O'tkan kunlar/38
Bu kungi kech Otabek bilan Homidning hayot va mamot masalalarini o‘zining qora quchog‘ig‘a olg‘an qorong‘i bir tun edi va bulardan qaysi birlarining so‘ng soatlari yetkanligi shu qorong‘i tun kabi qorong‘i edi. Otabek bu ikki holdan tabi’iy birisini bu soat o‘zining ko‘z o‘ngida ko‘rar va shunga hozirlanar edi esa-da, ammo Homidning xayoli faqat gulgina iskar, gul sayriga oshiqinar edi...
Olti qarich kenglikda uzundan-uzoq tor ko‘cha, tor ko‘cha boshida kichkinagina bir eshikcha edi. Shom bilan xuftan o‘rtasida bu ko‘cha boshig‘a bir yigit kelib to‘xtadi-da, tevaragiga kishi bilmas qilib razm soldi. Ko‘chada hech kim qolmag‘an, yo‘l oyog‘i bosilg‘an edi esa-da, ul uzoqqina qarshisidag‘i darboza ichlarini, tom ustlarini, devor raxnalarini kuzatdi va qanoat hosil etib tor ko‘chaga ohista-ohista yo‘l oldi. Tor ko‘chaning yarmisig‘a yetkach, to‘satdan orqasig‘a qayrilib qaradi... Uning harakati bir narsadan shubhalanib emas, ammo orqadan dushman ta’qibi bo‘lmadimi uchun edi. Kichkina eshikcha yonig‘a yetkanda tag‘in haligidek orqasig‘a qarab qo‘ydi. Bir oz o‘ylab to‘xtag‘ach, eshik-ning o‘ng tomonidag‘i devorning buzuq yeridan sekin-gina ko‘tarilib maydong‘a mo‘raladi. Eshikning qulf va zanjiri bo‘lmay yuziga yopiq holda turg‘an bo‘lsa ham ul eshikka taqilmadi, mashaqqatlanib devorga mindi. Oy shom yeb yaxshig‘ina qorong‘i tushkan bo‘lsa ham maydon ichining daraxtsizligi uchun tikkaygan cho‘b ham ajraturliq edi. Maydonni kishidan xoli bilgach, sekingina devordan o‘zini maydonga oldi. Maydon ikki tanob kenglikda bo‘lib, janubi qutidor va qo‘shnisining imoratlari orqasidan va boshqa uch jihati ham shunga o‘xshash binolardan iborat edi. Maydonga yozda nimadir ekilgan, chuqur-chuqur jo‘yaklar tortilg‘an va yer yomg‘ur bilan ivib, bo‘kib oyoq ko‘tarib bosishg‘a imkon bermas, har bir oyoq uzg‘anda uch chorak loy barobar ko‘tarilur edi. Qiynala-qiynala maydonning janubiga o‘tdi. Uning chap qo‘li tomonida bir uyning orqa devori bir bo‘yra eni kesib tushirilgan bo‘lib qorayib ko‘rinar edi. Ul bu kesilgan o‘rinni o‘tkan kun kechasi kelib ko‘rib ketkani uchun qaytadan qarab turmadi esa-da, lekin uning bu binog‘a iltifotsiz qarashi mumkin emas edi. Bu tegi kesilgan bino Kumushning o‘z uyi bo‘lib, bu uy ichida Otabekning saodatlik kunlarining shirin xotiralari saqlanar va shu daqiqada ham uning hayot tiragi bo‘lg‘an Kumushbibi o‘lturar edi. Otabek ko‘zini to‘ldirib binog‘a qaradi, go‘yo bu qarashda ul dunyo malaki bilan vidolashar edi. Uzoqqina binog‘a qarab olg‘ach, qo‘ynig‘a qo‘l solib bir qog‘oz oldi, xayol ichida qog‘ozning taxlarini tuzikladi-da, qaytarib yana qo‘ynig‘a tiqdi. Shundan so‘ng binog‘a yana bir ko‘z tashlag‘ach, maydonning kunbotarig‘a yurib, o‘n besh adimlab haligi joydan yiroqlashdi. Tom shuvog‘ig‘a loy oling‘an zovur shekillik o‘rinni kechagi kelishida biqinish uchun belgulab ketkan edi, kelib shunga tushdi-da, qo‘lini chakkasiga qo‘yib yoni bilan yotib oldi. Garchi osti kesilgan bino bilan Otabek tushib yotqan loyxona bir-birisiga ro‘baro‘ edi. Ammo imoratlarning ko‘lagasi va kechaning o‘tacha qorong‘ilig‘i orqasida loyxonada kishi bo‘lg‘anlig‘ini payqash qiyin edi.
Tun yarim bo‘lib, olding‘i uxlag‘anlar endi bir uyquni olg‘an edilar. Maydon eshigi ochildi. Biri orqasidan biri yurib ikki ko‘laga maydonga kirdi. Buni payqag‘an Otabek xanjarini qinidan chiqarib qo‘lig‘a ushlag‘ach, yuz tuban yerga uzandi... Ikki ko‘laga so‘zsizgina osti kesilgan bino yonig‘a kelib to‘xtadilar. Kelguchilarning biri Sodiq va ikkinchisi Mutal edi. Tumshug‘ini yerga tirab yotqan mushukdek bo‘lib Otabek ularni kuzatar edi.
To‘xtag‘ach, shivirlab Sodiq so‘radi:
— Teshilayozg‘anmikin?
— Ozg‘ina qolg‘andir, deb o‘ylayman, negaki, paxsaning enidan bir gaz chamasi joy ochilg‘an!
Mutal tovshini baralla qo‘yib so‘zlar edi, shuning uchun Sodiq dedi:
— Tovshingni sekinroq chiqarsang-chi!
Mutal belidan teshasini olar ekan, unga javob berdi:
— Hali shundan ham qo‘rqasanmi, balki hali ashulamni ham aytib yuborarman!
— Jinnilig‘ingni qo‘y, Mutal aka! Men ham yoningda turaymi?
— Turasanmi, yo‘qmi — ixtiyor o‘zingda!
Mutal kovakka kirib kovlashka tutindi.
— Teshani qattig‘ solma, — dedi Sodiq.
— Menga o‘rgatma, o‘zim bilaman.
Sodiq Mutalning ehtiyotsizligidan qo‘rqdi shekillik, bir oz Mutalning ishiga qarab turg‘ach, dedi:
— Bo‘lmasa, men eshik yonig‘a borib turay, teshildi deguncha hushtak ber.
— Tuzik, hali Homid kuyaving qayog‘da qoldi?
— Ko‘chaning boshida poylab o‘lturgandir. Hush-tagingni eshitkach, uni ham chaqiraymi?
— Chaqir, — dedi Mutal va shitir-shitir kesak tushira berdi.
Sodiq eshikdan chiqg‘an ham edi, Otabek sekingina boshini ko‘tardi-da, Mutal sari shuviy boshladi. Mutal esa yemirilib tushkan kesaklarni tashqarig‘a surish bilan ovora edi... Shu vaqt uning qo‘ltug‘i ostidan uzatilg‘an qo‘l hiqildog‘idan ombir kabi siqib oldi... Mutal kuchli edi, ammo Otabek undan ham kuchlik edi. Sapchib hiqildog‘ini ajratish uchun bo‘lg‘an Mutalning birinchi harakati bo‘shka ketdi-da, chap biqinig‘a o‘tkir xanjar g‘achcha botirildi... Ammo ul hamon bo‘shalishg‘a kuchanar edi va kuchli qo‘l battarroq uni siqar edi. Uch daqiqalik kurashdan so‘ng Mutal bo‘shashdi, ilgarigi kuchanishlardan qoldi va bir-ikki daf’a to‘lg‘anib jimgina jon berdi. Otabek eshik tomondan ko‘zini uzmag‘ani holda Mutalni sudrab o‘zi biqing‘an loyxonag‘a olib bordi va qo‘rqibqina hiqildoqdan qo‘lini oldi. Mutalning boshi shilq etib loyxonag‘a tushdi-da, mangulik uyquga ketkanligi ma’lum bo‘ldi... Otabek bitta-bitta teshilgan bino yonig‘a kelib eshik tomong‘a hushtak berdi, javob hushtagi eshitilgach, teshuk ichiga kirib o‘lturdi. Teshukning yuqorisidan bir oz tuynuk ochilgan bo‘lg‘ani uchun ichkaridan quloqqa yengilcha pishillash eshitilar edi... Sodiq yaqin yetkan edi, kesmadan uzoqroqda turib shivirladi:
— Teshdingmi, Mutal?
— Teshdim, beri kel.
Sodiq kesma yonig‘a kelib engashdi. Engashishi hamono qo‘l hiqildoqqa to‘g‘ri kelgan edi va xanjar qornig‘a botirilgan edi... Sodiq qo‘lidag‘i xanjarini bir-ikki qayta solib ko‘rsa ham tegdirish uchun kesmaning tubanlig‘i xalal berdi, lekin o‘zi tetuk edi. Otabek sapchib kesmadan chiqdi va bor kuchi bilan Sodiqni bosib tushdi... Bosib tushishi hamono allaqaysi yeri achishkandek sezildi... So‘l qo‘li Sodiqning hiqil-dog‘ida, xanjarlik qo‘li Sodiqning xanjarlik qo‘lida edi... Bir oz kuchini yig‘ib olg‘ach, hiqildoqni bor kuchi bilan siqa boshladi. Sodiq xirillar, shunday bo‘lsa ham qo‘lidag‘i xanjarni bo‘shatmas edi. Eshik tomondan Homid ham ko‘rinib qoldi... Vaqt tang kelgan edi... Sodiqning ko‘kragini qochirib xanjarlik qo‘lini bo‘shatdi va Sodiqning ko‘kragiga soldi. Sodiqning xanjari birikki qayta uning orqasiga kuchsiz-kuchsiz kelib tekkan edi. Xanjarini ikkinchi urishda Sodiq bo‘shashdi va qo‘lidan xanjari tushdi.
— Homid akangga juda ham mehribon ekansan, Sodiq! — dedi bosib yotqan joyidan Otabek. — Joning-ni ham unga qurbon qilding!
Sodiq ingranib qo‘ydi.
— Kim xirillaydir? — dedi yaqinlashib kelgan Homid.
— Tezroq keling, Homid aka, Otabekni o‘ldirdik! — dedi shoshib Otabek.
— Ah! — deb yurib keldi Homid.
Otabek Sodiqni qoldirib, Homidning xanjarlik qo‘lini ushlab oldi:
— Mutal o‘ldi. Sodiq ham o‘lim yoqasida. Enda siz bilan ikkimizgina qoldiq!
Homid qo‘lini bo‘shatishka tirishar ekan, Otabek salmoqqina qilib dedi:
— Ortiqcha oshiqmangiz, Homidboy, men sizning xanjarlik qo‘lingizni bo‘shataman
hozir, ammo shungacha siz bilan ikki og‘iz so‘zim bor!
Homid hanuz qo‘lini bo‘shatishg‘a kuchanar edi.
— Kuchanmangiz, Homidboy!
— Mard yigit bo‘lsang, qo‘limni qo‘y!
— Oshiqma, qo‘yaman, — dedi Otabek. Shu choqda oyog‘ ostida yotqan Sodiq ko‘tarilib-ko‘tarilib o‘zini ot-moqda edi. Otabek Sodiqdan nariroqqa Homidni boshladi. Homid tig‘izliq bilan surildi. Xanjarlik qo‘li bilan tuynukka ishorat qilib, Otabek so‘z boshladi:
— Siz mendan ham yaxshiroq bilasizki, shu uyda sizni allaqancha mashaqqatlarg‘a solg‘an, cheksiz joni-vorliqlar ishlatkan va hisobsiz tillalar to‘kdirgan, niho-yat, shu daqiqag‘a keltirib to‘xtatqan birav uxlaydir. Agarda sizning manim tilimdan yozib bergan taloq xatingiz durust hisoblanmasa, bu uxlag‘uchi manim halol rafiqam bo‘lib, ikki yildan beri men ham uning ko‘yida sargardonman. Demak, siz bilan maning oramizda shu birav uchun kurash boradir. Lekin siz shu choqqacha manim ustimdan muvaffaqiyat qozonib keldingiz: qora choponchi, deb dor ostilarig‘acha olib bordingiz, Musulmonqul qo‘lig‘a topshirdingiz, bu ishlaringiz foydasiz chiqg‘ach, ismimdan taloqnoma yozib, ikki yillab rafiqamdan ayirib turishka muvaffaq bo‘ldingiz, bu orada gunohsiz bir yigitni ham o‘ldirdingiz. Nihoyat, o‘g‘riliq yo‘lig‘a tushib ikki yigitingizni manim qo‘limda halok qildingiz... Endi menga javob beringiz-chi: bu yomonliqlaringizda siz haqlimi edingiz?
— Haqli edim! — dedi Homid va siltab xanjarlik qo‘lini bo‘shatib chalqancha yiqildi. Ul qo‘lini bo‘shatqan choqdayoq Otabek ishini to‘g‘rilag‘an, ya’ni Homidning qornini shir etdirib yorib yuborg‘an edi. Homid holsizlanib yotar ekan, uni besh qadam naridan kuzatib tek turg‘uchi Otabek zaharxanda ichida «haqlimi eding?» deb so‘radi. Kuchanib «haqli edim!» dedi Homid va qo‘lidag‘i xanjarni Otabekka otdi, xanjar Otabekning yonig‘a kelib tushdi...
Otabek kushxona o‘rnidan eshikka qarab qo‘zg‘alg‘an edi, Homiddan besh-olti qadam narida yotqan Sodiqning «hmmm» degan tovshi eshitildi. Otabek ko‘ngli allanechuklangani holda maydondan chiqdi...