Nil qizi
(Birinchi qo‘shiq)
Go‘zal Nil bo‘yidan
«Falloh» qiziman.
Ehromlar yo‘lida
Karvon iziman.
Toshqindan tug‘ildim
Erta bahorda,
Iliq nurlar emdim
Kundan nahorda.
To‘kilgan xurmolar
Yemishim bo‘ldi…
Olovli sevgilar
Yelga tutildi.
Sevganim qul bo‘lib
Sotilib ketdi,
Minglarcha qullarga
Qotilib ketdi…
Butun hayotimni
Bir zahar sirdi,
Qo‘ynimga sevmagan
Bir erkak kirdi!
Onamdan ayrildim
«Ona» deguncha,
Otamni ko‘rmadim
Ko‘zim to‘yguncha…
Nilning barakasi
Dunyoga tatir,
Fallohning baxtini
Kimlar uyg‘otur?..
(Ikkinchi qo‘shiq)
Munbit Nilning mehnatsevar «falloh» qiziydim,
Munbit yerlar, dalalarning shan yulduziydim.
Nil suvlari qirg‘oqlardan oshgach, tug‘ildim,
Ko‘zni ochgach, qum aralash suvlarga kuldim.
Boshqalarday bu dunyoga yayrab keluvdim,
Oilamga bir qush kabi sayrab keluvdim.
Bu unumli tuproqlarda to‘yarman derdim,
Yoshligimda bor mehrimni shularga berdim.
Kecha-kunduz ishlaganim qora yer bo‘ldi,
Bor kuchimni xashlaganim qora yer bo‘ldi.
Mehnatimga rohat ko‘rib, yayrayin derdim,
Xurmozorlar orasida sayrayin derdim!
Faqat dunyo yo‘qsullarga juda tor ekan,
Zolim falak yo‘qsullar-la ko‘p o‘ynar ekan…
Yosh umrimni mehnat bilan nobud qildilar,
O‘lmay turib keng dunyoni tobut qildilar.
1934-yil, mart
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|