Neft uchun kurash
Neft…
Mana, keyingi vaqtda jahongirlar o‘rtasida bo‘lg‘an bitmas-tuganmas talash, janjallar, oxiri ko‘rinmagan siyosiy muzokaralar va diplomat maynabozliqlarining sababchisi neftdir. Jahongirlarning butun tutqan siyosatlari, qilg‘an harakatlari yana neft bilan o‘lchanadir.
Neft dunyo siyosatida muhim, juda muhim ro‘l o‘ynamoqg‘a boshladi. Burjuaziya buning uchun har soatda bir-birining bo‘g‘ziga osilmoqg‘a, zarur bo‘lsa behisob qon to‘kishga hozirdir. Yovrupo diplomatlarining har bir harakati, har bir so‘zi mayda xalqlarni muhofaza, “mazlum millatlarga istiqloliyat” deya ashula qilishlari sulhparvarona aljishlari… tegida bularning aslini tekshirib ko‘rsak neft yotadir.
Dunyo hukmdorlarining butun harakatlari, butun siyosiy o‘yunlari – hammasi neftga borub tirkaladir.
Bu narsa jahongirlarning kecha-kunduz ko‘z oldilarida; ular buning bilan o‘zlarining “nafis” qo‘llarini qora qilmoqdan ham qo‘rqmaydirlar.
Jahongirlarning butun kanferensiyalari, ulug‘ davlatlarning behisob “nufuz doiralarini” belgilash majlislari va hokazo, shuning ichida bo‘lub o‘tkan Genuya, Gʻag‘a, o‘shandoq yaqinda marhum bo‘lg‘an Luzon kanferensiyasida ham eng shovqunliq mas’ala Mesopotamiyada neft chiqaturg‘an muhim bir rayonning markazi – Mo‘sul shahri ustida edi. Bunda eski yo‘lbosar davlat Angliya va Amriqo yoqalashadir, qolg‘an davlatlar o‘zlarining manfaatlariga qarab shunlardan birining tomonini oladirlar.
Mana, baynalmilal siyosatda neftning tutqan o‘yuni…
Buning sababi nima?
Sabablari juda ochiq: hozirgi kunda katta sanoatning o‘suvi va buning uchun yoqish asboblarining zarurligi, bu bir; neft, toshko‘mirga qarag‘anda ko‘broq issig‘liq beradir, shuning ustiga neftni chiqarish va yoqmoq uchun toshko‘mirga ketgandek ko‘b kuch sarf qilinmaydir va arzonroq turadir, bu ikki, uch. Shuning bilan barobar yuk tashimoq yo‘llarida buning ahamiyati ulug‘dir. Neft bilan harakatga kelaturgan urush kemasi, toshko‘mir bilan yuraturganiga qarag‘anda uch martaba va balki ortig‘roq tez yuradir.
Yuk tashimoq yo‘llarida, katta sanoatda neft bilan ish ko‘rish kundan-kunga ortadir. Toshko‘mir va boshqa yoqish asboblari sekin-sekin ikkinchi va uchinchi plang‘a ko‘chadirlar. Shuni ham esdan chiqarmaylikkim, neftdan tag‘in benzin, yer ko‘miri, asfalt, gazalin, har xil yoqish va surkash yog‘lari va g‘ayrlar ishlab chiqariladir.
Mana bu hollar neft chiqarish ishining kundan-kun o‘sishiga asosiy amallardir, albatta neft sanoati hali ko‘b yoshqa kirgani yo‘q. 1870 nchi yilda butun dunyo masshtabida faqat 50-55 milyon pud neft chiqarilur edi. Lekin bora-bora buning mahsuloti ortub, 1920 nchi yilda 5.552 va balki ortug‘roqqa chiqdi. Demak: ellik yil ichida neft chiqarish yuz martabadan ortig‘roq ko‘tarildi.
Dunyoda nihoyatda ko‘b neft iste’mol qilg‘uvchi ikki davlat – Angliya va Shimoliy Amriqodir. Shimoliy Amriqo neft iste’mol qilishda birinchi mamlakat hisoblanadir.
Angliyaning o‘z chegarasida (balki 165 ming tonna neft bergan Shotlandiyani hisoblamag‘anda) neft chiqarolmaydir. Lekin dengizlarda podshohliq qilmoq uchun yaxshi urush kemalariga molik bo‘lmoq ustiga, shunga yetarlik neft o‘choqlarig‘a ham ega bo‘lish kerak. Angliya o‘ziga kerak neftni (qora yog‘) chet ellardan oladir. 1920 nchi yilda chet ellardan 3363 tonna (bir tonna oltmish ikki yarim pud) neft sotib oldi.
Bu bo‘lsa neft jihatidan Angliya juda qiyin sharoitlarda ekanligini ko‘rsatadir. Angliya mustamlakalarida har yili quyidag‘i miqdor neft chiqariladir:
Birma . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 8 milyon bochka
Hindiston . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 1 milyon 200 ming tonna
Trinidat . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 3 milyon bochka
Misr . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 1,5
Qanada . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .1
Mesopotamiya . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 10 ming
Bundan boshqa Angliya kapitalistlari yangi Zelandiya jazirasida, Somali, Novuy Gvineya yarim oqalarida, Falastinda va boshqa yerlarda neft chiqarmoqqa kirishdilar.
Lekin bir Angliya qo‘l ostida chiqarilg‘an miqdor neft uning sanoat, savdo va harbiy kemalariga kerak ehtiyojlarni yopa olmaydir. Chunki neft chiqarg‘an mustamlakalarning o‘ziga ham neft kerak, ko‘piga o‘zlariga o‘zlarida chiqarilg‘an neft yetmasdan chet ellardan neft sotub olmoqg‘a to‘g‘ri keladir. Hindistonda 10.200.000 tonna neft hosil qilinsa ham, buni chetga chiqarish haqida og‘iz ochib bo‘lmaydir. Chunki Hindistonning o‘zi o‘zida hosil bo‘lg‘an miqdordan ortiq neft iste’mol qilub, yetmaganini Eron, Hollandiya Hindistoni va Shimoliy Amriqodan keltiradir.
Shundoq qilib Angliya neft bilan ta’min qilish ishida tamoman Amriqo qo‘lidadir. Angliya 1920 yilda chet ellardan sotub olg‘an neftning 61% ni Shimoliy Amriqo jamohirul-mutafaqasidan oldi.
Shuning uchun Angliyaning urush natijasida qo‘lig‘a kirib qolg‘an mustamlakalari Misr, Mesopotamiya va boshqalarni ikki ko‘zini saqlag‘andek saqlamog‘i tabiiy bir holdir. Angliya uchun qanallar, bo‘g‘ozlar juda muhim ro‘l o‘ynaydir. Albatta, uning uchun bo‘g‘ozlarning har bir mamlakat kemalari uchun ochiq bo‘lishi hech to‘g‘ri kelmaydir. Ul dengizlarda podshohliq uchun o‘ziga neft o‘choqlarini ta’min qilmoqchidir.
Neft xususida Angliyaning holi shu.
Endi Amriqog‘a kelaylik: bu mamlakat neft mas’alasida juda yaxshi holdadir. Butun dunyoda hosil bo‘lg‘an neftning 70-80 foizi Shimoliy Amriqo jamohirul-mutafaqasining yolg‘uz o‘z chegarasidagina hosil qilinadir. Shuning bilan birga bu mamlakatning nufuzi ostida neftga juda boy bo‘lg‘an Meksika mamlakati turadir. Yolg‘uz bir Meksika neft o‘choqlari ishlagan taqdirda butun dunyoning ehtiyojini ta’min qilishqa va balki undan ham ortiq chiqarishqa qodirdir. Demak, Amriqo bilan neft mas’alasida raqobat qilmoq mumkin emas.
Lekin neftga shunday boy bo‘lg‘an Amriqoning Angliya tomonidan Eron, Mesopotamiya va boshqa joylarda o‘ziga neft o‘choqlari olmoq harakatlariga tinch qaray olmaslig‘i va albatta o‘ziga ham qismat talab qilmog‘i bir oz ajib bo‘lub ko‘rinadir.
Buning sababi nima?
Sababi ma’lum: Amriqoda bo‘lg‘an neft zahiralarining kamayishi, o‘choqlarning kundan-kunga neftni oz bera boshlashidir.
Amriqo har yili 400 milyon bochka neft iste’mol qiladir. Agar neft xarajati har yili shunday bo‘lub tursa Amriqoning butun berayotqan neft zahiralari 17-20 yillargagina yetadir. Amriqo uchun 10-20 yillardan keyin Angliya holiga tushish xavfi bor. Shuning uchun Amriqo jahongirlari neft haqida mas’ala chiqg‘anda albatta aralashadirlar va o‘zlariga qismat olishqa harakat qiladirlar.
Ayrim mamlakatlarning neft munosabatida ahamiyatlarini belgilash uchun ularning yerda yotqan neft zahiralarini tasvir qilaturg‘an bir ikki raqamlarni ko‘rsatub ketamiz:
Janubiy Amriqo . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 73,6 milyard pud
Shimoli Jamohirul-mutafaqa. . . . . . . . . . . . 56
Rusiya . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 53
Eron va Mesopotamiya . . . . . . . . . . . . . . . . .. . . 46, 5
Meksika . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 36
Hollandiya Hindistoni . . . . . . . . . . . . . . . . . 24
Rumoniya . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 9, 4
Bundan Shimoliy Amriqo Janubiy Amriqodan orqada ekanligi ko‘rinadir.
Albatta, bunday bo‘lg‘andan keyin Shimoliy Amriqo neft mas’alalariga bir chekadan tamoshabin bo‘lub qola olmaydir. Uning raqibi Angliya Mo‘sul neftini o‘z qo‘lig‘a kirgizdi. Angliya himoyasi ostida bo‘lg‘an va 1917 nchi yilda tuzilgan “Ro‘yal – detch – sheld” neft shirkati o‘zining tomirlarini – Kaliforniya, Meksika, Misr, Rusiya, Zond jaziralari, Qanada, Ruminiya, Eron va boshqa yerlarga yoyib bir neft dengizi tashkil qiladir. Bu shirkat 123 jam’iyatdan iboratdir. Endi o‘zida kamrak soluqlari kirgizgan Amriqo boshqa mamlakatlarda bo‘g‘ozlarning har bir millat kemalari uchun ochiq “Ozod savdo”larini kirgizish uchun talashadir. Bu Amriqo uchun foydalik va juda zarur. Amriqo Angliyaning o‘z neft o‘choqlarini ortdirmoq harakatiga qarshi va Angliyani o‘z qo‘lida tutmoqchi bo‘ladir.
Mana bular o‘rtasida “neft dengizlari” uchun kurash, talash ketadir. Chunki “neft dengizlari” kim qo‘lida bo‘lsa, baynalmilal siyosatda podshohliq shuningdir.
Genuya va Gʻag‘a kanferensiyalari shu neft (rus nefti) mas’alasida Amriqo va Angliyaning raqobatlari natijasida tarqaldilar. Luzon kanferensiyasi ham ko‘bincha Mo‘sul nefti mas’alasida bu ikki raqibning kelisha olmag‘anlig‘i uchun natijasiz yopildi.
Q.
“Inqilob” jurnali,
1923-yil, № 9-10.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|