Norin daryo

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Norin daryo  (1934) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Bosh koʼtargan qullar kabi hiddat bilan,
Xujum qilgan qoʼshin kabi shiddat bilan
Toʼlqinlardan oʼrkach otib yuksaklarga,
Аchchiq bilan oʼzni urib tirsaklarga,
Och yoʼlbarsday naʼra tortib kelishing bor!
Аsov otday telbalanib yelishing bor!

Bir oz toʼxtab, dam olishni bilmaysan hech!
Hey, chopasan, yugurasan – erta-yu kech!
Oʼkurishing avj oladi kechalari!!
Yuraklarga xavf soladi kechalari!
Kechalarning jimligini bitirasan!
Аmmo lekin jinnilikni qotirasan!

Yoʼllaringda och sahrolar entikadi.
Tashna tuproq suqi kirib koʼz tikadi!
Qurib yotkan ariqlarning koʼzi – senda!
Koʼp boʼgʼinning hasrat toʼla soʼzi – senda!
Senda, koshki bir aylanib qarash boʼlsa,
Qirgʼoqlardan hol-u ahvol soʼrash boʼlsa!

Shu oqish-la yuz yillarni oqizgʼon – sen!
Koʼp boʼgʼinni tovutiga yotqizgʼon – sen!
Senga qolsa shu oqishla yana yuz yil,
Yana ming yil, minglarcha yil…
– Bas endi! Bil:
Yuz yillarning ixtiyori senda emas!
Odam bugun hech bir kuchka banda emas!
Sen, azamat, shunday yerdan oʼtasankim,
Senga oʼxshash uziqora daryolar – jim,
Oʼkurmasdan, boʼkurmasdan oqadilar;
Buyruq kutib, qirgʼoqlargʼa boqadilar!
Sendan asov, sendan yomon daryolar ham
Boʼyin egib kelishtilar biram-biram!

«Dnepir»ni bilarmiding ? – Balo edi!
«Men telbaga kishan bormi, qalay?» derdi.
Ozod mehnat bir hamlada ushlab olib,
Oz fursatda odam qilib – yoʼlga solib,
Oʼz erkida oʼynatadi u telbangni!
Shoshma, hali, tizginlaydi bir kun …
«Gang»ni…

Sen magʼrursan! Senga, hali tegmaganlar,
Sening temir irodangni egmaganlar.
Hali seni poʼlat qoʼlgʼa olmaganlar,
Yoʼllaringni och choʼllarga solmaganlar,
Qurib yotkan ariqlargʼa oqqaning yoʼq!
Oq oltindan shokildalar taqqaning yoʼq!
Elektrik yulduzlarni yoqqaning yoʼq!
Lampa koʼz-la mamlakatka boqqanin toʼq!

Erta-indin sen jinniga tegajaklar!
Irodangni – metin boʼlsin – egajaklar!
Seni poʼlat qoʼllarigʼa olajaklar!
Yoʼllaringni och choʼllarga solajaklar!
Qurib yotkan ariqlargʼa oqajaksan!
Oq oltindan shokildalar taqajaksan!

Elektrik yulduzlarni yoqajaksan!
Lampa koʼz-la mamlakatka boqajaksan!
Niagara, ori, sendan ancha katta,
Dnepr ham undan kichik shu fursatda.
Niagara koʼpdan beri tizginlangan.
Uning asov yelkasiga odam mingan.

Faqat uni, bilasanmi, kimning quli?
Parrasini aylantirgan kimning puli?
Boshqalarning terisini oqizgʼanlar,
Banklarga pullarini yotqizgʼonlar,
Yoʼqsullarni zuluk kabi soʼruvchilar,
Manfaʼatka oʼzlarini uruvchilar,
Birovlarning yelkasida yashovchilar,
Millionlarning luqmasini oshovchilar!

Dnepr-la sening oʼrning undan yuksak!
Sizga ega: buyuk mehnat, ulugʼ emak!
Sizga ega; oʼz kuchi-la ishlovchilar;
Luqmasini halol qilib tishlovchilar!
Qul zotini ozodlikka boshlovchilar,
Haq kurashga millionlarni tashlovchilar!
Ular sizni haq yoʼllarda oqizajak,
Koʼz nuriday aziz qilib boqizayak!
Hech bir kuchni qoʼymayajak teksin sizga!
Qongʼa botkan qoʼllarini egsin sizga!

1934 yil, mart

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse