Murabba’

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Murabba’
by Boborahim Mashrab

Hamdu sanolar aytay xudoga,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?
Yetgaymu dodim nozuk adoga,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Shum toleimdan ko’rdum jafoni,
Zolim raqiblar ko’rdi vafoni,
Holim so’r emdi, bergil davoni
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Bulbuldayinkim faryod etarman,
Ishq daftarini bunyod etarman,
Ko’nlumni bir dam men shod etarman,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Qachon visoling bo’lg’ay muyassar,
Ishqingda kezdim ham bahru ham bar,
Dardu alamga to’ldi ko’ngullar,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

G’am bahri qildi mavjini bunyod,
Ishqingda qildim ming ohu faryod,
O’tti nigorim chun sarvi ozod,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Hajr ahli keldi, tutti yoqamdin,
Bag’rim tilindi paykoni g’amdin,
Faryod etarman ushbu alamdin,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Sham’I firoqing ko’ksimda yondi,
Ko’z yoshim oqib bag’rimga tomdi,
G’aflatda qolgan Mashrab uyondi
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.