Ne oy yuzlik, shakar guftorlig‘ zebo sanamdur bu...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ne oy yuzlik, shakar guftorlig‘ zebo sanamdur bu...
by Ravnaq Pahlavonquli

Ne oy yuzlik, shakar guftorlig‘ zebo sanamdur bu,
Qayu zebo sanamkim, nozanin sar to qadamdur bu.

Yuzin ko‘rgach bo‘lur Majnun kabi sho‘ridau shaydo,
Erur huri bihishtiy yo parizodi Eramdur bu.

Adou noz ila mastona javlon aylagan chog‘da,
Degil kabki dariy yo ulki tovusi haramdur bu.

Zihi shirin shamoyil dilraboi olam oshubi,
Qiyomat jilva, mahshar ishva, ne qoshi qalamdur bu.

Musalsal turrai zulfi girehgiringda bilmonkim,
Giriftor aylagan jon qushlarini hech g‘amdur bu.

Hayoti jovidon elga bag‘ishlab jon fido la’ling,
Ularman rashkdin, ne hasrati dardu alamdur bu.

Manga no‘shi labi jonparvaringdin bo‘lmayin ro‘ziy,
Yutarman lahza-lahza, vahki, ne xunobi g‘amdur bu.

Desam shirin dahoning birla zebo qoshlaring vasfin,
Ne yanglig‘ gavhari shahvorni durji adamdur bu.

Junun dashtida to bo‘ldum baliyat mulkini shohi,
Boshimda derlar o‘tlug‘ ohni oltun alamdur bu.

Ichib may qon to‘karga chiqsa ul gulgun qabo sarxush,
Degaysen g‘amzasin ne xanjari olmosdamdur bu.

Ne til birla sifat aylay oning xolu xatin, Ravnaq,
Yozilg‘on safhai orazda ne mushkin raqamdur bu.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse