Meros
Necha yildan beri pioner boʻlib lagerlarga chiqib kelgan, oson tilda uncha-muncha siyosiy leksiyalar eshitib, oʻzi ham pioner gazetalari va kitobchalarini oʻqub turaturgʻan Hojar otasining muncha oʻjarlik qilishini anglayolmaydi. Baʼzi-baʼzida qizil boʻyinbogʻisini xuddi qizlar sochiday ikki qoʻli bilan oʻrib oʻynarkan, qop-qora va oʻynab turgan koʻzlarini keng-keng ochib qari otasiga qaraydi-da, deydi:
– Kolxozga kirib qoʻyaqolsang nimaydi? Mehnatingga yarasha haq olib, kolxoz dalalarini gullatib yotarding…
Chol havoning issiq kunlarida sovuq suvli ayronga badring toʻrgʻatib, shuni non bilan birga icharkan, kichkinagina ogʻzidagʻi kemtik tishlarini koʻrsatib kular va:
– Sen, joʻja, tovuqqa aql oʻrgatmasang-chi. Bilagimning kuchi bilan, xudo qoʻysa, kolxozga kirmay ham senlarni toʻygʻazaman! – deb qoʻyardi.
Chinakam, Maqsud otaning oʻjarligini sindirish kichkina joʻjaning emas, katta-katta tovuq va xoʻrozlarning ham qoʻlidan kelmas edi.
Chinakam, Maqsud ota boshqa hammaga oʻrnak boʻlaturgʻan darajada yaxshi ishlar; yerni goʻnglash, haydash, tuprogʻini maydalash, chigit tikish, sugʻorish, yaganalash, hosilni xoʻp yetiltirib, undan keyin terib olish ustida qancha kuch sarf qilsa, shuncha epchillik ham koʻrsatardi. Shu uchun kolxozdagi yigitlar, – hatto oʻzi tenglik chollar ham, – uni oʻz oralariga olish yoʻlida unga gap yeydirishga harakat qildilar. Ularga ham Maqsud chol bosh tebratish bilan javob qilar ham:
– Shoʻro hukumati kolxozga zoʻr bergani bilan, yakka xoʻjalikni ham yerga urib tashlagani yoʻq. Halol ishlasa yakkaxoʻjayam toʻq boʻlaveradi, – derdi.
Boʻlmadi. Nihoyat bir kuni chol yiqildi. Belgisiz va ogʻir bir kasal uni, xayriyat xirmonlarini yigʻishtirib olganidan keyin, koʻrpaga agʻanatib, ogʻir tavakkal va mardlik bilan boʻlsa-da, oʻntatib qoʻydi.
Uyda vaqtida, aksari, kichkina qora qoʻllari bilan oʻz otasining uzun va qotma oyoqlarini, kichkina va serajin peshanali boshini uqalarkan, Hojar qora koʻzlari bilan endi mungli-mungli otasiga qarab, yana oʻsha gapni qilardi:
– Bilagingdagi kuchga ishonib kolxozga kirmay kelarding. Xoʻp, mayli. Axir, mana munaqa kasal boʻlush bor. Oʻzing ham qarib kelayapsan… Bilagingdagi kuch hadeb bir xilda turaberadimi?
Chol esa oʻntash nidolari bilan birga hamon oʻsha oʻjarlik gapini qilardi.
Bir kun Hojar chidayolmadi. Otasini yana oʻsha xilda uqalab turib koʻziga yosh olib yubordi. Chol buni koʻrdi. Avval dard zoʻri bilan sal-pal titrab, uchib turgan lablarini birozgina yoya tushib, undan keyin otalarga xos bir muhabbat bilan muloyim qilib dedi:
– Erta-indin “yo Oblo!” deb turib ketaman, xudo xohlasa! Koʻz yoshi qilganingga arziydimi, qizim?
Xoʻrsinishdan toʻlib turgan ovozi bilan boʻlib-boʻlib javob qildi:
– Ilohim… Tuzalib ketgin… Tuzalib ketasan… Tuzalib ketkin-u… ishqilib… yana kasal boʻlish bor… oʻlush bor…
Xoʻrsinishdan ovozi bugʻozigʻa tiqilib, uyogʻini aytolmasdan toʻxtadi. Koʻzidagi marvarid donalari tegirmon doʻlidan tushayotgan bugʻdoy toʻqaloqlari singari bir-bir ketin chizilishib tushardilar. Chol ham horgʻin koʻzlariga yosh olib yubordi.
– Qoʻy, qizim, yigʻlama… yigʻlama…
– Yigʻlamay nima qilay? Boshimizda oʻlum bor… Choʻjabirday jonmiz… Oyim ham qarib, darmondan ketib qoldi. Osh suvga zoʻrgʻa yarab turibdi… Hammamiz yosh choʻjalar boʻlsak… Kim topib-turib keltiradi?
Chol yonida turgʻan kattakon qora katak roʻmolni Hojarga uzatdi:
– Ma, koʻzingni art. Yigʻlama…
Soʻngra roʻmolning bir uchi bilan koʻzini artayotgan qiziga yengil bir kulimsirash bilan qaradi-da, burungi soʻziga ilova qildi:
– Yigʻlama, qizim. Sermalib oʻrnimdan turgan kunim “Hulkar yulduz” kolxoziga ariza beraman. Yigʻlama.
***
Hojarni sevintirgan bu niyat, afsuski, niyatdan nariga oʻtmadi. Cholning kolxozga kirmaslik toʻgʻrisidagi oʻjar fikrini koʻz yoshlari bilan yenggan Hojar otasining din xurofotlariga qul boʻlishdan kelgan qaysarligini yenga olmadi. Dardi kundan kunga zoʻraygani holda chol doktor keltirishga sira unamas, allaqaydagʻi savodsiz va iflos tabiblarning gumonlik haplarini kap otardi. Hojarning koʻz yoshlari burungidan necha barobar koʻp toʻkildi. Lekin dindor otaning bu qorongʻi dargohiga doktor oyogʻi yetmasdan, Maqsud chol “Yasin” oʻqub turgʻan keksa imomning yoqimsiz qiroati ostida jon berdi…
Kech kuz fasli edi. Kuz shamoli yer betini toʻldirib yotgan xazonlarni dast koʻtarib, pirpiratib oʻynardi.
U barglarning shitirragan zaif ovozlariga Hojarning darmonsiz va bolalarcha qaltiragʻan tovushi qoʻshuldi.
Cholning oʻluguni butun kolxozchilar oʻrtaga olishib ketarkan, oʻluk ketidan chopqillab ketayotgan Hojar otasining shunday yaxshi odamlardan chetda qolib oʻlganini oʻylar, yana battar kuyunardi…
Hojar aytgan ogʻir kunlar endi keldi. Bechora kampir uch yosh bolani toʻygʻazolmasdan entikardi. Kampirga kolxozdan yengilgina ish berdilar. Bu – muruvatdan kelgan narsaydi. Koʻprak umri bolalarni toʻygʻazishqa sarf boʻlgani uchun kampir u ishiga ham tuzuk-quruq qatnay olmas edi. Olis bir rayoʻnda hali yangigina tuzilgan bu kolxozda bola boqchasi, yasla va boshqa shu singari muassasalar yoʻlgʻa qoʻyulmagʻanlar; kolxozdan tashqarigʻa emas, oʻz aʼzolarigʻa muruvat qilishgʻa ham kolxozning kuchi kamlik qilardi.
Hojar oʻzi ham, oʻz yoshiga munosib ishlar topib, halitdan mehnat qilaturgʻan boʻldi. Bu ikkala yarim-yartining ishlab topgani butun besh ogʻizni yetarlik darajada toʻygʻazishqa kifoya qilmas edi. Holbuki… kichkina Hojarning kattakon umidlari bor. Nimalarni oʻylamaydi bu bir siqim vujud? Uning jindakkina miyasida qanday zoʻr xayollar qanot qoqmaydi?
Sodiq akaning katta oʻgʻli Hidoyat Toshkentda oʻquydi. Tunov kun Abdulla choʻloqning oʻgʻli pioner Shodmonga bir xat joʻnatibdi. Xat ichida uchta suvrat bor ekan. Pionerlar Shodmonni darrov oʻrtaga olishdi. Ovoz chiqarib oʻqudilar. Hojar butun agʻzo badani durkirab turib eshitdi. U tomonlarda shamsiya tutib osmondan yerga uchaturgʻan odamlar boʻlar ekan. Ularni shoʻro hukumat tilida “parashutchi” der ekan. “Parpi sutchi” deganday… shamsiyadan qanot taqib qushday uchaturgʻan odamgʻa qiz boʻlsang! Yo akang boʻlsa oʻshalardan biri! Hojar haligi xatni eshitib turib, ichiga sigʻmay ketganligidan, birdaniga ovoz solib qaqir-qaqir kulib yuborgan edi… Egamberdi puchuqning anavi uziqara* oʻgʻli Abdulla koʻpchilik oldida qiz bechorani uyaltirib, yomon tegishdi: “Hojarxonni oʻshanaqa parashutchiga bersang!..”
