O'tkan kunlar/32
Bu gal Otabekning kutilmagan ravishda Marg‘ilon-dan tez qaytib kelishini O‘zbek oyim o‘zining juhud domladan qildirg‘an jodusining hind sihrini yengganligi, deb so‘yingan edi. Biroq Otabekning ko‘pisincha mehmonxonada yotib qolishi uni bu to‘g‘rida shubhaga tushurib qo‘yg‘an va bunda qanday hikmat borlig‘ini bevosita bilib olish uchun birarta romchi domlag‘a bo-rish fikriga tushkan edi. Yusufbek hojining bo‘lsa bunday mayda ishlarni tekshirib yurish uchun fursati ham yo‘q, uning Normuhammad qushbegi yonidan bo‘shag‘an vaqti ponsad va beklarnikida kengash va ziyofatlar bilan tugalar edi. Uning diqqatini jalb etkan narsa bo‘lsa, ul ham Otabekning tadbirsiz siyosat va ahmoq boshliqlar mavzu’idan olib qilaturg‘an shikoyat va hasratini keyingi kunlarda jim-jit bo‘lib ketkanligi edi. Bu kunlarda Otabekka eng yaqin turg‘an kishi Hasanali ota edi. Chunki Otabek bu keyingi kunlarini mehmonxonada o‘tkazganlikdan Hasanaliga ham uning yonig‘a kirishka va bir muncha so‘zlashib o‘lturishka to‘g‘ri kela boshlag‘an edi. Shuning uchun Otabekning qayg‘ulik hollari, uyqusiz mutolaada o‘tkan tunlari va umuman undagi o‘zgarishlar bu to‘g‘rida Hasanalini o‘ylatsa-da, sababini so‘rashg‘a botirlig‘i yetmas va so‘rashni ham foydasiz deb bilar edi. Chunki ul Otabekdagi bu hollarning sirrini bilgandek, muhabbati orasig‘a cho‘b bo‘lib tushkan keyingi uylanishi alamidan deb qaror qo‘yg‘an edi.
Otabekning orzuliq kelin oldig‘a kirmasligi vajhidan O‘zbek oyim achchig‘landi, nihoyat achchig‘ig‘a chiday olmag‘an bir kuni mehmonxonada Otabek yotar o‘rnini yozib turg‘an choqda kirib keldi va yozilg‘an o‘rinni buzib yig‘ib tashladi va:
— Mehmonxonada yotaberib nima qilasan, ichkariga kirib yot! — deb jekirdi. Lekin o‘g‘li endi ilgarigi Otabek emas edi, onasining jekirug‘ig‘a quloq solmadi-da, qaytadan o‘rinni yozib boshladi. O‘zbek oyimning g‘azabi tag‘in ham alanga oldi:
— So‘zimni eshitasanmi, kar?!
Otabek sovuqqina qilib javob berdi:
— Kar emasman, lekin sizning bu taklifingiz oldida ham kar, ham ko‘rman. Bu to‘g‘rida siz endi ortiqcha bosh og‘ritmang!
— Insofsiz, adolatsiz!
Otabek zaharxanda bilan so‘radi:
— Men boshda sizga nima degan edim?
— Nima degan eding?
— Keliningiz mendan yaxshiliq ko‘rmas, demaganmi edim? Siz bilan otam bunga ko‘nmaganmi edingiz, siz buni inkor qilasizmi?
— Ota-onamdan va’da olg‘anman, deb shunday xo-ting‘a jabr qilib yura berasanmi?
— Keliningizga jabrni xohlamasangiz va o‘zingiz aytkan insofka qaytsangiz, eng oson bir yo‘l bor, — dedi va onasidan ma’lum «nima?» deb bilaturgan savolni kutib to‘xtadi. Ammo O‘zbek oyim so‘roq o‘rniga labini tishlab boshini ikki yelkasiga tebratdi. — Siz so‘rashni tilamasan-giz-da, men aytay: keliningizga jabrni xohlamasangiz mendan taloq qildiringiz va bir bechoraga bu yo‘sun azob berib yurmangiz! — dedi va bir oz to‘xtab davom etdi. — Siz bilgan insofni men ham bilaman. Bir bechorani faqat sizning kayfingiz uchun azob emas, chekkan xo‘rlig‘ini o‘ylab har kuni bir qat etdan tushaman... Agar o‘z kayfingizdan kechsangiz, yaxshi bilingizkim, bir emas ikki jonni azobdan qutqarg‘an bo‘lasiz, onajon! — dedi.
O‘zbek oyim o‘g‘lining bunchalik qat’iy ketishini kutmagan edi va bu yo‘sun qattig‘ muomalani-da Otabekdan birinchi martaba ko‘rar edi. So‘z qaytarishg‘a o‘rin topolmadimi va yo janjalning ulg‘ayishidan qo‘rqdimi, haytovur uzoqqina istehzolanib qarab turg‘ach, «esingni yebsan, bolam», dedi-da, mehmon-xonadan chiqdi. Otabek yolg‘iz mehmonxonada yotib kun kechirish bilangina qolmadi. Kechalari allaqayoqlarg‘a ketib, yo‘qolaturg‘an odatlar ham chiqardi va bir-ikki qayta ortiqcha mast bo‘lg‘an holda qaytib, Hasanalini tamom hayratda qoldirdi. Ul Otabekka nasihat qilishni ham bilmas va bu sirni biravga aytish uchun ham hayron edi. Bir kun kechasi ul yangi odati bo‘yicha allaqayoqqa ketkan edi. Hasanalining ko‘ngli bu kun ham bir ishka guvohlik bergandek bo‘lib, ichkarida yotkusi kelmadi, o‘rinni mehmonxonag‘a yozib, darbozani zanjirlab keldi. Agar bu kun ham ul o‘sha holda qaytsa, bir narsa demakchi, ya’ni qo‘lidan kelgan nasihatni qilmoqchi edi. Uxlamay kutib o‘lturdi. Ammo ul tungi soat o‘n bir bo‘lsa ham kelmas, o‘n ikkida ham daraksiz edi. Nihoyat, kuta-kuta uyqusi tang qilg‘ach, o‘rniga cho‘zilib kipragini kipragiga ulab yotdi va uxlab ketganini o‘zi ham sezmay qoldi. Oradan noma’lum bir muddat o‘tib darbozaning so‘naqasiz taqillashidan cho‘chib uyg‘ondi va yo‘lakka yugurdi. Qorong‘uda zanjirni timiskilar ekan, «kim?» deb so‘radi va javobig‘a «mmmman» degan sarxush tovushni eshitdi. Bu tovush uning yuragini uyushdirib yuborg‘an va «bu kun ham shunaqa» degan so‘zni ko‘nglidan o‘tquzg‘an edi. Zanjirni tushurib, darbozaning bir tabaqasini ochishi hamono shu tabaqag‘a suyalib turgan Otabek Hasanalining oyog‘i ostig‘a yiqilib tushdi. Hasanali bu kungi kayfning o‘tacha ketkanligini payqag‘an, yo‘lakni tutib ketgan ichkulik isidan o‘qchiyozg‘an edi. Otabekni suyab mehmon-xonag‘a kelturar ekan, ikki ko‘zi ichkari havlining eshigida, chunki Yusufbek hojining tunlari tashqarig‘a chiqaturg‘an odatining shu vaqtg‘a to‘g‘ri kelib qolishidan yuragi taka-puka edi. Otabekni yeshintirar ekan, rizosiz bir ohangda dedi:
— O‘g‘lim, sizga shu shaytoni ishning nima zarurati bor?
Otabek mastlarcha kuldi:
— Mmmenga zarurati bo‘lmasa kkkimga bor?!
— Nima bo‘lg‘anda ham men bu ishingizdan rozi emasman, — dedi Hasanali va qanday javob eshitishini kutib turdi. Otabek o‘rniga yotib olg‘ach, kuchlik qilib bir uflab oldi. Hasanali undan javob kutar ekan, bir ozdan so‘ng javob o‘rniga xurrak tovshini eshitdi... Otabekning kutilmaganda bu yanglig‘ yaramas ko‘chalarga kirib ketishiga hech bir turlik ma’no beralmay boshi qotsa ham, ammo uning ko‘z o‘ngidan ignaga zo‘rlab taqilg‘an ip nariga ketmas edi. Undan so‘ng, ikki oylardan beri Marg‘ilonni tilga olmasliqda uni bir oz shubhaga tushirib, «oralaridan birar sovuqchiliq o‘tdimi ekan», deb ham ko‘nglidan kechirdi. Otabek bilan birga choy ichish maqsadida ertalab Oybodoqning damlag‘an choyig‘a bormay, Otabekning uyg‘onishini kutib yurdi. Otabek tushka yaqin uyg‘ong‘ach, Hasanali choy hozirladi. Dasturxon yozib o‘zini kutib o‘lturgan Hasanali yonig‘a qisinib-qimtinib Otabek keldi. Tundagi holi esiga tushib bo‘lsa kerak, boshini yerdan ko‘tarib Hasanaliga qaramas va bir og‘iz bo‘lsin so‘z aytmas edi. Otabekning bu holi Hasanalining nichka yuragiga qattig‘ ta’sir etkan va o‘ylab qo‘yg‘an nasihatlarni unutib, bekzodani bu og‘ir holdan qutqazish fikrigagina tushkan edi.
— Yoshlik — beboshlik, degan ekan mashoyixlar, — deb kulib qo‘ydi Hasanali va: — uy ichidan bitta-yarimtasi sezib qolmag‘ay deb juda xavotirda bo‘ldim... Haytovur hech kim payqamapti, — dedi. Otabek tashakkur etkansumon Hasanaliga kulib qaradi va o‘zining bu ketishidan rizosizlik bildirgan kabi entikib tin oldi. Hasanali so‘zni urintirib Otabekni o‘z holig‘a qo‘ymas edi. Unar-unmasdan bahs qilib, nihoyat, bu unarunmasning oxirig‘a shu savolni ham ulab yubordi:
— Bu gal Marg‘ilong‘a kechikdingizmi?
Biz yuqorida ham turtib o‘tkan edikkim, Otabek na Yusufbek hojig‘a, na O‘zbek oyimg‘a va na Hasanaliga Marg‘ilondan tez qaytib kelish sababini aytmagan, Marg‘ilon bilan uzil-kesil aloqasi uzilganligini churq etib so‘zlamagan, so‘ralmag‘an so‘zga javob berilmas qabilidan jim-jit alamini ichkulukdan olibg‘ina yurgan edi. Ikki oydan beri birinchi martaba Marg‘ilon to‘g‘risidan so‘ralg‘an savol ham faqat shu Hasanalining keyingi so‘zi bo‘lib, sirni ochish o‘nqovida kelgandek edi. Lekin javob tamom haqiqatka mug‘oyir va kishini hayratka solarliq bo‘ldi:
— Bu kun jo‘namoqchi bo‘lib turibman, — dedi.
Hasanalining shubhasi bo‘shka chiqdi. Choydan so‘ng ul o‘zining so‘zini amalda ko‘rsatib, otasidan ham ruxsat olib qo‘ydi va peshindan keyin yo‘lg‘a chiqish uchun hozirlik ham ko‘ra boshladi. Uning sirrini bilguchi va «Endi Marg‘ilonda nima qilasan?» deb so‘rag‘uchi orada bo‘lmag‘anidek, ul bu so‘roqni o‘z-o‘ziga ham berib qaramag‘an edi. Go‘yo burung‘idek Marg‘ilon yo‘lig‘a oshiqib hozirlanar edi...
Yigirma kun o‘tar-o‘tmas Marg‘ilondan qaytib keldi. Bu borishdan birar ish chiqara oldimi-yo‘qmi, bu to‘g‘rini biz kelasi fasllarning biridan o‘rganarmiz.
Kelib Toshkandda bir hafta chamasi turdi, so‘ngra yonig‘a Hasanalini olib Oqmasjid shahriga jo‘nadi. Ul ikki yildan beri to‘xtab qolg‘an savdogarchilik ishini qaytadan boshlamoqchi edi...