Jump to content

O'tkan kunlar/12

From Wikisource
O'tkan kunlar (1926)
by Abdulla Qodiriy
12. Chaqimchiliq
334825O'tkan kunlar — 12. Chaqimchiliq1926Abdulla Qodiriy

— Bu kun yetti kun... Otabek qutidorning qizig‘a uylandi.
Ul bu xabarni Qo‘qondan qaytishda eshitkan edi. O‘zining qiyofasiga yarasha qo‘rqunch yo‘llar izlar ekan, quloqlari tegida «...qizig‘a uylandi» jumlasi takrorlanib turg‘andek bo‘lar edi.
Uning Qo‘qondan qaytishi ikkala xotini uchun ham ulug‘ bir falokat bo‘ldi. Chunki arzimagan bir sabab bilan ikkalasi ham yaxshig‘ina tayoq yeb oldi. Shuning uchun ikki kundash uning oldig‘a kirishdan qo‘rqib, yana to‘g‘risi — uning sovuq aftini ko‘rishdan jirkanib havlining chet-chetida yurarlar, ikki kundash bilittifoq unga o‘lim so‘rarlar: «Qo‘qonda o‘lsa, o‘ligini itlar yesa biz achinarmi edi», deyarlar edi.
Ul o‘lturgan ko‘yi nima to‘g‘risida bo‘lsa ham juda bosh og‘ritib o‘ylar edi. Shu choqda uning tusidan yirtqichliq, bir gunohsizning ustiga hujumga hozirlang‘an vahshiylik belgulari ko‘rilur edi. Har holda ul yaxshiliqqa emas, qandog‘ ham bo‘lsa bir vahshiylikka yo‘llar, rejalar izlar edi. Oxiri uning yuzida istehzolik bir iljayish ko‘rildi-da, bir narsaga qaror qo‘yg‘andek bir harakat yasadi va o‘rnidan sakrab turib qoziqdag‘i kirlab ketkan sallasini qo‘lig‘a oldi va havliga chiqdi. Tashqarisida besh do‘konlab ish to‘qib turg‘an xalfa shogirdlariga ba’zi ta’limotlarni bergach, bir ulug‘ darboza orqaliq ko‘chaga yurdi. O‘ralib bitmagan sallasini tuzata-tuzata tor, kirdi-chiqdilik ko‘chalar bilan shaharning kunbotar tomonig‘a, beklar mahallasiga qarab ketdi.
Beklar mahallasining boshlanishida, janubga qaratib qurilg‘an ulug‘ bir darbozaning yonida ikki nafar miltiq va qilichlik yigit so‘zlashib turar edilar. Bularning yonig‘a bizga ma’lum kishi kelib to‘xtadi va ulardan so‘radi:
— Bek uydamilar?
So‘zning beliga tepkani uchun yigitning birisi o‘shshayib so‘rag‘uchig‘a qaradi, ikkinchisi qo‘llari ora-sidag‘i miltig‘i bilan ichkariga ishorat qilib javob berdi:
— Bor!
Darbozadan ichkariga kirilgach, saroy kabi bir havli, ayvonda o‘n beshka yaqin yarog‘liq yigitlar to‘nkalardan gulxan solib, isinib o‘lturmakda edilar. Ul to‘rdagi ayvon orqaliq yuriladirgan uyning eshigida turg‘uchi yigit og‘asining yonig‘a bordi va qo‘rboshi bilan uchrashmak orzusida bo‘lg‘anlig‘ini aytib undan kirishka ijozat so‘radi. Yigit og‘asining rahbarligi bilan ichkariga kirdi: boshig‘a ko‘k salla chulg‘ag‘an, egniga O‘ratepaning bosmasidan chakman, beliga kumush kamar bog‘lab kumush qinlik qilichini tizasiga bosqan, qora tanlik bo‘lsa ham ko‘knorimi, taryakmi iste’molidan yuzi sarg‘ayg‘an qirq-elli yoshlar chamaliq bir kishi yorliqsumon bir yozuvni o‘qub o‘lturmoqda edi. Qo‘rboshi kelguchining salomiga e’tiborsizg‘ina javoblang‘an bo‘ldi-da, ruhsiz bir tovush bilan:
— Nima qilib yuribsiz? — deb so‘radi.
— Taqsir, sizga arz bor.
Yigit og‘asi kelguchini qoldirib chiqdi. Kelguchi eshik yonida oyog‘ ustida qo‘l bog‘lab turar edi.
— Qanday arzing bor?
— Taqsir... ijozat bersangiz o‘ltursam...
— Xo‘b, o‘ltur.
Kelguchi ko‘p tutulib tusi o‘ngg‘an gilam ustidan yurib borib, qo‘rboshi qarshisig‘a tavozi’ bilan o‘lturdi. Qo‘rboshi qo‘lidag‘i yozuvni buklab qo‘ynig‘a tiqdi-da, kelguchini yer ostidan kuzatdi:
— Qayerliksan?
 — Taqsir... shu yerlik, marg‘ilonlik.
— Oting nima?
— Taqsir... Homid.
— Nima kasb qilasan?
— Ustakorlik.
— Yaxshi, arzingni gapir?
Homid o‘zining tovshig‘a yasama bir ohang berib arzini boshladi.
— Janobi padari arus shahanshohi Musulmonqul bahodir zamoni adolatlarida ham, — dedi Homid, — qora choponliqlar hanuz tinch yotmay yurtni qipchoq og‘alarig‘a qarshi oyog‘landirmoqchi bo‘ladirlar, ishni yana tadbirsiz qora choponlar qo‘lig‘a olib mamlakatni buzg‘unliqqa solmoqchi bo‘ladirlar... Biz bunday buzu-qilar yolg‘iz Toshkanddagi Azizbek bilan uning yo‘lboshchisi bo‘lg‘an Yusufbek hoji, deb bilgan edik. Biroq ularning urug‘i bizning Marg‘ilong‘a ham sochilg‘an ekan.
Qo‘rboshining ko‘zi ola-kula keldi:
— Nima deysan? U kim ekan Marg‘ilonda?!
— Bittasi mashhur buzuqi toshkandlik Yusufbekning hozirda Marg‘ilonda turg‘uchi o‘g‘li — Otabek ismlik bir yigit, ikkinchisi uning hammaslaki va qayin otasi bo‘lg‘an Mirzakarim qutidor.
— Hali-ya?
— Shundog‘, taqsir.
— Sen bu gapni qayog‘dan bilding?
— Shu kunlarda ularning bir majlislarida bo‘lg‘an edim, taqsir...
— Xo‘sh, xo‘sh, majlisda?
— Majlisda ko‘b gaplar o‘tdi, taqsir, — dedi Homid,— majlisning boshlug‘i bo‘lg‘an Otabek qipchoqlarning zulm va ta’addisini, qipchoqlaridan ishni olmoq uchun Toshkandda Azizbek va o‘z otasi boshliq bilfe’l ish boshlag‘anlarini so‘zlab, Marg‘ilonning ham mundan so‘ng oyoqqa qalqishi kerakligini aytdi... Majlis ahli, ayniqsa Mirzakarim uning so‘zini kuchlab tushdi. Agar bu ishning oldini olinmasa, hukumat va mamlakat uchun natija qo‘rqunchdir, taqsir.
— Majlis kimnikida edi?
Homid tarafidan kutilmagan bir savol. Homid o‘ziga berilgan bu savol qarshisida taraddudlanib qoldi. Chunki majlis o‘rnini aytsa pochchasi bilan jiyani Rahmatning ham qo‘lg‘a tushishlari aniq va buning bilan ul o‘z oyog‘iga bolta qo‘ygan bo‘lar edi. Shu mulohaza yuzasidan ul tutiliqdi:
— Majlis o‘rni yodimda yo‘q, taqsir.
Mantiqsiz bu javobga qarshi qo‘rboshi achchig‘i bilan baqirdi:
— Yodimda yo‘q?!
Homid garangsidi va bir xil siniq tovushda:
— Esimda bo‘lsa ham nozik bir joy edi, taqsir, — dedi.
— Nozik bir joy edimi! — deb qo‘rboshi zaharxanda qildi. — Agar aytmasang o‘sha muttahamlar tiqiladir-g‘an chuqurg‘a sen ham tashlanasan.
— Kechiringiz, taqsir.
Qo‘rboshi yirtqichlardek bo‘kirdi:
— Kechirish yo‘q!
Homid uchun eng keyingi choradan boshqa iloj yo‘q edi — cho‘ntak kavlashka tutindi va yuz mashaqqat bilan yonchig‘ini chiqardi. Yonchiqdan o‘nga yaqin oltinlarni sanoqsizcha olib, qo‘rboshig‘a uzatdi:
— Taqsir... sizga atag‘an nazrimiz edi...
Homid kavlana boshlag‘andanoq qo‘rboshining ustidan sovuq suv sepilgan edi. Ul oltinlarni yonig‘a solib joylag‘ach, tovush ham eski holiga qaytib, so‘zlar ham muloyim tortdi.
— Demak, nozik joy edi, degin Homidboy.
— Taqsir...
— Badbaxtlar shunday maslahat qildilarmi hali?
— Taqsir... Bu ishning oldini olinmasa natija yomon albatta.
— Albatta, biz o‘sha buzuqilarning jazolarini berarmiz... Men hozir borib bekka arz qilay, shu kechadan qoldirmay qo‘lg‘a olamiz muttahamlarni, — dedi qo‘rboshi.
Homidning chehrasi ochilib ketkan edi. Qo‘rboshi o‘zining imo va ishorasiga o‘tkanlikdan uning ko‘zida o‘ch olish quvonchlari va undan keyingi Homidning o‘ziga ma’lum bo‘lg‘an bir baxt umidlari o‘ynar edilar. Qo‘rboshi tokchadan davot, qalam olib oldig‘a qo‘ydi-da, yozuvg‘a hozirlanib so‘radi:
— Ayt-chi, Homidboy, muttahamlar kimlar edi?
— Bittasi toshkandlik Yusufbek hojining o‘g‘li — Otabek.
Qo‘rboshi yozdi:
— Ha-ha! Hali Yusufbek hojining o‘g‘li degin. Bizning Marg‘ilonni ham qong‘a botirmoqchi ekan-da, muttahamlar, ikkinchisi?
— Shu kunlarda Otabekka qizini bergan marg‘ilonlik Mirzakarim.
— Pes-pesni qorong‘ida topqan ekan, uchinchisi?
— Otabekning quli — Hasanali.
— To‘rtinchisi?
Homid bir oz o‘ylab javob berdi:
— Bilmadim... Hozir Marg‘ilondami, yo‘qmi, andijonlik Akram hoji.
Qo‘rboshi yozdi:
— Ish katta ekan, tag‘in?
— Endi yo‘q, taqsir, — dedi Homid va so‘ziga shuni ham qo‘shdi, — Otabek bilan Mirzakarim qo‘lg‘a olinsalar ilonning boshi yanchilgan hisoblanib, o‘zgalarning qo‘lidan ish keladirgan odamlar emas, taqsir.
Qo‘rboshi yozuvni bitirib qo‘yniga tiqdi — «Bo‘l-masa ish bitdi, ertaga erta bilan mojaroni eshitarsan», — dedi. Homid o‘rnidan turib qo‘rboshig‘a qulliq qilib chiqdi.