Ne navo soz aylagay...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ne navo soz aylagay...
by Alisher Navoiy

Ne navo soz aylagay bulbul gulistondin judo,
Aylamas to‘ti takallum shakkaristondin judo.

Ul quyosh hajrinda qo‘rqarmen falakni o‘rtagay,
Har sharorekim, bo‘lur bu o‘tlug‘ afg‘ondin judo.

Dema, hijronimda chekmaysen fig‘on-u nola ko‘p,
Jism aylarmu fig‘on bo‘lg‘an nafas jondin judo?

Hajr o‘lumdin talx emish, mundin so‘ng, ey gardun, meni,
Aylagil jondin judo, qilg‘uncha jonondin judo.

Bo‘lsa yuz ming jonim ol, ey hajr, lekin qilmag‘il,
Yorni mendin judo yoxud meni ondin judo.

Vasl aro parvona o‘rtandi hamono bildikim,
Qilg‘udekdur subh ani shami shabistondin judo.

Bu egasiz it bo‘lub erdi Navoiy yorsiz,
Bo‘lmasun, yo rabki, hargiz banda sultondin judo.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse