Nogahon ko‘rdum ajab bir yori xubon o‘zgacha...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Nogahon ko‘rdum ajab bir yori xubon o‘zgacha...
by Sadoiy Mirhasan

Nogahon ko‘rdum ajab bir yori xubon o‘zgacha,
Bog‘ ichida bir guli sarvi xiromon o‘zgacha.

Dam-badam vasfin o‘qub ul dilbari jononani,
Man bo‘lurman bulbuli murg‘i xush ilhon o‘zgacha.

Bir nigohi birla olamni barin qatl aylamish,
Xohlasa bergay mani bechorag‘a jon o‘zgacha,

Kulbai baytul hazan ichra dili vayronaman,
Koshki bir yo‘l kelib ul bo‘lsa mehmon o‘zgacha.

Manki bir Ya’qub yig‘larman chu abri navbahor,
Ko‘zlarimni yoshidur misli qizil qon o‘zgacha.

To bu g‘am zindonida bo‘ldum giriftori balo,
Kim qilur andin bo‘lak mushkulni oson o‘zgacha.

Haddin oshti yorni javri, hech vafosin ko‘rmadim*
Man qilurman g‘amlarin bag‘rimda pinhon o‘zgacha.

Bir savol etsang berur albatta ul yuz ming javob,
Bir aningdek ko‘rmadim olamda purdon o‘zgacha.

Bu Sadoyig‘a mahol emdi qanoat qilmog‘i,
Qasd etar jonimg‘a ul har kun xiromon o‘zgacha.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse