Muzofot ijroqo‘mining II yalpi majlisi

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Muzofot ijroqo‘mining II yalpi majlisi  (1924) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Muzofot ijroqo‘mining ikkinchi yalpi majlisi 15-martda chaqirg‘an edi. Garchand chaqirg‘an vakillar shu kunga yetib kelsa-da, majlisda markazdan kelgan o‘rtoqlarning ham ishtirok etishlari matlub bo‘lganidan, ular o‘sha kuni Farg‘onadag‘i firqa a’zolarining‘ umumiy majlislarida bo‘lg‘anliklaridan belgilangan qun 15-martda yalpi majlis ochilmay, ertasi – o‘n oltinchida erta bilan soat o‘nda o‘rtoq Alixo‘ja o‘g‘li tomonidan ochildi. Bundan so‘ng birinchi so‘zni Turk Jumhuriyati Xalq Kamisarlari Sho‘rosining raisi o‘rtoq Islom o‘g‘li olib, hozirgi vaqtda Farg‘onag‘a berib turgan yordamlar to‘g‘risida so‘zlab o‘tdi.

Islom o‘g‘lining ma’ruzasi bitkandan so‘ng, yalpi majlis o‘zining ro‘znomasidagi masalalarni ko‘rishka boshladi.

Ro‘znomadagi masalalar shular edi:

1) muzofot ijrokumining uch oy ichida qilgan ishlarining hisobini;

2) mahallalardan ma’ruzalar;

3) qishloq xo‘jalig‘i to‘g‘risida;

4) moliya va soliq siyosatlari to‘g‘risida;

5) idoralarni yerlilashtirish;

6) maorif to‘g‘risida.

Muzofot ijroqumining 3 oylik qilg‘an ishlari to‘g‘risida o‘rtoq Alixo‘ja o‘tli o‘zining ma’ruzasida bosmachiliqni bitirish, Farg‘ona qishloq xo‘jalig‘ini tirkizish, moliya ishlari, idora ishlari va mahalliy sanoat-xo‘jalik ishlarini yo‘lga qo‘yishda ko‘rilgan choralar va ko‘rilgan muvaffaqiyatlarni to‘kus-tugal aytib o‘tdi.

Mahallardan bo‘lg‘an ma’ruzalarda uyezd ijroqo‘mlarining raislari yuraklarida to‘lub qolg‘an hamma dard-hasrat va kamchiliklarini bir-bir bayon etib, bu yalpi majlisga o‘zlarining tilaklarini vujudga chiqarishni taklif etib o‘tdilar.

Qishloq xo‘jalig‘ini va sug‘orish ishlarini to‘g‘risida ma’ruzachi o‘rtoq Hojiboy o‘g‘li qishloq xo‘jalig‘i va sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish, yersiz va yeri oz dehqonlarni yer bilan ta’min etish to‘g‘risida qanday choralar ko‘rulayotkanini bildirdi.

Moliya va soliq siyosati to‘g‘risida ham o‘rtoq Sayid Ali o‘g‘li bilan o‘rtoq Burnashovlar soliqlarning qaysi xilda tushub turganligi, yarim yillik moliya yili ichida tushkan daromad va qilingan masoriflarning hisobini boshdan-oyoq aytib berib o‘tdilar.

Hamma ma’ruzalarning ichida eng ahamiyat va diqqat bilan tinglangan ma’ruza idoralarni milliylashtirish to‘g‘risidag‘i ma’ruza bo‘ldi.

O‘rtoq Alixo‘ja o‘g‘li muzofot yerlilashtirish kamisiyasining raisi bo‘lishi sifati bilan bu haqda qilingan ma’ruzasida kamisiyaning kamchiliklarini aytib o‘tishi bilan barobar bu yo‘lda ko‘rulib va qilinib turgan moneliklarni na qiyin sharoit ichida anchagina muvaffaqiyatlar ham ko‘rilganligini, uyezdlarning bu to‘g‘rida hech ish ko‘rsata olmag‘anliqlari, hatto shu vaqtga dovur muzofot kamisiyasi bilan bir daf’a ham aloqada bo‘lub, o‘zlarining boru yo‘qlarini bildirmag‘anliqlariga ko‘braq to‘xtab o‘tdi.

Ma’ruza tamom bo‘lgandan so‘ng muzofot kamisiyasi tomonidan hozirlang‘an 9 moddalik qaror o‘qulub, bir og‘izdan qabul etildi.

Mundan so‘ng ma’ruza maorif to‘g‘risida bo‘lsa-da, bilmadik, nima sabab bilan bo‘lsa kerak, majlis ma’ruzani eshitishni ortiq ko‘rub hozirlang‘an qarorni ba’zi bir qo‘shumchalar bilan qabul qilib qo‘ya qoldi.

Maorif to‘g‘risidagi ma’ruzadan so‘ng o‘rtoq Burnashov birlashkan qishloq xo‘jaliq solig‘ining asoslari to‘g‘risida (ma’ruza) qilmoqchi bo‘lsa-da, vaqt juda kechikib qolganlikdan, kechqurun soat 12 da yalpi majlisning to‘rtinchi o‘lturushini yopib, ma’ruzani ertasi 17-martdagi so‘nggi majlisda eshitmakka qaror qilib majlis yopildi.

17-martda erta bilan soat to‘qquzda so‘ngg‘i majlis ochilib, haligi ma’ruzadan so‘ng rasman 16 martda boshlab ochilg‘an yalpi majlisni o‘rtoq Alixo‘ja o‘g‘li “yop(il)di” deb e’lon qildi.

Muzofot ijroqo‘mining bu ikkinchi plenumining qilingan ma’ruzalariga chiqarg‘an qarorlari gazetamizning kelasi sonlaridan boshlab bosilur.

Qalandar

“Farg‘ona” gazetasi,

1924-yil 25-mart.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse