O'tkan kunlar/35

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O'tkan kunlar  (1926)  by Abdulla Qodiriy
35. Jonso'z bir xabar va qo'rqunch bir kecha

Agar olg‘an hisobimiz to‘g‘ri chiqsa, bu gal uning Marg‘ilong‘a quruq qatnab yurishining yettinchi qaytasi edi. 1267-inchi yilning kuzi — bu voqi’ag‘a o‘n sakkiz, o‘n to‘qquz oylar o‘tib ketkan edi.
Ertalabki choydan so‘ng, usta Alim o‘zining qaynisi bilan oshxonasi yonig‘a yangigina qurg‘an to‘quv do‘konlari yonida ipakka ohor berish ila ovora edi. Ammo ul bo‘lsa, do‘konxonaning ustuniga suyalgan ko‘yi qandaydir bir o‘y bilan mashg‘uldek ko‘rinar, ustaning Toshkand to‘g‘rilarida bergan savollariga «shundoq, ha, yo‘q, albatta» kabi qisqa javoblar bilan qarshi turar edi. Ul shu ko‘yi yarim soatlar chamasi so‘zsizlik so‘nggida, so‘zsizgina ko‘cha eshik tomong‘a chiqib keta boshladi, usta Alim ko‘zini ishidan uzib so‘radi:
— Yo‘l bo‘lsin, Shokirbek?
Otabek yo‘lak yonidan javob berdi:
— Shaharni bir aylanib kelmakchiman.
— Juda yaxshi, — dedi usta va: — ammo peshindan kechka qolmang, men oshni damlab sizni kutib o‘lturaman, tuzikmi?
— Tuzik, — dedi Otabek va yo‘lakdan o‘tib eshik oldig‘a — ko‘chaga chiqdi. Chiqishi bilan narigi eshikdan Sodiq ham ko‘rinib qoldi-da, Otabek bilan to‘qnash keldi. Sodiq iltifotsizgina unga qarab olg‘ach, shosha-shosha o‘ngdagi tor ko‘chaga yurib ketdi. A Otabek to‘g‘rig‘a, katta ko‘chaga qarab yurdi. Havo bulut edi.Oq bulutlar bo‘lg‘anliqdan quyoshning nuri uncha kesilmagan, quyosh to‘r ro‘ymol ichida o‘lturg‘an kelinlar kabi yer yuziga suzilib qarar edi. Bulutlarning ohistagina say-ridan sezilar-sezilmas hafif bir shamol yurib, yengilgina bir izg‘iriq ham yuzga kelib to‘qunar, bu izg‘iriq kishiga uncha rohatsizlik bermasa-da, lekin qayerdadir dog‘ qi-lin--moqda bo‘lg‘an zig‘ir moyining achchig‘ isini dimog‘qa kelturib urishidan kishiga bir behuzurlik hosil bo‘lar edi. Otabek yo‘lning ayrilishig‘a borib to‘xtag‘an edi. Yuzidan ikkilanish holati sezilar edi. Bu holat ikki yo‘l ustida voqi’ bo‘lg‘anliqdan onglanmog‘i yengil, chunki bir tomonda poyafzal rastasining yo‘li, ikkinchi yoqda to‘g‘ri ko‘cha edi. Uzoq to‘xtab turmay sobit va kuchlik adimlar bilan poyafzal rastasiga yurdi. Garchi bu ko‘cha uning yuziga qizarib-oqarish va bo‘zarib-sar-g‘ayish tuslari berar edi, yana har holda ul sobitqadam edi, o‘sha voqi’adan so‘ng, onalar ta’biricha, «ilon chiqg‘an» bu ko‘chaga birinchi kirishi, birinchi jasorati edi. Ko‘chaning burilishida yana bir oz uning adimlari sekinlashsa ham, lekin oldinlashini qo‘ymay boraverdi. Uzoqdan qutidorning tilsimlik darbozasi ko‘rinib turar edi... Darboza yonidag‘i mash’um tol daraxti ham nomuborak bir ishka guvohlik bergan kabi bo‘lar edi. Borliq kuchini asabiyat markaziga yig‘ib, tag‘in bir qayta darbozaga qarab oldi. Bu qarashida butun o‘tkan kunla-rini yana bir qayta xotirlag‘andek bo‘ldi va ihtizozot orasida uflab yubordi. Ko‘ringan gilos yog‘ochlarining ostida bir vaqtlarda kimdir birav uni kutib olar edi, endi-chi... Endi kimni kutar ekan?— degan savol miyasini shipirib ketdi... Ul Kumushni tamoman o‘z muhabbatida boqiy deb bilar va otasining zulmiga mahkum, deb tushunar edi. Shuning uchun ko‘ringan gilos yog‘ochi-ning kuz bilan sarg‘ayg‘an bargidek Kumushning za’faron yuzini ko‘rdi, o‘zi uchun emas, uning qalbi parchalang‘andek bo‘ldi. Hozir ul kutilmagan bir jasoratka molik bo‘lg‘an kabi edi. Kiraymi, deb o‘yladi, bevosita o‘zi bilan onglashaymi, deb jasoratlandi... Lekin... lekin darbozaning qarshisidag‘i mash’um tol yog‘ochi unga qarab kulgandek bo‘lar edi:
«Boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz, orsiz...»
Ul darbozaga yaqinlashayozgan edi, nimadandir cho‘chib chetka burildi. Chunki darbozadan chiqib qolg‘an ikki kishini ko‘rib, bularning birini qayin otasi bo‘lib chiqmog‘idan hurkkan edi. Haytovur chiqg‘uchilar begona odamlar bo‘lib, oldinga toba yuriy boshladilar. Boyag‘i «...orsiz» jumlasi bilan uning kirish fikri tamoman so‘ngan edi. Ammo «biravlar» to‘g‘risida nima bo‘lganda ham bir gap eshitmak havasi tug‘ilg‘an edi. Bu chiqg‘uchilar garchi qutidorning iti haqida bo‘lsa-da, bir ma’lumot beralar-ku, deb o‘yladi va ularga yetib olish uchun adimlarini kengaytirdi. Ulardan uch-to‘rt adim berida borar edi. Baxtka qarshi ular churq etmaygina ketar edilar. Nihoyat, yuz adimcha borgandan so‘ng, ulardan so‘z eshitishka to‘g‘ri keldi; birisi ikkinchisiga dedi:
— To‘y bilan nikohni bu kunga qilg‘animiz yaxshi bo‘ldi.
— Nima, juvonga ham to‘y boshqa, nikoh boshqa bo‘larmidi? Bordi-keldi bitta juvon qizi bor-ku, munga to‘yni boshqa, nikohni boshqa qilamiz deganiga hayronman.
— Axir qutidor ham boobro‘ odam-da, — dedi bi-rinchi kishi.
Jonso‘z bu xabarni eshitkan Otabeknnig hushi boshidan uchkan kabi bo‘ldi-da, adim uzgan joyida mixlangandek qotib qoldi. Go‘yo ustidan bir chelak qaynag‘an suvni ag‘darg‘an edilar-da, butun terisi oyog‘iga sidirilib tushkan edi... Besh daqiqalab yo‘l ustida esankiragan, hushsizlangan ko‘yi qotib turg‘ach, moshinavori birdan yurib ketdi... «Kishining xotinini taloqsiz chiqarib ol-da, bu kun erga ber», dedi va telbalarcha nima uchundir kulib qo‘ydi, o‘z-o‘ziga so‘zlanib Marg‘ilon ko‘chalarida tentaklarcha yugura boshladi. Uning bu kungi holig‘a qarash yuraklarni yorg‘anidek tasvirga ham qalam kuchi ojizdir...

* * *

Oyning o‘n beshlari bo‘lsa-da, havoning bulutlig‘i bilan oy ko‘rinmas, chin ma’nosi bilan qorong‘i kuzning qorong‘i bir tuni edi. Bir necha yuz yillardan beri yashab favqulodda zo‘rayib ketkan «Xo‘ja Ma’oz» mozorining chakalagi bu qorong‘iliqqa bir manba’ kabi edi. Kuchlik bir yel turg‘an, qandaydir bir ishka hozirlang‘an kabi to‘rt tomong‘a yugurib yurar edi. Mozor chakalagining bir burchagida tutab yotg‘an to‘nka yonida sochlari o‘sib soqolig‘a qo‘shilib ketkan bir devona bu mudhish qorong‘iliqqa qarshi kurashkan kabi gulxanni yondirishg‘a tirishar, gulxan tavaragidan aylanib qo‘lidag‘i kasavi bilan to‘rt tomonidan kovlar edi. Yel borg‘an sayin kuchlana bordi, chakalak tartibsiz holg‘a kirib ketdi, bitta-yarimta to‘kilmay qolg‘an yaproqlar shitir-shitir to‘kilishka oldilar, qarg‘a va zog‘chalar ayni uyqu zamonida tinchsizlagani uchun yelga qarshi na-moyish qilg‘andek g‘o-g‘u bilan chakalak ustidan aylana boshladilar. Yel kuchaygandan kuchayib borar va shu nusbatda mozor ichi ham yana bir qat qo‘rqunch holg‘a kirar edi, yel ketma-ket bo‘kurar, bunga chiday olmag‘an shox-shabbalar qarsqurs sinar, keksa yog‘ochlar g‘iyq-g‘iyq etib yolborish tovshi chiqarar edilar. Yel ortiqcha bir g‘azab ustida edi, yer yuzidagi tikkaygan narsani bukib-yanchib tashlamoqchi bo‘lg‘andek pishqirar edi. Chinorlardan birisini yerni titratib yiqitdi, devonaning gulxanini ham to‘nka-po‘nkasi bilan ko‘tarib chakalakning ichiga otdi. Butun mozor ichini o‘t uchquni ila to‘ldirib, yana ko‘rinishka boshqacha bir tus berdi. Mozorni bu holg‘a solg‘andan so‘ng go‘yo shuning uchun g‘ayratlangandek bir oz pasaya tushdi, och qolg‘an sher kabi pishqirib bo‘kirishlari bosilg‘andek bo‘ldi. Yarim soat chamasi jonsarakka uchrab uchib yurishka majbur bo‘lg‘an qarg‘alar yelning g‘azabi bosilg‘anini bir-birlariga xabar bergandek g‘o-g‘u bilan eski o‘rinlariga qo‘na boshladilar. Ko‘kni o‘rab olg‘an qora bulutlar ham to‘s-to‘ska bo‘linib, oy ham qora parda ichidan yarim yuzini ochib yer yuziga mo‘ralab qo‘ydi. Gumbazning qarshisidag‘i ikki tup keksa chinorning iskelet kabi quruq shoxlarig‘a yel bilan allaqayoqlarg‘a uchub ketkan boyqushlar to‘pi ham kelib qo‘na boshladilar. Oy parchalang‘an qora bulutlar bilan bekinmachoq o‘ynag‘an kabi hali ko‘rinib, hali yashirinar edi. Ul yer yuziga kulib qarag‘anda mozorning chakalak qismiga aytarlik o‘zgarish bera olmasa-da go‘riston qismidagi do‘mboq qabrlarni va ularning ustidagi marmar qabr toshlarini chuqur bir sukut ichida ekan, taqdim qilar edi. Boyqushlar uyasi bo‘lg‘an ikki tup chinorning qarshisida gunbazga ro‘baro‘ qilib so-ling‘an ayvon-ziyoratxona bor, ammo oy tik ko‘tarilganlikdan ziyoratxona ichi qop-qorong‘i edi. Chinor shoxlari tasbeh kabi chizilg‘an boyqushlar bilan to‘lg‘an. Ular oy nuridan uncha xursand emaslar, chunki oy yer yuziga kulib qaray boshlasa, ular boshlarini kaftlari ichiga oladirlarda, dum-dumaloq bo‘lib siqilib ketadirlar. Oy bulutlar ostig‘a kirsa, ular rohatlang‘an kabi chig‘-chig‘-chig‘, ki-ki-ki qilib sayrab ham yuboradirlar. Bu vaqt shu boyqushlar sayrog‘i ichidan ingranish kabi bir tovish ham eshitilgandek bo‘ladir.
Masjid manorasidan ruhoniyyat yog‘dirib munglik azon tovshi eshitildi-da, uyqu quchog‘ida yotqan tabi’at uyg‘onib javob bergan kabi jong‘irab ketdi. «Ollohu akbar»ning so‘ngg‘i takrorida Otabek ziyoratxona ayvonidan tushdi-da, shildirab oqib turg‘an ariq yonida tahorat olishka o‘lturdi...