Hojar qochib ketdi u yerdan!
Uyga borgandan keyin xoʻrsinib toza yigʻladi. Ukalari katta boʻlguncha u endi qishloqdan ketolmaydi. Oʻqush qay yoqda? Bolalarga kim qaraydi? Kampir kundan-kun darmondan ketayotibdi…
Maqsud cholning imoratlari durustgina boʻlganidan u joyni kolxoz olib, allaqanday bir idora ochaturgʻan boʻldi. Hojarlar oilasiga kichkina bir joy berdilar. Ustiga biroz pul, un, guruch va boshqa ozuq-ovqat qoʻshdilar. Xayriyat, u ham besh-toʻrt oy yetib berdi. Toʻrt-besh oy, undan keyin yana qiyinliq boshlandi.
Hojarning yosh umri shu bilan, ishlab-ishlab xazon boʻlarmikin? Osmonda uchush tugul, Toshkentdagi katta-katta maktab tugul, shahardagi mundayroq maktablarga ham ketalmasmikin Hojar? Yomon alam qiladi! Yomon!
Yigʻlaydi Hojar. “Pioner yigʻlamasin” degan boʻlsa ham, birovga koʻrsatmasdan, yashirinib-yashirinib, achchigʻ-achchigʻ yigʻlaydi qiz bechora.
***
Katta hovlidan kichik hovliga koʻcharkan, butun koʻchni kampir bilan Hojar oʻzi tashidi. Kichkina ukalari ham yengilroq narsalarni tashib berishdi.
Kampir soʻzlandi:
– Yaxshi joyni olib, yomonni bergan kolxozing bitta-yarimta odam bersa boʻlmasmidi?
Kichkina qiz katta onaga nasihat qildi:
– Koyima, oyi. Mayli, bir ish qilib, oʻzimiz tashib olarmiz. Shu topda ayni ish vaqti. Hamma tolada. Qoʻlidan ish kelaturgʻanlar hammasi kolxoz tolasida. Bu yil kolxozimiz oldinga chiqmoqchi. Chiqadi, chiqadi albatta, oyi! Koʻrasan yaqinda, koʻrasan mana!
Oʻsha kuni kun botib, qorongʻi tushganda, ona-bola zoʻrgʻa koʻchib boʻldilar. Kambagʻal odamning qoqlanib qolgʻan roʻzgʻorida nima boridiki, muncha uzoq tashisinlar? Hamma shunday deydi. Bunga Hojarning achchigʻi keladi, kuyunadi. “Yoʻqman desang, koʻchib koʻr” degan gap bor. Undan keyin, u hovli bilan bu hovlining orasi ancha olis. Shuncha yerga ikki nimjon narsa ozgina roʻzgʻorni tashib olguncha ham qiynalmaydimi? Kichik hovlini tozalash, supurish-sidirishlarni aytmaydimi? Osonmi?
Ertasi kuni erta bilan kampir Hojarni katta hovliga yubordi.
– Bir borib u yoq-bu yoqni qara, hech narsa yoʻqmikin? Tagʻin biron narsa qolib ketgan boʻlmasin.
Hojar borganda kolxoz odamlari hovlini tozalab turgan edi. Ulardan bittasi:
– Hoy, Hojar, oʻynayturgʻan suvratlaring qolib ketibdi. Ma, ol, oʻzing oʻynamasang ukalaring oʻynar,- dedi.
Bir gazetaga oʻralgan suvrat qogʻozlarni berdi.
Hojar suyundi. Kichkina uyga bu suvratlarni xamir bilan yopishtirib qoʻysa, kolxoz idorasiga oʻxshab qoladi. Biror joydan Oxunboboyev bilan Telmanning suratini topsa, juda ham soz boʻladi. Shunday shirin xayollar bilan Hojar, onasining urushganiga qaramasdan, hamma suratlik va naqshlik qogʻozlarni uyning bir tokchasiga yopishtirib chiqdi. Onasi kampir yana soʻzlandi: «Namoz “qub boʻlmaydi”,- dedi. Hojar esa orqaga tisarilib, – qoʻlini durbin qilib – qayta-qayta qaradi, suyundi. “Namozi nimasi?” – dedi avval. Onasi qattiq urushib bergandan keyin past tushdi:
– Xayr, mayli, oyi! Siz keksa odamsiz. Namoz oʻqiyman desangiz, oʻz ixtiyoringiz. Mayli, oyi. Suvratga teskari qarab oʻquy bering namozingizni!
***
Boshda sagʻir ukalarini boqishda keksa onasiga yordamlashmak uchun kolxozning mayda-chuyda ishlarini qilib yurgan Hojar, keyincha, kolxoz ishlariga astoydil kirishib ketganini oʻzi ham sezmay qoldi. Bolalarning tarbiyasi bilan shugʻullanaturgʻan rayoʻn uyushmalari buni vaqtida payqadilar. Shu bilan uch kolxozning bir markazga uyushgan bolalariga Hojar Maqsud qizi boshliq boʻldi. Endi uni rayoʻn markazida va boshqa kolxozlarda tez-tez koʻraturgʻan boʻldilar.
“Hulkar yulduz” kolxoziga bir kun rayoʻn maorifidan bir qogʻoz keldi. Bu Toshkentdagi bir maktabga oldingi kolxoz uchun berilgan oʻrun edi. Kolxoz bolalari oʻzlari idoraga kelishib, Hojarning yuborilishini soʻradilar.
Hojar yoʻllanmalarini olib Toshkentga joʻnadi. Kolxoz pionerlari oʻz rahbarlarini juda issiq kuzatdilar. Kolxoz Hojarning onasini oʻz qatorigʻa olgʻan, yana oʻsha uch kolxozning bolalar yaslasiga bola qarovchi qilib qoʻygʻan edi.
Hojarning koʻngli toʻq, oʻqishlari yaxshi boradi. Oʻqushda olaturgʻan darajalaridan oʻqituvchilari ham xursand, oʻzi ham xursand.
U oʻzi doqtorliqqa oʻquydi. Darsini yaxshi bilib, muvaffaqiyat qozongʻan vaqtida rahmatlik otasini oʻylaydi. Koʻz oldiga tabiblar, domlalar, “Yasin”lar keladi. Bu narsa uning gʻayratini beshbattar oshiradi.
Qish oʻrtasida Toshkentga Hojarnikiga mehmonlar kelishdi. Ular: uning onasi, kolxozdan bir yosh yigit va Hojarning eng kichik ukasi Sulton edi.
Burungiga qaraganda ancha yasharib ketgani kulimsirovchi yuzlaridan koʻrinib turgan kampir yotoqxona qizlarini tegrasiga toʻplab, konfet bilan choy icharkan, bu qish safarining sabablarini anglatadi:
– Bu qizi tushmagur, uyimizning ichini suvratga toʻlgʻazib yuborgʻan. Gazetalardagi suvratlarni kesib olib, uyning toʻrt tomoniga yopishtirib tashlagan. Namozimni qish kunlari ham ayvonga chiqib oʻquyman, aylanaylar!
Bir kun ikkita yosh-yosh qiz bilan bir katta kishi qoʻllarida daftarlar, qalam-qogʻozlar bilan kirib kelsa, qoʻrqib ketibman: “Chol rahmatlikning qarzi-marzi boʻlsa roʻzgʻorni xatlagani keldimi, xudo urib!” – debman.
Keyin bilsam ular zayom soʻrushturub yurgan kishilar ekan. “Menda zayom nima qilsin? Men bir tul kampir boʻlsam?” – dedim. “U yoq-bu yoqni qarang, cholingizdan qolgan bitta-yarimta zayom bordir”,- deyishdi. Achchigʻim keldi: “Zayom yoʻq, – deb qichqirdim, – ishonmasanglar, oʻzinglar qaranglar!”
Qiz oʻlgurlarning biri sekingina uyga kirib tokchadagi kosalar, chinnilar, laganlarning ichini axtara boshladi. Uning ketidan yana bittasi kirdi. Bunisining koʻzi dovoldagi suratga tushib, “Ana zayom!” deb qichqirmasinmi? Bu qiz oʻlmagur, hukumatning zayom qogʻozini dovolga yopishtirib qoʻyibdi! Daftarlarini qarashti, dovoldagi suratlarni qarashti, xoʻb qarashgʻandan keyin hammalari birdan: “Yutuq bor ekan!” – deb baqirishdi. Men yutugʻini qaydan bilay?
Qoʻlimga besh yuz soʻmga yaqin pul tekkanidan keyin ana u Usmonalini kolxozdan soʻrab olib, buyoqqa tomon yoʻl soldim. Munaqa gaplar bor ekan dunyoda-yu! Munaqa yurtlar bor ekan-u! Muncha odm koʻp ekan bu yer yuzida! Dunyoning keti muncha ham keng ekan, aylanaylar!
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|