Meyerxo‘ld teatri

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Meyerxo‘ld teatri  (1927) 
by Abdulhamid Choʻlpon

“Yer yuzi” majmuasi o‘z o‘quvchilarini eng zo‘r tiyotr muallimlaridan biri bilan tanishdirmoqchi bo‘lib, shu vazifani menga topshirdi. Bu ko‘p sharaflik bir xizmat bo‘lsa ham tilamasdanrak bajardim. Buning sababi belgili. Meyerxo‘ld to‘g‘risida kitoblar yoziladi, maqolalar, ayniqsa, “Yer yuzi”ning o‘lchovli betlariga sig‘a oladurg‘an qisqa maqolachalar yozish bilan uni keragicha tanitib bo‘lmaydi. Modomiki, tugal tanita olinmas ekan, hozirg‘a sabr qilib turish yaxshimasmidi? Yo‘q! “Oz bo‘lsa ham tanib turayliq” der ekan o‘quvchilar, shu uchun biz ham qo‘ldan kelganini qilishg‘a majbur bo‘lamiz. Boring, bu sarlavhasi bo‘lsin, bir ozdan so‘ng “madhal”ini boshlashg‘a ham mumkin bo‘lib qolar.

Meyerxo‘ldni maxtag‘anlar “rus tiyotrining mumtoz san’atkori” deb maxtaylar; hatto uning muxoliflari ham so‘kish chog‘ida “Eng buyuk muallimlardan birining xatosi”, deyib o‘talar.

1926 nchi yili aprel oyida uning tiyotri 5 yillik to‘yini o‘tkazdi. Shu to‘yni o‘tkazmak uchun 101 kishidan iborat maxsus qo‘mita tuzilgan edi. Qo‘mitaning raisi Klara Tsetkin, o‘rinbosarlari Lunacharskiy bilan Slavinskiy o‘rtoqlar edi. Boshqa a’zolar orasida Bela Kun, Budenniy, Dogodof, Lazufskiy, Simashko‘, Dumbol va Unshlixt kabi ulkan nomlar uchraydi. Mana buning o‘zginasi ham bu kun Meyerxo‘ld tiyotrining ahamiyatini ko‘rsatishga yetadi. To‘yg‘a qadar bir kollektif holda ishlab kelgan bu tiyotr, to‘ydan so‘ng hukumat qaramog‘ig‘a o‘tti va “Meyerxo‘ld nomig‘a hukumat tiyotri” deb ataldi.

Bu tiyotrning o‘z boshig‘a mustaqil bir muassasa bo‘lib ishlashi, 1922 nchi yildan boshlanadi. 1922 va 23 nchi yil tiyotr faslida u avval “Meyerxo‘ld tiyotri” bo‘lib, so‘ngra “Meyerxo‘ld nomig‘a tiyotr” bo‘lib ishlaydi. Ungacha bu tiyotr bir necha muassasaga aralashib chiqqan: 1920 nchi yilning no‘yabr oyidan 21 nchi yilning yozlarig‘acha, bu tiyotrning tub kuchlari, boshlarida Meyerxo‘ld bo‘lg‘ani holda “RSFSRning birinchi tiyotri”da ishlaylar. U yerda “Tong qizilliqlari (“zarya”)”, “Misteriya Buff”, “Yoshlar soyuzi” degan narsalar qo‘yiladi. Bularning birinchisi balchiqoli* adib va shoir Verxornniki bo‘lib, mu’asr* sarmoyador jamiyatdan boshqa bir oliyroq jamiyatga ko‘chishni tasvir qiladi. Unda sinf kurashi bir necha tabaqa orasida ko‘rsatiladi. Ikkinchisi rus futuristlaridan mashhur Mayakovskiyning asari bo‘lib, narigi (ma’naviy) olamlarni ermak qiladi. Nihoyat, uchinchisi no‘rvajli* adib Ibsenniki bo‘lib, asrimizning muammolariga qoqiladi. Bu asarlarning har biri o‘sha vaqtda jamiyatga hayajonlar solg‘an, uni silkitkan narsalardir.

Meyerxo‘ld o‘sha tiyotrda vaqtida edikim, “tiyotrda o‘ktabr” shiorini maydonga otti. Uning g‘ayrati va tashabbusi bilandirkim, o‘sha tiyotrda yangi asoslar amalga qo‘yildi. Bu yangi asoslarning biri “Tiyotr san’ati ham siyosatdan xoli emas”dir. Qanday bo‘lsa ham bir sinfning manfaatiga xizmat etganini da’vo qilar, shu uchun o‘zi ham mamlakat tizginini qo‘lg‘a olg‘an tumoyoq sinfiga xizmat etardi. Bu mafkura masalasidir. Yana bir yangi asos sahnaning tuzilishiga oid bo‘lib, sahna maydonining chiroyliq qilib yasatilishig‘a qarshi sahnada eng oddiy muyimlardan eng oson va arzon shakllar uyushdirishga tirishardi. Bu ham, albatta, “siyosatdan xoli emas”, negakim, bu sodda sahna sodda xalq uchun, sodda xalq esa – tumoyoqlar edi.

Bino yetishmasligi orqasida u tiyotr burung‘i Nizlubin tiyotri bilan birga qo‘shilib “Aktyor tiyotri”g‘a aylandi. O‘sha tiyotrda qo‘yilib juda katta muvaffaqiyat qozong‘an “Velikodushniy rogonoses” tomoshasi, “Aktyor tiyotri” qurulmasdan burun “Birinchi RSFSR tiyotri” bilan yuqori rejesso‘r kurslari tomonidan birlikda tayyorlang‘an edi. Meyerxo‘ldning ikkinchi asosi (sahnani soddalashtirish), o‘sha vaqtda avjiga chiqqan edi: uning o‘z gapiga qarag‘anda yuqorida aytilgan asarning qo‘yilishi faqat 200 so‘mgagina tushkan.

O‘ziga hamma vaqt yangi yo‘llar aqtarg‘an bir yerda to‘qtamag‘an, “tinib o‘lmas” Meyerxo‘ld va uning to‘dasi, albatta, Nizlubin to‘dasi bilan chiqisha olmas edi. Ham shunday bo‘ldi-da: ilgari ikkovi orasida kurash ketdi, so‘ngra uzilishishga majbur bo‘ldilar. “Aktyor tiyotri” tamoman Meyerxo‘ld qo‘lig‘a qoldi.

Undan keyin “Aktyor tiyotri” deganimiz “Gitis tiyotri”1 g‘a aylandi.

Unda ham ikki to‘da o‘ynardi: biri Meyerxo‘ldniki, yana biri “Tajriba qahramonliq tiyotri”. Bu ikkala to‘daning kurashishi natijasida so‘ngg‘i to‘da yo‘q o‘ldi va 1922 nchi yilda “Meyerxo‘ld tiyotri” degan mustaqil bir tiyotr tashkil qilindi.

O‘zining o‘sha yo‘li bilan Meyerxo‘ld tiyotri hozirg‘acha yurib keldi. Albatta, bu orada chayqalishlar bo‘lmadi emas, bo‘ldi, lekin ularning mohiyatidan gapirmakchi bo‘lsaq, kitoblar yozishg‘a to‘g‘ri keladirkim, unga bizning kuchimiz ham hali hozirg‘a yetmaydi.

Bu orada Meyerxo‘ld tiyotri “Muallim bubus”, “D. I.” (Ber Ovro‘poni!), “Mandat”, “Yer ko‘pdi”, “Yur, Xitoy” qabi har jihatdan yangi va mu’asr narsalar berdi: qadimgi Ostrovskiyning “O‘rmon”i bilan Gogolning “Tergovchi”sini yangilab astar-avrasini ag‘darib qo‘ydi. “O‘rmon”da uncha qilu qol qo‘zg‘almag‘an edi. Ammo bu “Tergovchi”da juda katta qilub qil qo‘zg‘aldi. Qo‘yilg‘aniga bir yarim oy bo‘lib qolg‘ani holda, hali ham maqtash va so‘kishlar to‘qtag‘ani yo‘q. “Tergovchi”ga baho berishda Maskav bilan Leningrad tanqidchilari ikkiga bo‘lindilar. Maskav so‘kadi, Leningrad maxtaydi. Bu so‘kish va maxtashlar to‘g‘risida gapirmak uchun ham yana ayrim maqolalar yozish kerak. Shuning uchun qisqa qilib shunigina aytamizkim, Maskav munaqqidlari Meyerxo‘ldni “o‘nglashib ketishda” ayblaylar, Leningrad munaqqidlari esa Meyerxo‘ldning tergovchisidan Gogolning chin ruhini topalar va yangi hech kim topolmag‘an narsalar topilg‘anini da’vo qilalar. Chinakam, “Tergovchi” bilan “Velikodushniy rogonoses” orasida shakl jihatdan juda katta farq bor. So‘ng‘i narsani 200 so‘mga tayyor bo‘lg‘an deb o‘tkan edik. “Tergovchi”ning sahna jihozlariga bir necha ming so‘m ketgan desak xato qilmaymiz. Kiyimlar hammasi toza narsadan, xotin kiyimlari hammasi ipak boshqa jihozlar ham kinolarniki qadar boy.

Meyerxo‘ld tiyotrida bu choqqacha parda, dekaratsiya va sahna oldi fanorlari bo‘lmas edi. “Tergovchi”da parda devorg‘a aylangan. Ravot darvozalar…

O‘yinlarda “Ot o‘yini” (sirk) va kinoning ko‘b ta’siri bo‘lg‘an bu tiyotr gapning qisqasi, tevarak-atrofni eng ko‘b mashg‘ul qilayotqan bir san’at muassasasidir. Bu to‘g‘rida bir emas, ko‘b, ko‘b martaba so‘z qilishg‘a to‘g‘ri kelar– hozir so‘zni tamom qilmasdan burun Meyerxo‘ld tiyotrining bizga ta’siridan ikki og‘iz so‘zlab o‘tay:

Bu tiyotrning soddaligi biz uchun kerak, ko‘bchilikka yaqin kelishi – yana biz uchun lozim. Bizning xalq tiyotrlari unsurlaridan ba’zilari bu tiyotrda bor. Shu uchun bizning yangi tiyotrimiz ham bundan qochib qutulolmaydi va qochmoqchi ham emas, albatta. Balki, Maskav dram istudiyasi bu yo‘lda birinchi qadamni qo‘ydi: o‘tkan yil Maskav istudiyasida Meyerxo‘ldchilardan o‘rtoq Sverdlinning ta’limi bilan “Qorovul o‘yqusi” degan bir so‘zsiz o‘yin tayyorlang‘an edi. Endi, bu yil esa “Pul undirish” degan bir kulgi asar tayyorlanib turadir.

Cho‘lpon

“Yer yuzi” 1927-yil №19.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse