Munaqqidning «munaqqidi» maqolasining egasiga
“Qizil O‘zbekiston” gazetasida bosilg‘an “Shoirni qanday tekshirish kerak?” sarlavhali maqolaga qarshi Usmonxon “Munaqqidning “munaqqidi” deyilgan maqola bilan o‘rtag‘a chiqdi. Bilmadim, nechundir, “munaqqid” yozg‘an maqolasida har daqiqada bir “chetka” chiqib qo‘yadi. Sistemasiz, tartibsiz “chetka chiqib qo‘yishni” ko‘b sevgan (uslub – insondir, zarari yo‘q) bu maqoladagi fikrlarning ba’zi asosiy nuqtalariga javob berib o‘tishni lozim ko‘rdim.
Maqolamda Cho‘lpon xususida qalam olg‘an Aynning, to‘g‘risi, uning tekshirish meto‘di ustida so‘z yuritgan edim. Usmonxon Aynning meto‘di va fikrlarining pishiq yoki xomlig‘i to‘g‘risida g‘iq etmasdan, meni bombardimon qilishg‘a tirishkan. Usmonxon “Shoir Cho‘lponning mafkurasi haqida “Ayn” tomonidan yozilg‘an bir turli to‘g‘ri fikrlarning qiymatini tushirishka tirishadi va maqolaning yozilmag‘an markaziy tilagi ham shundadir” deb, maqolamga “yozilmag‘an markaziy tilak” ham bog‘lab qo‘yadi.
Birinchidan, shuni yashirmasliq kerakki, Cho‘lpon to‘g‘risida “Ayn”ning maqolasidagi fikrlari “Ayn”niki emas, “uning tahlilidan chiqqan mulohazalar” deyish yanglishdir. Chunki “Ayn” maqolasidagi fikrlar, tushunchalar umuman anglashilg‘an va har kimning boshida tug‘ilg‘an fikrlardir. Faqat “Ayn” maqolasining qiymati haligi aytkanimiz fikrlarni shart-shart ochiq qilib shu masalaga boshqalarni jalb etishdadir. Men “Ayn” maqolasidagi fikrlarning qiymatini yo‘qotishg‘a tirishmasdan, balki ularga qo‘shilg‘an edim. Maqolaning markaziy punktini tashkil qilg‘an narsa Cho‘lponning qaysi sinfga, qaysi ijtimoiy tabaqaga mansub shoir ekanligi, parchalarida qaysi sinfning orzu va tilaklarini aks etkanligi masalasi edi. “Markaziy tilak” meni adashtirsa, “to‘g‘ri fikrlarning qiymatini tushirishga” surgasa, shu fikrlaga qarshi chiqmasmidim?
Boshqa ilm sohalarida bo‘lg‘ani kabi, adabiy asarlarni tekshirgan vaqtda ham shaxsiy orzu va “tilak”larni bir tomong‘a yig‘ishtirib qo‘yib, masalaga ob’yektiv qarash lozimlig‘ini, aks holda tadqiq va tahlildan bir chaqaliq natija chiqmaslig‘ini yaxshi anglayman. Shuning uchun Usmonxonning “markaziy tilak” deyishi to‘g‘ri emas.
“Ayn” tekshirishlarida badiiy asarlar ichiga ko‘milgan his va fikrlarni “san’at tilidan sotsiyolog‘iya tiliga” marksist munaqqid kabi ko‘chira olmag‘anlig‘i yuzasidan men uning usulsizligi to‘g‘risida so‘zladim. Asosiy qarshiliq usul – meto‘d ustidan chiqqanlir. Shunga ko‘ra “Oybek “Ayn”ni tanqid qilaman deb, kelib-kelib o‘z maylig‘a qarshi yana “Ayn”ning ostonasig‘a bosh qo‘yadi” degan Usmonxonning bu da’vosi bo‘sh va ma’nosiz narsa, chunki asosiy qarshiliq usul masalasi. Bu to‘g‘rida uning bilan hali kelishganimiz yo‘q.
Shoir ko‘b vaqt o‘z sinfining umidlarini asarlarida g‘ayrishuuriy aks etdiralar, sinfiy bir savqi (instinkt) bilan mansub bo‘lg‘an sinf, zumra va tabaqaning boshidan o‘tkan va o‘tqusi hayotiy voqealarni his etar ham shularning hayoti, halovati bilan juda bog‘liq bo‘lar. Shoirning o‘z sinfiy ideolog‘i bo‘lishi ham shundadir. Men shoirga shu nuqtai nazardan qarag‘anlig‘im uchun o‘z maqolamda “zehniyat kurash va hayot ila kasb etiladi va shu bilan o‘zgaradi. Shuning uchun bizda shu vaqttacha proletariat shoirlari yetishmadi. Shoirning quloqlaridan cho‘zib turib yo‘qsullar shoiri bo‘l deyishi mumkin emas”, degan edim. Bundan maqsadim dunyoni mehnatkashlarcha idrok etadurg‘an, dunyog‘a mehnatkashlar ko‘zi bilan qaraydurg‘an shoirlar ishchi-dehqon quchog‘idan chiqa oladirlar, deyish edi.
Usmonxonning “faylasufnamo” kallasi shu fikrimni ham durustkina tushunmabdirki, “shoirning hurligiga tegish gunoh deguvchilar ham yo‘q emas” deb ko‘zining shohsoqqasini o‘ynatqanga o‘xshaydi. Yana “shoirlar jismoniy quloqlaridan cho‘zilmasalar ham, “quloqlaridan” cho‘ziladirlar!” so‘zi bilan kerilib ko‘yadirki, buning “to‘g‘rilig‘i” bilan “Lenin payg‘ambar emas, lekin payg‘ambar” “fikri” babbarobar. (Shu tartibda aylanma, chigal fikr yuritish ham hazil gap emas!). O‘zi shunday “jinni da’voni” qilib turib tag‘in menga “bunday jinni da’voni hech kim qilg‘ani yo‘q” deb do‘q qiladi.
Maqolamda shoirni tekshirish uchun marksistcha meto‘d kerakligini va “Ayn”da shunday meto‘d yo‘qligini so‘zlab: “Ayn” kabi masalaga yuzaki qarab ketish kifoya qilmas. Buning uchun marksizm ko‘zligini taqib davrlarga yana chuqurroq qaramoq kerak. Marksistcha ijtimoiy meto‘d shunday yuzakilikka qarshidir”; yana bir yerda to‘g‘ridan-to‘g‘ri “sotsiyolog‘icheskiy meto‘d” deb ketkan edim. Mana shunday “sotsiyolog‘icheskiy meto‘d” degan istilohni Usmonxon ko‘rib o‘takasi yorilib ketkanga o‘xshaydirkim, ismga kelishmaydurg‘an “fikr”lar to‘ka boshlaydi va meto‘d xususida “mudarrislik” qilishg‘a tirishadi.
“Munaqqidning” meto‘d aylanasidagi tushunchasiga qarangiz: “Eng oldin Oybek fanniy istilohlarni ishlatishda ruslarning bir maqoliga misol bo‘ladirkim, “tovushni eshitadi, lekin bu tovushning qayerdan kelishini bilmaydi”. Oybek “ilmiy meto‘d” deb ijtimoiy (sotsiyologicheskiy) meto‘dni tushunadi. Bu tushunchangiz xom. Chunki “tovushning qayerdan kelishini” bilmagansiz. Qaysi marksist adabiyotida “sotsiyolog‘icheskiy meto‘d”ni ko‘rdingiz.
Bunday istiloh yo‘q (tushunchangizga qoyil! – O.) va bo‘lmaydi. Yoki bu istiloh siz tomondan kashf etildimi?”
Bu satrlarni o‘qig‘anda kishining yuziga shubhali bir kulgu sayr etadi. Chunki Usmonxondan shunday narsani eshitkach, kulgudan boshqa chora yo‘q.
Maqolaning boshig‘a Plyexanifdan bir parcha qo‘yg‘an Usmonxon Plyexanifning san’at va adabiyot haqidagi asarlarini juda ham chalama-chatti o‘qug‘an. Bo‘lmasa, “bu istilohka hozircha biz unamaymiz, bizcha bu istiloh yanglish istilohdir”, demas edi. Chunki san’at va adabiyot maxsus bir tekshirish sohasidirkim, ijodiyotning mana shu qismini tadqiq uchun kyerakli qurolni – sotsiyolog‘icheskiy meto‘dni birinchi martaba buyuk marksist Pelixonof ishlab berdi. Men ham “kashf” qilishg‘a qudrat sezmayman, ehtimol, sizdek bo‘lg‘animda qilsam. Hozircha o‘qib, tushunib, bor narsani yozaman. “Sotsiyolog‘icheskiy meto‘d” ham mening qo‘limdan suqulg‘an emas. Balki marksist adabiyot munaqqidlari tomonidan ishlatilib tuzilgan birdan-bir meto‘ddir. Bu kun ruscha adabiy tanqidga oid kitoblarni o‘qusangiz, ko‘zingizga lop etib ko‘rinadurg‘an istiloh “sotsiyolog‘icheskiy meto‘d” degan istilohdir.
Hozircha adabiyot maydonida ikki xil meto‘d bor. Birinchisi –sotsiyolog‘icheskiy meto‘d, ikkinchisi – “adabiy asarning mohiyati shakldir” da’vosini qilg‘an formalniy meto‘ddirki, so‘ngg‘isi borg‘an sari o‘rtadan yo‘qola boradi. Demak, asos o‘laroq, sotsiyolog‘icheskiy meto‘d qoladi. Usmonxon mendan: “Qaysi marksist adabiyotida sotsiyolog‘icheskiy meto‘d degan istilohni ko‘rdingiz?” deb savol so‘raydi. “Kashf”ni isbot uchun bir-ikkita misol keltiraylik:
“Bizning aloqamizning (maktabdagi ijtimoiyat darsi ila – O.) ikkinchi punkti – bizning umumiy meto‘dimizdir, sotsiyolog‘icheskiy meto‘ddir. Shahar povestlari, Ostrovskiy dramalarining paydo bo‘lishini biz iqtisodiy takomil bilan, shaharning o‘sishi bilan asoslaymiz” (Adabiyotchining nazariya va amaliyoti. Maqolalar to‘plami. Ribnikov tahriri ostida. Sahifa 64).
Yana shu kitobda Glubokovning “Adabiyot haqida marksistlar” degan maqolasi bor. Bunda aytiladi: “Adabiyot tahlilning sotsiyolog‘icheskiy meto‘dini Plyexanif taklif qilib, nafis adabiyotning san’at ekanligini unutqan emas” (Sahifa 126).
Usmonxon “Sotsiyolog‘iya o‘zi mustaqil bir fankim, u o‘zi meto‘dg‘a muhtoj. Sotsiyolog‘iya meto‘d va dunyoqarash tomonlaridan burjuaziya yoki ma’naviyun va marksist yoki moddiyun bo‘lib ikkiga ayriladi. Agar Oybek kabi mana shu ayirmani idrok etmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri “sotsiyolog‘icheskiy” deb keta berilsa, ming martaba “marksistcha” degan bilan marksistcha bo‘la olmaydi. Sotsiyolog‘iya ijtimoiy fan bo‘lishi bilan keskin suratda sinfiy fandir. Buning uchun burjuaziya sotsiyolog‘iyasi bilan marksizm sotsiyolog‘iyasi (ya’ni tarixiy moddiyunlik) orasida ayirmani ochiq bilib olish lozim”, deydi.
To‘g‘ri, sotsiyolog‘iya jamiyatning umumiy takomul qonunlaridan bahs etadurg‘an jamiyat to‘g‘risida abstrakt bir fandir. Lekin Usmonxon shuni anglamaydirkim, sotsiyolog‘iya mustaqil fan bo‘lishi bilan barobar, tarix, axloq, san’at kabi ijtimoiy ilmlarga (obщyestvennыye dissiplinы) meto‘d bo‘la oladi. Bir din olimi yoki san’at mutaxassisi tadqiq qilar ekan, sotsiyolog‘iyaning umumiy asosiy qonunlarini qurol qilib tegishlik natijalar chiqaradi. Demak, sotsiyolog‘iya yolg‘iz fan emas, ham fan, ham meto‘ddir (Qarshi emasmisiz, Usmonxon!). So‘ngra men maqolamning bir joyida to‘g‘ridan-to‘g‘ri “sotsiyolog‘icheskiy” deb keta berganman. Bunda zo‘r gunoh yo‘q. Chunki bizning Sho‘rolar ittifoqida yolg‘iz Marksning sotsiyolog‘iyasi atalg‘an tarixiy materializm nazariyasi hukm suradi. Biz sotsiyolog‘iya deganda, tarixiy materializmni anglaymiz. Shuning uchun “ayirmani ochiq qilib olish”ning hojati yo‘q.
“Munaqqid”ning meto‘dolog‘iyaga oid tushunchalaridan qo‘l tortib, endi uning xayol to‘g‘risidag‘i “donishmandli”giga o‘tamiz. Usmonxon xayol ustida ko‘b gap sotqan. Lokin ma’no oz. Xayolni “tuzukkina” tushungan Usmonxon: “Ayn” Cho‘lponni xayolparast deganda, Cho‘lpon realist emas, balki simvolist, ma’naviyun demakchi bo‘ladi”, deydi.
“Ayn”ning bu xususda so‘zlaridan shu ma’noni anglash uchun, albatta Usmonxon bo‘lish kerak. Masalan, “Ayn”ning “Cho‘lpon xayolparastdir. Chunki millatchilar, ziyolilar va shu mafkuraning qabul qilg‘anlar uchun xayoldan shirin, xayoldan nozik narsa yo‘q. Shunga o‘xshash Cho‘lpon ham ming qavat ko‘klarda yuradi” jumlasidan simvolistik ma’nosini chiqarib bo‘ladimi? Umuman, Cho‘lponni simvolistik shoir deyish to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Simvolistik shoirlar bu moddiy borliq bilan “ikkinchi sirli dunyo” orasig‘a ko‘prik qurmoqqa va “go‘zal ideyalar dunyosini” ramzlar orqali “his etmakka” cholishadilar. Simvolistiklarning intilishlari, o‘zlaricha, falsafiydir. Ammo Cho‘lponda falsafa sevgisidan ko‘ra, millatchilik va boylar mafkurasini tarannum etish ko‘bdir. Faqat dardlarini ochiq ayta olmay, tumanli va ramzlar bilan so‘ylaydi. Yuqoridagi “Ayn”ning so‘zlaridan tabiiy, maqolamda chiqorilg‘an natija kutiladi, ya’ni xayolparastlikni yolg‘iz millatchilikka bog‘lab qo‘yish to‘g‘ri emas. Albatta, yo‘qsullar diktaturasi davrida millatchi bo‘lishlikning xayolparastlikka ta’siri zo‘r bo‘lg‘ani kabi uzviy tuzilish va boshqalarning ham ta’siri bo‘ladi.
Usmonxonning yana bir oz “originalniy” shaxsiyati – tuhmatchiligi bor. Xayolning ahamiyati xususida Leninning bir fikrini keltirgan kitobning ismini va qaysi sahifada ekanini ko‘rsatgan edim. Lokin “munaqqid” meni ko‘rsatmaganliqda ayblaydi.
Har kimning ham yanglishishi mumkin. Ayniqsa, men kabi yosh “Cho‘lponning mafkurasi emas, balki yaratgan badiiy namunalari o‘qiladi, voz kechilmaydi” deyishi zo‘r xato. Haqiqatan, adabiy asarlarda shakl bilan mazmun ayri-ayri mohiyat tashkil qilmasdan, balki bir yedinstvo tashkil qilar ekan, bu to‘g‘rida Usmonxonning “O‘lma, ilmiy meto‘d!” deyishi juda to‘g‘ri. Shakl va mazmun ustida Usmonxonning fikrlari bir haqiqatdir.
Cho‘lponning mafkurasi va shaxsiyatparastligi haqida Usmonxonning aytkanlari to‘g‘ri. Albatta, shoir ham siyosiy va ijtimoiy hodisalarga aql ko‘zi bilan qarashi kerak. Lekin Usmonxon she’rda ham aqllilik, aqlning xo‘jayin bo‘lishini istaydurg‘anga o‘xshaydirkim, “Shaxsiy tomonidan qarag‘anda ham aql ko‘zi bilan qaramaydi. Balki ko‘brak yurak (tuyg‘u) ko‘zi bilan qaraydi. Hozir Oybekning ko‘zlari olayib-olayib ketkandirlar. Chunki, Oybekcha, “shoir mantiqning qat’iy chizig‘idan chiqa olmaydurg‘an mutafannin emas” va “realniy faktlar tizmasi she’r hisoblanmay” deb mening shu ikki jumlamni ham tirkab qo‘yadi.
San’atda his buyuk ro‘l o‘ynaydi. Shoir turmushni aql bilan emas, balki his bilan idrok etadi. Marksist adabiyotchi Traxtenburg “Adabiyotchining nazariyasi va amaliyoti” degan kitobdagi maqolasida adabiyotni shu xilda ta’rif qiladi: “Adabiyot hayotni maxsus (hissiy tasviri, masalan fan kabi aqliy emas) idrok qilish meto‘didir”. Qavs ichidagi jumla adabiyot bilan fan orasidagi farqni ochiq ko‘rsatadi. Buxarin ham “Tarixiy materializm nazariya”sining 209 nchi sahifasida “San’at hislarni tasvirlarda manzumalash (sistematizasiya)” deydir. Usmonxon esa “shoir mantiqning qitiy chizig‘idan chiqa olmaydurg‘an mutafannin emas va realniy faktlar tizmasi she’r hisoblanmas” degan fikrlarimni keltirib, “Shu marksizm bo‘lsa, kallamni kesib yuboring”, deydi. Qoniqarliq qarshi fikrdan so‘ng desa mayli-ya, quruq do‘q!
Shoirg‘a fan kerak emas, shoir mutafannin bo‘lmasin yoki realniy faktlardan uzoqlashgan narsaga she’r deb aytamiz, degan ma’nolarga haligi ikki jumlam ega emas. Hayotni to‘g‘ri va keng idrok etish uchun shoirga fan zarur. Realniy faktlardan uzoqlashg‘an she’r ham she’r emas va faktlarning quruq tizmasi she’r bo‘la olmas. Shoir realniy faktlarni his va yaratuvchi xayol yordami bilan shunday qovushtirsinki, o‘qur ekan, ko‘z oldimizda hayotning go‘zal manzaralari jilvalansin. Realistcha she’r bu. Men shunday she’r tarafdori.
“Har qanday bog‘lanishdan tashqari, mustaqil mavjudiyatga haqqi bor” she’r tomonida deb “munaqqid”ning hujum qilish to‘g‘ri emas. Umid va hayot hidi bilan to‘lg‘an ko‘rkam she’rlar, ko‘pincha, sog‘lom sinfning shoiridan chiqadi. Sinf sukutga uchar ekan, shoirlar ham “ilhom parisini” yo‘qliqlardan kutishka, sezgilarga berilishga boshlaydilar.
Cho‘lponning “Men shoirmi?” she’rini Usmonxon keltirib, bir qancha so‘z sotib “shoirlik menda bir soyami deyman, fikriga juda qo‘shilg‘imiz keladi”, deydi. Shumi marksistcha tahlil? Yo‘q. Cho‘lpon – shoir. Faqat tarix sahnasita buyuk amallar bilan chiqqan yo‘qsul, mehnatkashlarning shoiri emas. Cho‘lpon suyalg‘an sinfiy negiz ijtimoiy inqilob quyoshi qarshisida bahor qorlari kabi erib ketayotqani uchun Cho‘lpon “bir go‘zal holatni ko‘rib, anglatish qo‘limdan kelmay, borlig‘im yo‘qliqqa g‘ildirab ketar”, dedi.
Oybek
“Qizil O‘zbekiston” gazetasi 1927-yil 28- avgust.
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]
This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home. | |