Jump to content

O'tkan kunlar/10

From Wikisource
O'tkan kunlar (1926)
by Abdulla Qodiriy
10. To'y, qizlar majlisi
334823O'tkan kunlar — 10. To'y, qizlar majlisi1926Abdulla Qodiriy

Qutidorning tashqarisig‘a er mehmonlar, ichkarisiga xotin mehmonlar to‘lg‘anlar, ular quyuq, suyuq oshlar, holva, nisholdalar bilan izzatlanadirlar. Tashqarida bir qo‘sha sozandalar dutor, tanbur, g‘ijjak, rubob, nay va amsoli sozlar bilan dunyoga jon suvi sepib shaharning mashhur hofizlari ashula aytadirlar. To‘y juda ham ruhlik...
Ichkarida xotinlar majlisi: onalarcha aytkanda, ular qum-tuproqdek ko‘b, biroq majlisning borishida tartib yo‘q, havli yuzi va uylar xotinlar bilan to‘lg‘an, qaysi havli yuzida bir tovoq oshni yeb o‘lturadir, kim yig‘lag‘an bolasini ovitish bilan ovora, birav yor-yor o‘qub, tag‘in bittasining quvonchi ichiga sig‘may xaxolab dunyoni buzadi, xullas bag‘-bug‘ yetti qat ko‘kdan oshadir...
Oftob oyim qayg‘uliroq, tusi bir oz siniqqansumon... Mehmon kutib charchag‘anidanmi, nimadan bo‘lsa ham juda kalavlagan, ba’zan qiladirg‘an ishidan ham yanglishib ketkani, masalan, uyga kirmakchi bo‘lib tavanxo-naga kirib qolg‘ani ko‘riladir. To‘yga kelgan xotinlarning «To‘ylar muborak, kuyav o‘g‘ul muborak!» deb so‘rashlarig‘a ham ishonchsiz bir ohangda «Qutlug‘ bo‘lsin», deydir.
Oftob oyim donxonaning eshigidan turib xotinlar orasidan kimnidir o‘z yonig‘a chaqirdi. Yoshi ellidan oshqan, kulgusi ichiga to‘lib toshqan bir xotinni duvurdanchiqib, o‘ziga qarab yurganini ko‘rgandan keyin donxonag‘a kirdi. Xotin ham ichkariga kirgach, Oftob oyim eshikni qiya bekladi-da, qayg‘uliq bir boqish bilan xoting‘a qaradi.
— Nega qayg‘uliq ko‘rinasan, Oftob?
Oftob oyim uzoq tin olib eshikka qaradi va yarim tovush bilan:
— Shu choqda ichimga charog‘ yoqsalar ham yorimaydirda, egachi, — dedi va ko‘ziga jiq yosh oldi.
— Nega?
— Qizim to‘g‘risidan...
— Qizingga nima bo‘ldi?
— Unashilg‘anig‘a bu kun yettinchi kun, — dedi Oftob oyim, — shundan beri
Kumushingiz tun ham yig‘laydi, kun ham, sababini so‘rasam sira javob bermaydir-da, do‘lonadek ko‘z yoshisini oqiza beradir. Bu kun tag‘in yig‘isi oshib tushdi. Haytovur yalinib, yalpog‘lanib arang hammomga yubordiq.
Xotin Oftob oyimning bu gapidan hayron bo‘ldi va o‘ylab so‘radi:
— Nimabalo, kuyaving ko‘rksizmi?
— O‘zim ko‘rmadim, — dedi Oftob oyim, — ammo ko‘rguchilarning so‘zlariga qarag‘anda o‘xshashsiz ko‘rkam, tengsiz aqlli bir yigit emish... Otasining o‘zi yigitni yaxshi ko‘rib kuyav qilg‘an edi.
— Kumushning o‘zi yigit to‘g‘risidan hech narsa bilmaydirmi?
— Biladir, — dedi oyim, uning oldida biz jo‘rttaga kuyavni maxtashamiz, lekin bu maxtovlarni eshitgusi kelmay, qaytag‘a yig‘isinig‘ina ortdiradir.
Xotinning ham bu gapdan hayrati ortdi va bundan qanday sir borlig‘iga aqli yetmadi. Oftob oyimni yupatish uchun o‘tkan-ketkandan va boshda yig‘lab erga tekkan qizlarning chimildiqda yigit bilan apoq-chapoq bo‘li-shib ketkanlaridan hikoya qildi:
— Qayg‘irma, Oftob, — dedi, — kuyaving bunchalik suluv bo‘lsa, gap-so‘zda tenggi bo‘lmasa, hali chimildiqda qizingning pechak guldek bo‘lib eriga chirmashqanini ko‘rarmiz.
— Oh, opajon, — dedi umidsizcha oyim, — manim bunga ko‘nglim chopmaydir.
— Chopsin, Oftob. Men bunday yig‘loq qizlarning ko‘pini ko‘rdim, shunday qizlarning uyalmay-suyalmay chimildiqda hatto yigitdan ham ortdirib harakat qilganlarini ham ko‘rdim, sening qizing ham shularning bittasi, qayg‘irma Oftob.
— Ilohi shunday bo‘lsin-da.
— Bo‘ladi-bo‘ladi, — dedi kulib xotin, — shoshmachi, Oftob. Agar qizing men aytkandek o‘zgarib ketsa menga nima berar eding? — Sizga bosh-oyog‘ kiyim.
— So‘zingdan qaytma, Oftob. Pechak guldek bo‘lib eriga chirmashqanini ko‘rarmiz hali, xudo ko‘rsatsa, bor, o‘ynab-kulib mehmonlaringni kut!.. Shundan keyin ikavi donxonadan chiqib xotinlar orasig‘a kirdi.

* * *

Qizlar majlisi — gullar, lolalar, to‘tilar, qumrilar majlisi! Bu uyda — Kumushbibining tog‘asining uyida qizlar majlisi, gullar majlisi!
Bu uyga o‘ttuz-qirq chamaliq qizlar yig‘ilg‘anlar, yig‘ilishdan maqsad: qizlar o‘zlarining eng latif, eng go‘zal bir a’zolarini bu kun xotinliq olamiga uzatmoq-chidirlar. Bu uzatish majlisini jonlik, ruhlik o‘tkazmak uchun barcha qizlar o‘zlarining eng asil, eng nafis kiyimlarini kiyib, favqulodda yasanib, husn olamini yana bir qat, yana bir qayta bejabdirlar. Agar bu uyga kirib, bu majlis a’zolarini bir martaba ko‘zdan kechirsangiz, hozirdanoq aytib qo‘yish mumkin-ki, albatta esingiz chiqib ketar:
— Bu gulmi, ko‘hlik? Yo‘q narigisi! Undan ko‘ra bunisi! Barisidan ham o‘ttasi!.. Ana shunday qilib esdan ham ajrarsiz, gul tanlashda bir qarorg‘a kelalmay el ichida kulgiga ham qolursiz, rasvo ham bo‘lursiz.
Mana, majlis a’zolari shunaqangg‘i bir-biravidan o‘toq malaklar, parilar edilar. Majlisning shoirlari, o‘yinchilari, childirma va dutorchilari — barchasi ham hozir bo‘lib faqat Kumushbibigina hammomdan qaytmag‘an edi. Shuning uchun majlis ochilmag‘an, ochilsa ham ruhsizroq, Kumush kelgach, majliska ruh kirishiga barcha ishonadir va uni to‘zimsizlanib kutadir.
Kimdir, oradan bittasi «kelishdi!» deb yubordi. Barcha qizlar uyning darichasi yonig‘a uymalashib havlig‘a qaradilar. Chindan ham ul yonida ikki yangasi bilan kelgan edi. Shu choqda bizga Otabek kerak edi! Nega desangiz, ul kelsin edi-da, suyganini bir ko‘rsin edi: hammom bilan ul... faqat jong‘ina so‘raydir, majruh ko‘kslarga o‘qqina otadir... Boshdag‘i oq shohi ro‘ymol, ichdagi oq shohi ko‘ynak, ustdagi oq kumush zarrin siril-gan po‘stin, baqbaqalarni o‘rab o‘pib turg‘an yoqa qunduzlarining kelishkani, solinib tushkan qora jinggila sochlarning bo‘yin tevaragiga chirmashqani, xom nuqra yuzlarning bo‘g‘riqqani...
Yangalar Kumushni havlidan turib qizlarg‘a topshirdilar:
— Mana Kumushbibi — sizlarga, qizlar! Kumushning ko‘nglini yaxshilab ochinglar, qizlar!
Ikki-uch qiz chopib havlig‘a tushdilar-da, Kumushbibidan paranjini olib uyga boshladilar. Yangalar Kumushni qizlarg‘a topshirib ketdilar. Havli er va xotindan bo‘sh, yolg‘iz qizlarg‘agina xoslanib qoldi.
Kumushbibi boshlag‘uchi qizlar bilan uyga kirdi, undan ongqan atir islari bilan uy to‘ldi. Qizlar o‘zlari-ning bir turlikkina so‘zlashishlari bilan Kumush ila ko‘risha boshladilar:
— Esonmisiz, sarupolar muborak?
Kumushbibining qizlarg‘a bergan javobi eshitilar-eshitilmaslik edi:
— Qutlug‘...
Kumushbibi uyning to‘riga o‘tquzildi. Qizlar uyning tevaragiga o‘lturishib olg‘andan keyin orag‘a nima uchundir bir jimjitlik kirdi. Qizlar ma’nolik qilib yer ostidan Kumushka qaraydirlar. Majlisda bir xil ma’yusi-yat. Qizlar nimani o‘ylaydirlar va nima to‘g‘risida ma’yuslanadirlar, bu ersa qizlarning bizga noma’lum bo‘lg‘an ichki sirlaridir. Qizlar ipka chizilg‘an guldek uy tevaragini olg‘anlar, buning ustiga yovoshliq, o‘ychanliq ularning tuslariga ma’naviy bir husn va jiddiyat berib, birga yuz husn qo‘shqan edi. Agar biz shu kezda zarshunosliq uchun yeng shimarsak, ya’ni gulni guldan ajratadurg‘an bo‘lsaq boyag‘idek esankirab, mutaraddid qolmaymiz, chunki Kumushbibi lolalar isidagi bir gul va yo yulduzlar orasidag‘i to‘lg‘an oy edi.
Orada hamon boyag‘i jimjitlik hukm surar edi.
Har bir majlisning jonlandirg‘uchi, idora qilg‘uchi bir-ikki qahramoni bor bo‘lganidek, bu qizlar majlisi ham shunday qahramonlardan holi emas edi. Majlisni bunchalik ruhsizlanib, ma’yusiyat ichida qolishig‘a Gulsinbibi chidab turolmadi:
— Biz nima uchun yig‘ildiq-da, nimaga yer chizishib o‘lturamiz! — dedi. — Biz bu yerga aza ochqali keldikmi?
Gulsinning yonig‘a Xonimbibi qo‘shilishdi:
— Ko‘b o‘ylashmang, o‘rtoqlar! — dedi, — baribir bu gap hammamizning ham boshimizda bor! Tur Savra! Havlig‘a olov yoqib childirmangni qizit! Anorgul, sen dutoringni ol! Kumushbibi, siz uncha xayol surmang kulib o‘lturing. Baribir ertaga joysiz chekkan qayg‘in-gizdan o‘kinarsiz! — dedi-da, majlisni ost-ust kuldirib yubordi.
Kumushbibi ham ixtiyorlik, ixtiyorsiz bu kulgulikka tortilib, uning yovoshqina iljayishidan yoqutdek lablari ostidagi sadaf kabi oq tishlari bir oz ko‘rinib qo‘ydilar. Shu gapdan keyin majliska kutilmagan bir ruh kirdi. Anorgulning qo‘lidag‘i dutor «O‘rtoqlar» kuyini tanlarga larza berib, tarona qildi. Xonimbibi qizlarg‘a qistatib o‘lturmay o‘rnidan sakrab turdi-da, o‘ynab ham ketdi. Dutor yonig‘a childirmaning chertmagi kelib qo‘shilg‘andan keyin bazm tag‘in ham jonlandi. Chapaklar ham ko‘tarildi.
O‘yin qizib borar edi, uning daricha eshiklari beklanib toqchalarg‘a sham’ yoqil-g‘andan so‘ng, bazmning ruhi yana oshdi. Yel bilan o‘ynashib yong‘an sham’ nuri qizlarni allaqanday ajib holatka qo‘ymoqda, majlis ersa «Alif laylo» hikoyala-ridagi «parilar» bazmini xotirlatmoqda edi. Dutor «Ifor» kuyini chalib, childirma ham nozik yo‘l bilan unga qo‘shilisha bordi. O‘yin ham bir turlik nazokat kasb etib, Gulsinbibi yo‘rg‘alay ketdi. Dutor ko‘ngilning allaqanday ingichka joyini qitiqlaydir, childirma yurakni nimagadir oshiqdirib, Gulsin qizning yo‘rg‘alashi borliq a’zoni zirillatadir. Bazm juda qiziq, juda ko‘ngillik edi.
Kumushbibini ham bu qiziq bazmdan boshqalardek hissa oladir, so‘yinib quvonadir, deb o‘ylanmasin, chunki vujudi qizlar bazmi ichida bo‘lsa ham xayoli allaqa-yoqlarda uchib yurgandek, ko‘zlari o‘ynag‘uchi qizlarda bo‘lsa ham, ammo haqiqatda boshqa bir narsani ko‘rgandek... Ko‘rinishdan natija chiqarib aytkanda, bu qiziq majlis uning uchun bazm o‘rnini emas, aza joyini tutqandek...
Ikki soatlik qiziq bir bazmdan so‘ng qizlar charchadilar-da, o‘yinni to‘xtatdilar. Gulsin bilan Xonimbibi endi dutor bilan qo‘shiqqa o‘lturdilar. Gulsin o‘zining qo‘ng‘uroqdek tovshi bilan «Yig‘larman» kuyidan boshladi:
O‘rtoqlarim, qo‘lg‘a olsam torimni,
Beixtiyor yodlaydirman yorimni!
Ikkinchi qaytarib aytishda unga Xonimbibi qo‘shilishdi. Bir turlik, bir ohanglik nafis, musiqaviy tovushlar kishining borliq vujudiga, qon tomirlarig‘a ajoyib bir o‘zgarish bergan edilar. Shu choqqacha mo‘ltayib, xayol ichida sho‘ng‘ib o‘lturg‘an Kumushbibi bir seskandi-da, qo‘shiqchi qizlarg‘a qaradi.
Qizlar ikkinchi baytka o‘tdilar:
Bir ko‘rinib yag‘mo qilg‘an ko‘nglimni,
Qaytib yana ko‘ralmadim norimni!
Shu vaqt kutilmagan joyda Kumushning ikki ko‘zi jiq yoshga to‘lg‘an edi. Uchunchiga o‘tdilar:
Agar ko‘rsam edi yana yorimni,
Bag‘ishlardim hama yo‘qu borimni!
To‘rtinchi:
Bilurmikin, bilmasmikin u zolim:
Kunlar-tunlar tortqan ohu zorimni!
Kumush toqatsizlang‘an edi...
Beshinchi:
Chindin ayting o‘rtoqlarim menga siz,
Qayta boshdan ko‘rarmanmi yorimni?
Keyingi:
Ketdi toqat, ketdi sabrim... ketdilar...
Sindirarman urib yerga torimni!
Bu keyingi baytka quloq solg‘uchi qolmadi. Chunki yonidagi qizg‘a osilib yig‘lay boshlag‘an Kumushbibiga har kim taajjubda, har kimning ko‘zi, qulog‘i shunda edi.
— Nima bo‘ldi, Kumush?
— Nega yig‘laysiz, Kumush opa?
— Birar joying og‘riydirmi, Kumush?
Kumushbibi o‘z ustiga duv yig‘ilg‘an qizlarga ko‘zini ochib qaradi-da, hushyor tortqanlardek bir harakat qilib qo‘ydi va tez-tez cho‘ntagidan ro‘ymolini olib ko‘zyoshisini quritdi.
— Nega yig‘lading-a?
Bu savolni berguchi Gulsinga Kumush kuch bilan iljayib qaradi-da:
— O‘zim... — dedi.
— Voy sho‘rginangga sho‘rva to‘kilsin, Kumush! — dedi Gulsin, — men shunday erni topib teksam boshim ko‘kka yetar edi!
Gulsinning gapiga qizlar kulishdilar. Kumush juda xafa ko‘ringanlikdan uning ko‘nglini ochmoqqa to‘g‘ri kelar edi. Shuning uchun boshqa o‘yinlarni qo‘yaturib majlisning eng qiziq tarafi bo‘lib sanalg‘an lapar aytishka ko‘chdilar. Gulsin kuyav ro‘lini o‘ynar, Xonimbibi Kumush ro‘lida, ikkisining bir-birisiga qarab o‘qishqan laparlari barchani kuldirib, ichaklarni uzar darajada. Biroq Kumushning tishining oqini ko‘rish juda qiyin, uning hamma ishi faqat mungg‘ayib xayollanishqina...
Qizlarg‘a to‘yxonadan oshlar, tavanlar kelib tortildi. Oshdan keyin yangalar kelib, qizlardan Kumushni so‘radilar. Qizlarning, «Yo‘q, biz Kumushbibini sizlarga bermaymiz!» deb o‘ynab aytkan so‘zlari Kumushbibiga chindek bo‘lib eshitilar, yangalar bilan uydan chiqar ekan, ko‘mak so‘rag‘andek qizlarg‘a termulib qarar edi. Shu yo‘sun qizlar o‘zlarining bir o‘rtoqlarini xotinliq dunyosiga uzatib, majlisdan tarqalishdilar.