Muqimiy g‘azaliga muxammas

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Muqimiy g‘azaliga muxammas
by Hayrat To‘raqo‘rg‘oniy

Ishq aro oshiq elin afgor qilmoq shunchalar,
Yig‘latib ko‘z yoshini xunbor qilmoq shunchalar,
Arzi hol etsa agar inkor qilmoq shunchalar,
Zulm ila qahru g‘azab izhor qilmoq shunchalar,
Oshiqi bechoraga ozor qilmoq shunchalar.

Lutf etib ag‘yoriga rashk o‘ti birla kuydurib,
Tig‘i noz ila necha mushtoqlarni o‘ldurib,
Vaslidin mahrum etib, har yon raqib ila yurib,
Gul debon sevgan kishining ko‘kragiga nish urib,
Xastayu ma’yus etib, afgor qilmoq shunchalar.

Bir takallum aylamay xushtorlarning bazmida,
Komyob guldek chu man bemorlarning bazmida,
Oshiqi sodiq dili afgorlarning bazmida,
To‘tii shirinsuxan ag‘yorlarning bazmida,
Bizga kelganda gapurmay, zor qilmoq shunchalar.

Nozu istig‘nolar ila olmayin yuzdin niqob,
Bir qiyo boqmay, yana aylab necha qahru g‘azob,
Ey shahi taxti malohat, dilbari oliy janob,
Sizga kim aydi, muhabbat ahlini qil ehtisob,
Qo‘rqutib o‘z aybiga iqror qilmoq shunchalar.

Bo‘lsa har qandog‘ kishi ulfat yaqosi tugmalik,
Har kasu nokaski, badtiynat, yaqosi tugmalik,
Xush tavoze bo‘lsa, sersavlat, yaqosi tugmalik,
Kelsa oldingizga boy surat, yaqosi tugmalik,
Izzat ila shodu minnatdor qilmoq shunchalar.

Kim kezib dashti muhabbat ichradur zoru asir,
Tut faqirlar ilkini bo‘lsa agar ravshan zamir,
Ko‘zga ilmay, ehtiroz ila ani aylab chaqir,
Garchi kelsa eski to‘n, bizdek duogo‘yi haqir,
Kambag‘alning xirqasidin or qilmoq shunchalar.

Yor agar zulm etsa, Hayrat, tonmagay hargiz Muqim,
Hajr jomin no‘sh etarda qonmagay, hargiz Muqim,
Har bir ishkim yetsa, mehnat sonmagay hargiz Muqim,
Har baloyu jabr kelsa yonmagay hargiz Muqim,
Oshiq ahlini urubon xor qilmoq shunchalar.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse