Na bir qosidki yetkursa salomim jona jonimg‘a...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Na bir qosidki yetkursa salomim jona jonimg‘a...
by Ravnaq Pahlavonquli

Na bir qosidki yetkursa salomim jona jonimg‘a,
Na bir mahramki, arz etsa salomim dilsitonimg‘a.

Xiromi qomati har dam qiyomat oshkor aylar,
Nechuk tashbih etay shamshodni sarvi ravonimg‘a.

Desangkim hajr aro jonu dilim boru yo‘qin aylay,
Yuzung oinasini ro‘baro‘ tut imtihonimg‘a.

Jamoling bir ko‘rub, jon bermagimga bermayin fursat,
Chekib tiyg‘i tag‘ofil qolma, ey jallod, qonimg‘a.

Fig‘onkim, la’li xandoning ko‘zumdin bo‘lg‘ali pinhon,
Jahon g‘arq o‘ldi seli ashki chashmi xunfishonimg‘a.

Bir o‘tdur manda, vahkim, uchqunidin kul bo‘lur olam,
Keturmay tog‘ toqat so‘zishi dog‘i nihonimg‘a.

Emas rangi hino ul sho‘xi qotil ilgida, Ravnaq,
Qo‘li qon bo‘ldi, shamshiri jafo chekkanda jonimg‘a,

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse