dedi.
— Uch kishiga tanho o‘zi? — qutidor ishonmag‘an edi.
— Azamatning yolg‘iz o‘zi! — deb usta Alim ilgarigi so‘zini qaytaladi.
— Astag‘firulloh... Nega menga bu to‘g‘rida xabar bermagan?
— Sizga xabar berib o‘lturishni yigitlik otig‘a eb bilmay, hatto menga ham bir narsa sezdirmagan. Men hali bu nuqsoni uchun ayblasam: «Men o‘zimning ashaddiy dushmanim bilan tanho kurashib yo jon bermakka va yo jon olmaqqa qaror bergan edim. Shuning uchun hech kimga ham bildirmadim», deydir.
Qutidor bir tomondan dahshatka tushsa, ikkinchi jihatdan Otabekning dov yuragiga hayron qolar edi.
— O‘ziga jarohat olmag‘anmi? — deb so‘radi qutidor.
— Bo‘ksasi bilan qo‘lidan yaralang‘an bo‘lsa ham zararsizdir.
Usta Alim qutidorning ba’zi bir e’tirozlariga qarshi Otabekning qutidor tomonidan quvlang‘anidan tortib, shundan beri Marg‘ilong‘a yetti-sakkiz martaba kelib ketkanini, har bir kelishida o‘zining uyiga kelib tushkanini va qalin o‘rtoq bo‘lib olg‘anlarini, shundoq bo‘lsa ham Otabekning o‘zidan chin ismini yashirib yurg‘anini, jum’a kuni usta Farfidan birinchi martaba o‘z raqibini tanishini, nihoyat bu kungina unga chin ismini ochqanini so‘zlab chiqdi.
— Taloq xati-ku soxta ekan, — dedi qutidor, — nega biznikiga bir kelgani bilan qaytib kelmadi ekan?
— Chunki uning so‘ziga qaraganda, siz uni og‘irroq tariqa bilan darbozangiz yonidan jo‘natqan ekansiz, — deb izohladi usta. — Toshkanddan uylanishida sizning bilfe’l bosh qo‘shishingizni faqat qizingizni undan chiqarib olish uchun qurilg‘an bir hiyla ekan, deb o‘ylab, qaytib eshikingizga oyoq bosmag‘an, hatto xotinini qozig‘a chaqirish to‘g‘risida fikri bo‘lsa ham, siz bilan uchrashishdan qochib bu fikridan ham qaytqan, ya’ni sizning qizingiz bo‘lg‘ani uchun suygan xotinidan ham kechmakka qaror bergan.
Qutidor hali ham Otabekning ruhiga tushuna olmag‘an edi:
— Mendan o‘zi xafa bo‘lg‘an bo‘lsa, orag‘a kishi qo‘ysa ham bo‘lar edi.
— Shundog‘ qilsa ham bo‘lar edi, — dedi kulib usta Alim, — men hali undan shunday deb so‘rasam, «O‘zimga ishonmag‘an kishi kishi so‘ziga kirarmidi, deb o‘yladim», deydir.
Kuyavingizning qiziq tabi’atini shundan ham yaxshi bilib olsangiz bo‘ladirkim, shu choqqacha ota-onalari ham bu foji’adan xabarsiz ekanlar.
— Qiziq yigit, — dedi qutidor, — mendan ham katta nodonliq o‘tkan.
— Hammasi ham taqdirning ishi, amak, bu orada siz bilan manim hech bir ixtiyorimiz yo‘q.
— Albatta yo‘q, — dedi qutidor va so‘radi: — o‘zi siznikidami?
— Bu kun peshinda Toshkand jo‘nab ketdi.
Qutidor tushuna olmag‘an edi:
— Nega-nega? — deb so‘radi.
— Nega... sababini men ham yaxshi tushuna olmadim.
— Qaytib keladirgan vaqtini aytkandir?
— Bu to‘g‘rini so‘rag‘an edim, muhmalroq javob berdi,— dedi usta va yonini kovlab xatni oldi. — Bu xat karimangizga bo‘lsa kerak, endi menga ruxsat, — dedi va fotiha o‘qub o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— Men sizga dasturxon yozdirishni ham unutqanman, qo‘zg‘almangiz!
— Rahmat, amak, hozircha meni kechirib turasiz, ammo bapirja kattaroq ziyofatni unutmaysiz, — deb kuldi usta Alim. Qutidor uni ko‘chagacha kuzatib chiqdi.
Kumushbibi daricha orqasidan hamma gapni eshitib olg‘an va hissiyotini yum-yum yig‘lab o‘tkargan edi.

* * *

Oftob oyim Kumush bilan boshlashib ichkariga kirar ekan, so‘radi:
— Homidning yomonlig‘ini bizga ulashdirib yurgan puchuq xotinning shumligi o‘z boshig‘a yetib, o‘lganlarning bittasi o‘shaning o‘g‘li ekan, bildingmi?
— O‘lganidan menga nima foyda, — dedi Kumush.
Oftob oyim qizig‘a ajablangan edi.
— Foydasini ko‘rib turibsan-ku, axir.
— Foydasi Toshkandga ketib qolg‘animi?
— Ketib qolg‘an bo‘lsa, tag‘in bir kun kelar.
— Kelmaydi, — dedi o‘ksib Kumush, — uning hamma harakati dushmanidan o‘chini olish uchun ekan.
— Kim aytdi sanga?
— Xat olib kelganning so‘zidan payqadim.
Oftob oyim kuldi:
— Ering sani tashlab ketmas, qo‘rqma qizim, — dedi,— saning boshingg‘a tikilgan bu balolarni o‘zining shirin jonidan kechib daf’ qilg‘an Otabek, seni sira ham unutmas, sanga yozg‘an xatini otangdan olib o‘qub ko‘r-chi oldin.
Kumushbibi yig‘idan qizarg‘an ko‘zini katta ochib so‘radi:
— Menga xat yozg‘anmi?
— Haligi kishi sanga atab dadangga bir xat berdi-ku, bilmadingmi?
— Bilmadim, — dedi. Chunki ul usta Alimning «muhmal javob berdi» so‘zini eshitkach, tamoman o‘zini unutib, berilgan xatni payqamay qolg‘an edi.
Ikki yildan beri suratini ko‘z o‘ngidan ketkuza olmag‘an, Otabekning yuzini ko‘ralmay, so‘zini eshita olmasa ham yozg‘an xatini o‘qub eshitish Kumush uchun katta qiymatka molik edi. Otasining yo‘lakdan kirishi bilan latif ko‘kragi kuchlik tin olish ila ko‘tarilib tashlandi-da, go‘yo Otabek bilan uchrashaturg‘andek yuragi o‘ynamoqqa boshladi. Qutidor kelib tanchaga o‘lturg‘ach, o‘ziga «amonatni topshiring» degan kabi qarab turg‘an Kumushka xatni uzatdi:
— Sanga xat.
Kumushbibi uyalib-netib turmadi va kimdan, deb ham so‘rab o‘lturmadi, darrov tokchada yonib turg‘an sham’ yonig‘a borib xatni ocha boshladi. Sham’ qarshisida qizarg‘an shahlo ko‘zlari, yosh bilan sing‘an jinggila kipriklari, chimirilg‘an to‘sdek qora qoshlari uni allaqanday bir holga qo‘yg‘an edilar. Qoshi ustiga to‘zg‘ib tushkan sochlarini tuzatib xatni o‘qudi:
«Oy yuzlik rafiqam, qunduz qoshlik ma’shuqam Kumush xonimga!
Shayton ustasi bo‘lg‘an Homidning manim otimdan sizga yozg‘an taloq xatisi ila menga qarshi yonib ketkan yurakingizning nafrat o‘ti ehtimol endi o‘cha tushkandir. Soxta taloq xatini olg‘an so‘ngingizda menga xitob qilib yozg‘an fikrlaringizdan ehtimol endi qaytayozg‘andirsiz... Bu xatni yozar ekan, muhabbatingiz bilan to‘luq bo‘lg‘an yurakim mudhish bir haqiqat ehtimolidan yafroq kabi titrar va o‘zining to‘lib-toshqan hasratlarini, faryodlarini ifodasidan adashar edi... Sizga ochib so‘zlay, go‘zal rafiqam: go‘yo manim bu maktubim sizning Komilbek uchun hasratlik yoshlar to‘kkan, o‘tlik ohlar tortqan chog‘ingizda erishar-da unutilg‘an, eskirgan bir yurakning arzini tinglay olmassiz va yonib turg‘an yurak o‘tingiz bilan kuydirarsiz...
Ammo xatimni o‘qumasangiz-da va marhumingiz uchun tortqan ohingiz o‘tida kuydirsangiz-da, manim uchun farqsizdir. Nega deysizmi? Chunki siz manim shar’iy rafiqamsiz — yaxshiliq bilan-da va yomonliq bilan-da men buni isbot qilishg‘a hozirman! Uyingiz orqasida qilg‘an adabsizliklarim, xunxo‘rlik-larim uchun meni kechiringiz... Chunki men bu vahshiylikni ishlashda ixtiyorsiz edim: hayotingizning, nomusingizning saqlanishi buni taqozo etar edi... Albatta men ishonamankim, siz manim bu yaxshilig‘im uchun minnatdorlik qilarsiz. Lekin men bu minnatdorlikka o‘zimni sazovor hisoblay olmayman.
Men o‘shal kuni kechasi dushmanlardan birini o‘ldirdim-da, so‘ng darajada zaiflandim, ikkinchi dushmandan yengilishimni va ko‘yingizda jon berishimni aniq bilib rohatlanib ketdim... Manim uchun ko‘yingizda va oyog‘ingiz uchida jon berish juda shirin edi va ko‘bdan beri g‘oyam edi. Shuning uchun yaqinrog‘ingizda o‘lmak uchun, o‘lar ekanman, so‘ng daqiqamda yana bir martaba bo‘yingizni olib o‘lish uchun dushman tomonidan uyingizga ochilg‘an tuynukchaga kirdim. Kirdim-da, sizni bo‘yingizni oldim, xafif tin olg‘andag‘i latif uxlag‘an tovshingizni eshitdim... Shu vaqt subhonolloh... o‘zimda kutilmagan bir kuch sezgan edim, ikki emas, ikki yuz dushmanga muqobala etishka o‘zimda qudrat ko‘rgan edim... Men o‘zimga bag‘ishlang‘an kuch manba’ini juda yaxshi onglar edim, mendagi bu o‘zgarish manba’i uy ichida uxlag‘uchi bir malak edi... Siz edingiz!»
Kumushbibi xatning bu o‘rniga yetkanda qizarinib, bir oz o‘qushdan to‘xtab oldi va davom etdi:
«Shundan so‘ng ikkinchi dushmanni tuynukdan chiqmayoq ishini bitirdim. Bizning foji’amizning asl omili bo‘lg‘an Homid esa go‘yo manim qo‘limda mushuk kabi o‘yin bo‘lg‘an, uni kulib turib, o‘ynab turib tilimlagan edim...
Esingizda bormi, meni dor ostidan qutqarib, menga yangi hayot bag‘ishlag‘aningiz? Bu kecha ham bu ikkinchi o‘limdan qutqarg‘uchi va ikkinchi martaba menga hayot bag‘ishlag‘uchi yana siz bo‘ldingiz! Shuning uchun minnatdorlik etkuchi siz emas, men bo‘lishg‘a tegishman!
Sizdan emas, otangizdan bir o‘pkalashim bor: soxta taloq xatini manim o‘z qo‘lim bo‘lib, bo‘lmag‘anini ajrata olmag‘an. Gumonimcha bu soxta xat sizga ham ko‘rsatilmagan o‘xshaydir, chunki, ayniqsa, sizning ko‘z o‘ngingizdan bu haqiqat qutila olmas edi... Har holda taqdirning bunchalik o‘yinlari turg‘an bir zamonda biz nima ham qila olur edik? Bu to‘g‘rida mendan ham o‘tkan joylari bordirkim, sizning birinchi martaba menga yozg‘an xatingiz ma’nosidan dahshatlik suratda o‘zimni tag‘ofilg‘a solg‘an va xat kelturguchini surishtirmasdan javob xati berib yuborgan edim. Shuning ila sizni-da, o‘zimni-da Homid qo‘lida o‘yin bo‘lmog‘imizg‘a katta yo‘l ochqan edim. Ba’zi ehtimollarga qarshi siz bilan ko‘rishmak menga muyassar bo‘lmadi. Umrimda birinchi martaba ko‘ngil orzusig‘a qarshi bordim. Chunki manimcha oradag‘i qora tikon supirilgan edi. Mundan so‘ng hamisha meniki edingiz. Men Toshkandda yurarman, ammo ko‘zim o‘ngida sizning haykalingiz! Ajabo, busiz menga mumkinmi?! Zavjingiz Otabek».
Kumushbibi xatni o‘qub tugatdi-da, yugirgilagancha uyiga kirib ketdi. Uning bu harakatidan qutidor bilan Oftob oyim ajabsinishib bir-birlariga qarashg‘an edilar. Kumushbibi qo‘lida ikkinchi bir maktub ko‘targanicha uydan chiqdi-da, sham’ yonida ikki xatni bir-birisiga solishtirib ko‘rdi. Bu xat Homidning Otabek tilidan yozg‘an taloqnomasi edi. Bu ikki xat birinchi qarashda-yoq ikki kishi tomonidan yozilg‘anliqlarini o‘z og‘izlaridan so‘zlab turar edilar.
Kumushbibi ikki xatni qator ushlab otasig‘a ko‘r-satdi:
— Bularga qarangiz, ota! Bizni nechog‘liq g‘aflat bosqan ekan, — dedi.
Qutidor qizining maqsadig‘a tushunib ikki turli qo‘lni darrav payqab oldi:
— Vijdonsiz, iblis, imonsiz, kofir, — deb qo‘ydi.
Kumushbibi Otabekning xatini buklab cho‘nchagiga soldi-da, soxta xatni sham’ga tutib yondirar ekan, otasidan so‘radi.
— Shu voqi’adan so‘ng kuyavingiz aniq kelganmi edi?
— Kelgan edi, qizim.
— Bechorani nega haydadingiz-da, nega meni, loaqal oyimni bu kelishdan xabardor qilmadingiz?
— Men uning kelishini boshqa gapka yo‘yib, sizlarga bildirmagan edim...
— Qizimizni taloq qilg‘an bir kishini Toshkand degan joydan eshikingizga kelishi sizga g‘arib tuyulmag‘anmi edi? — deb yana so‘radi Kumush.
 Qutidor uyalish va o‘kinish orasida:
— Jaholat kelsa, aql qochadir, qizim, — deb qo‘ydi.
Oftob oyim bilan qutidor Homidning iblisona ishla-riga «tavba-tavba» deb muqobala qilsalar ham, ammo Otabekning favqulodda yurakini so‘z orasida «baraka topkur, umring uzoq bo‘lg‘ur» bilan qarshi olar edilar. Kumushbibi esa butunlay boshqa qayg‘uda edi. Eru xotinning so‘zlari Otabekning Toshkandga ketib qolishi to‘g‘risig‘a kelib taqaldi-da, Oftob oyim Kumushdan so‘radi:
— Senga kelishidan aytkanmi?
Kumushbibi siltalash nazari bilan ularga qaradi va keskin ohangda javob berdi.
— Aytmagan!
Eru xotin ma’nolik qilib bir-birlariga qarashib olg‘ach, orada uzoqqina sukut boshlandi.
Kumush quti-dorg‘a savol nazari bilan bir-ikki qayta qarab ham qo‘ydi.
— Kelib qolsa yaxshi, — dedi nihoyat qutidor, — kelmasa, Toshkandga o‘zimiz tushamiz-da, — deb xo-tinig‘a qaradi.
Bu so‘z Oftob oyimg‘a yoqmag‘anliqdan yuzini chetka burdi. Ammo Kumush otasidan rozi qolib, onasig‘a qaradi.
— Qizing har qaysi yerda bo‘lsa ham sog‘ bo‘lsin, — dedi xotinig‘a qutidor. — Eriga topshirib, sen bilan manim tinchkina duo qilib o‘lturganimiz ma’qul o‘x-shaydir.
— Endi qizingizning bir kami kundash balosi edimi?— dedi sapchib Oftob oyim.
Qutidor xotinig‘a kulib qaradi:
— Eri yaxshi bo‘lsa, kundash balosi nima degan gap?
— Eri ming yaxshi bo‘lsin, baribir kundash kundashligini qila beradir. Mashoyixlar bilmasdan «kundash» demaganlar.
Qutidor qizig‘a qarab kuldi va xotinini yupatdi:
— Hamma vaqtga emas, qo‘rqma.
— Menga qolsa bir kunni ham ko‘b ko‘raman, kundash bilan kechirilgan kun — kunmi?
— Kuyavingning shuncha qilg‘an jonbozlig‘ini unutdingmi?
— Nega unutay, — dedi Oftob oyim. — Kelsin. Mana bosh usti, bolam bir emas ikki.
Uldurki, qizimni kundash ustiga yuborishg‘a tish-tirnog‘im bilan qarshiman.
— Besh-olti kunga ham-a?
— Necha kunga?
— Menga qolsa bitta-ikkita bolaliq bo‘lg‘uncha tur-sin, deyar edim. Sen bunga ko‘nmasang, bir-ikki oy turib kelsin, loaqal. Bir yigit qizingni deb ikki yillab sarson bo‘lg‘anda qizingni ikki oylik kundash azobidan hayf ko‘rish juda uyat, axir! Qutidor «bitta-ikkita bolaliq» so‘zini aytkanda Kumush qizarinib yerga qarag‘an edi.
Oftob oyim eri-ning keyingi so‘zi bilan anchagina bo‘shashdi:
— Bir oydan ortiqqa men rozi emasman, shunda ham kuyavimning yaxshilig‘i uchun, — dedi.
— Ana endi o‘zingga kelding, xotin.
— O‘zimga kelsam-kelmasam shartim haligi, shunda ham o‘zim birga borib kelaman.
— Albatta, o‘zing birga borasan, qudalaring bilan tanishmog‘ing ham zarur.
— Qachon yubormoqchi bo‘lasiz endi? — deb so‘radi Oftob oyim. Qutidor bir oz o‘ylab olg‘ach, Kumushka qarab javob berdi.
— Otabek bilan ketma-ket chopishmog‘imiz ham uncha ma’qul ko‘rinmaydir. Undan so‘ng qish kuni arava safari ham qulay ish emas. Shuning uchun oradag‘i uch oy qishni o‘tkazib jo‘narmiz, — dedi. Kumushning uch oy muddatni eshitgach, juda ham hurpayib ketkani uchun bo‘lsa kerak, — balki o‘zi ham birar oylarda kelib qolar, — degan so‘zni-da qo‘shib qo‘ydi.

Ikkinchi bo‘limning so‘ngg‘i