Jump to content

Ne xushdur fasli gul bog‘ ichra bir zebo sanam bo‘lsa...

From Wikisource
Ne xushdur fasli gul bog‘ ichra bir zebo sanam bo‘lsa...
by Tabibiy Ahmad
332832Ne xushdur fasli gul bog‘ ichra bir zebo sanam bo‘lsa...Tabibiy Ahmad

Ne xushdur fasli gul bog‘ ichra bir zebo sanam bo‘lsa,
Aning yonida no‘sh aylarga gulgun jomi jam bo‘lsa.

Tutub gulchehra soqiylar bu bazm ichra payo-pay jom,
Alardin ham nishoti aysh hosil dambadam bo‘lsa.

O‘qub yaxshi g‘azallar necha xush ovoz hofizlar,
Mug‘anniy ham bu suhbat ichra mashg‘uli nag‘am bo‘lsa.

Parivash dilrabolardin olib birdam kanoru bo‘s,
Alarning ham ishi ushshoq xaylig‘a karam bo‘lsa.

Gahi bo‘yniga solib qo‘l, gahi la’lin qilib bo‘sa,
Aningdek lutfidin ishq ahliga raf’i alam bo‘lsa.

Muyassar bo‘lsa tuz suhbat bu nav’ ahbob ila doim,
Ki mundoq bazm mahv aylar ko‘ngul ichra ne g‘am bo‘lsa.

Agarchi majlis ichra ham o‘tursam yor ila, lekin
Mening maqsudum uldurkim raqibi muttaham bo‘lsa.

Bu so‘zlardin manga ne sud hosil, ey ko‘ngulkim, ul
Bo‘lur hosil angakim kisasi mamlu diram bo‘lsa.

Tabibiy, ishq aro har kimki sodiq bo‘lsa tong ermas,
Bu yanglig‘ bazmni topib azizu muhtaram bo‘lsa.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.