Musulmonlar, g‘ofil qolmang!
Yaqinda shahar dumasi ochilur. Shahar dumasi, shaharimizning pokizalik va obodlig‘i, maktablarimizning taraqqiy va intizomi, bolalarimizning tarbiyasi va xalqimizning tinchligi uchun kerak bo‘lgan ishlarni o‘z qo‘liga olur. Shahrimizdan xazinaga kiraturgan oqchalarni shu yo‘llarda sarf qilmoqchi bo‘lur.
Bu oldimizdagi shahar dumasi eski hukumat zamonidagi shahar dumalarig‘a o‘xshamas. Yigirmadan o‘tgan butun shahar odamlarining ixtiyorlari bilan saylanurlar. Bu shahar dumasinda juhuddan, rusdan, musulmondan vakil qilib o‘turur. Va shahar ishlari uchun gapurushurlar. Shaharning qaysi qit’asinda kasalxonalar qurmoq kerak, shaharning qaysi qit’asindag‘i yo‘llarni tuzatmoq kerak, shaharning qaysi qit’asinda qancha maktab solmoq kerak deb kengashurlar va shul to‘g‘rilardag‘i ishlarni «vakillar ko‘bchiligi» ning qarori bilan qilmoqchi bo‘lurlar. Vakillar ko‘bchiligi hammadan burunroq eski qit’aning yerlarin tuzaturg‘a qaror bersa, chora yo‘q, shu qilinur. Vakillar ko‘bchiligi ko‘broq kasalxonalarni yangi qit’ada solmoqchi bo‘lsa, iloji yo‘q, shu bo‘lur.
Mana shularni onglagan har jamoat, har millat shahar dumasiga o‘zidan ko‘broq vakil o‘tkazmoq uchun tirishadir, dumaning ko‘bchiligining o‘ziga olmoqchi bo‘ladir. O‘tgan haftadagi «tahriri nufus»dan ong‘lashildiki: shahrimizda xalqning to‘rtdan uchi musulmon va to‘rtdan biri rus, armani va juhud ekanlar. Shunga qarag‘anda unlar xazinadan chiqim bo‘laturg‘an oqchaning uch shunchasi biz uchun chiqg‘uchidur. Unlarg‘a maktab ochilsa bizga uchta; unlarg‘a bir kasalxona ochilsa bizga uchtasi ochg‘uli; unlarg‘a bir put bug‘doy kerak bo‘lsa bizga uch put kerakdir.
Qisqasi shulkim: bizning haqimiz ularning haqtarindan uch yo‘la berkdir. Mana shularni tilab olmoq uchun shahar dumasining ko‘bchiligini olmoq kerak, shahar dumasining ko‘bchiligini olmoq uchun musulmonlarning saylov kuni lozimdur. Yo‘q, saylov kuni har kim o‘z uyinda o‘tirsa; boshqalar ko‘bchilik bo‘lib kelsalar va dumaning ko‘bchiligini o‘z taraflarig‘a o‘tkarsalar; u vaqt biz hech bir haqimizg‘a erisholmasmiz, yana eski kabi huquqsiz bo‘lib qolurmiz; yana eskisi kabi o‘z shahrimizda o‘z oqchamizning rohatini o‘zimiz ko‘rolmasmiz.
Shuning uchun bag‘iribroq aytamankim, o‘z xalqlarini yana boshqalarning oyoqlari ostinda qo‘ymoqchi bo‘lmag‘an musulmonlar! Saylov kuni g‘ofil qolmanglar, ko‘bchilik bo‘lib kelurg‘a tirishinglar.
«Hurriyat», 1917 yil, 25 avgust, 33-son
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|